O‘zbekiston | 16:33
7332
7 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda bolasini sotmoqchi bo‘lgan ayol 3 yilga qamaldi: 6 bola va nogiron er qarovsiz qoldi

Jarqo‘rg‘on tumanida 36 yoshli ayol 7 kunlik chaqalog‘ini sotmoqchi bo‘lganida tezkor tadbirda ushlangan. 6 nafar farzandi bo‘lgan, turmush o‘rtog‘i nogiron ayol oilaviy sharoiti og‘irligi, yashash uyi yo‘qligi sababli shu ishga majbur bo‘lganini aytgan. Sud unga 3 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Apellyatsiya sudi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan. Oldinroq shu kabi ishda apellyatsiya sudi sudlanuvchiga shartli jazo qo‘llab, uning moddiy ahvolini yaxshilash bo‘yicha mahalliy hokimlikka xususiy ajrim kiritgandi.

Foto: Videodan kadr

Sud zalidan qamoqqa...

Kun.uz o‘rgangan sud hujjatida keltirilishicha, 1989 yilda tug‘ilgan Matluba Karimova 2024 yil 6 noyabr kuni tug‘ilgan o‘g‘il farzandini 62 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan. U 2024 yil 13 noyabr kuni Surxondaryo viloyati Transportda XTB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mijoz sifatida jalb qilingan shaxsdan 62 mln so‘mni olganda ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tuman sudining 2025 yil 14 yanvardagi hukmi bilan Matluba Karimova Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilangan.

Apellyatsiyada o‘zgarmagan hukm

Matluba Karimova sud hukmidan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati kiritgan. U apellyatsiya shikoyatida aybiga iqror va pushaymonligini, qaramog‘ida 6 farzandi borligini, oilaviy ahvoli og‘irligini aytib, o‘ziga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan. Biroq Surxondaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 18 fevraldagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Uyimiz yo‘q, erim nogiron”

Ayol suddagi ko‘rsatmasida bu ishni uy olish uchun qilishga majbur bo‘lganini ta’kidlagan.

6 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im 2-guruh nogironi. Men va turmush o‘rtog‘im hech qayerda ishlamaymiz. Oilaviy sharoitimiz og‘ir. Yashash uyimiz yo‘qligi sababli ijarada turamiz. Uy sotib olish maqsadida pul kerak bo‘lgani uchun farzandimni sotishga uringandim. Qilgan ishimdan chin ko‘ngildan pushaymonman. Qaramog‘imda voyaga yetmagan farzandlarim bor. Oilaviy sharoitim og‘irligini inobatga olib yengillik berishingizni so‘rayman”, degan u ko‘rsatmasida.

Sud hay’ati Matluba Karimovaning muqaddam sudlanmagani, ayolligi, oilaviy sharoiti og‘irligi, qilmishidan pushaymonligini jazoni yengillashtiruvchi, jinoyatni “g‘arazli-past niyatlarda sodir qilgani”ni esa jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar deb hisoblagan.

O‘xshash ishlar

Shunga o‘xshash holat oldinroq Toshkent viloyatining Qibray tumanida ham sodir bo‘lgandi. 35 yoshli Zulxumor Abdurahimova 10 yoshli qizini sotganlikda ayblanib, sud hukmi bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Zulxumor ham oilada yolg‘iz boquvchi, qolaversa o‘g‘li nogiron bo‘lgan. U sud majlisida farzandini sotish niyati bo‘lmaganini, uni boqish uchun o‘ziga to‘q oilaga berish niyati bo‘lganini aytgan.

Kun.uz surishtiruvidan so‘ng apellyatsiya instansiya sudi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgartirilgandi. Ya’ni ayolga qo‘llangan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil muddatga tushirilgan va jazo shartli hisoblanib, 2 yil sinov muddati belgilan hamda ayol sud zalida qamoqdan ozod qilingan edi.

Fohishalik uchun odam sotganlar ochiqda

Samarqand shahrida yashovchi 41 yoshli L.R. (erkak) 2024 yil iyul oyida tanishi Z.Sh.ni fohishalik bilan shug‘ullanish uchun Dubay shahriga yubormoqchi bo‘ladi. U ayolga Dubayda yaxshi ish haqi to‘lanishi, barcha sharoitlar mavjudligi to‘g‘risida yolg‘on va’dalar bergan.

L.R. bu orqali moddiy manfaat ko‘rishni maqsad qilgan: “Dilya” va “Alsu” ismli shaxslardan tanishi Z.Sh.ni topib berayotgani va ko‘ndirgani evaziga 3 ming AQSh dollari so‘ragan. U 2024 yil 1 avgust kuni soat 22:00 da Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 3 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.

Sud L.R.ni Jinoyat kodeksi 135-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topgan hamda unga 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlagan.

Farg‘ona shahrida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan M.A. (ayol) esa G‘allaorol tumanida yashovchi N.J.ni fohishalik qilishi uchun Moskva shahriga olib ketayotganida Samarqand xalqaro aeroportida ushlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin tuman sudining 2025 yil 15 yanvardagi humi bilan ayolga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Nogiron er va 6 bolaga kim qaraydi?

Zulxumor Abdurahimova ishida apellyatsiya instansiya sudi ajrimi bilan 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil muddatga tushirilgan, shuningdek, jazo shartli hisoblangan holda 2 yil sinov muddati belgilanib, ayol sud zalida qamoqdan ozod qilingandi. Bundan tashqari, sud Zulxumor Abdurahimovaning moddiy ahvolini yaxshilash bo‘yicha Qibray tuman hokimligiga xususiy ajrim kiritgan.

Demak, bu huquqiy tomondan mumkin. Ammo Matluba Karimova ishida apellyatsiya sudi ayolning 6 farzandi bo‘lsa-da, qolaversa, turmush o‘rtog‘i nogiron ekanini bilgan holda 3 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘zgartirmagan.

To‘g‘ri, ayol adashgan, uni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi. Biroq u bu ishga oilaviy ahvolidan kelib chiqib, majburlikdan qo‘l urgani ko‘rinib turibdi. Buni o‘zi ham sudda bir necha bor takrorlagan, qilmishidan pushaymondaligini aytgan, yengillik so‘ragan. Bunday vaziyatda onani 6 bolasidan uzoqlashtirib, o‘zi qiyin ahvoldagi uysiz oilani butunlay og‘ir vaziyatga tushirib qo‘yish qanchalik adolatli qaror? Ayol qamoqda: endi nogiron er va 6 bolaga kim qaraydi?

Rezultat”ni odamgarchilik orqali qilsa bo‘lmaydimi?

Jarqo‘rg‘ondagi bu jinoyat o‘z o‘zidan sodir bo‘lmagan. Buni huquqni muhofaza qiluvchi organ – Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi atay uyushtirgan. Chunki sud hukmida yozilishicha, bolaning xaridori “tadbirga mijoz sifatida jalb qilingan”. Shuning o‘zi ham bu “rezultat” uchun yasalgan jinoyat ekaniga ishora emasmi? Binobarin, ona bolasini sotayotgani haqida xabar topgan ichki ishlar organi profilaktik suhbat yo‘li bilan bu holatning oldini olishi ham mumkin edi.

Oilaning ahvolini ko‘ra-bila turib, shu jazoni tanlagan sudya Toxir Bekpo‘latov hamda bu jazoni “to‘g‘ri” degan sudya O.Ergashev, hay’at sudyalari A.Shomurodov va J.Xudoyberdiyevning ta’rifiga til ojiz.

Ruslan Saburov
Kun.uz

Mavzuga oid