Jahon | 19:25 / 17.03.2025
2350
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Meksika chegarasida noqonuniy tuxum savdosi keskin oshib ketdi

AQShda parranda grippi sabab tuxum yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Shu bois odamlar tuxumni Meksika va Kanadadan noqonuniy yo‘llar bilan olib kirishga o‘tgan.

Foto: CBP

AQShda tuxum narxining keskin oshishi kutilmagan noqonuniy faoliyat — Meksikadan tuxumni chegaradan olib o‘tish holatlarining ko‘payishiga olib keldi. The Wall Street Journal’ning yozishicha, AQShda tuxum narxi qimmatlashgani bois odamlar uni Meksika va Kanadadan olib kirmoqda.

Qayd etilishicha, importning bunday turi taqiqlangan, chunki tuxum rasmiy tekshiruvlardan o‘tkazilmagan holda chegaradan olib o‘tilmoqda va u kasallangan bo‘lishi mumkin. AQShning o‘zida esa parranda grippi avj olgan.

AQSh Bojxona-chegara xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, joriy moliyaviy yilda tuxum bilan bog‘liq to‘xtatib qolingan jo‘natmalar soni o‘tgan yilga nisbatan 36 foizga oshgan. Texas bilan chegaradagi ayrim hududlarda tuxum kontrabandasi 54 foizga ko‘paygan. San-Diyegoda esa bu kabi holatlar ikki barobardan ko‘proq qayd etilmoqda.

Fevral oyida AQShda qadoqdagi 10 ta tuxumning o‘rtacha narxi 5,90 dollarga yetgan — bu rekord. O‘tgan yili uning narxi 3 dollarni tashkil etgandi. Shu bilan birga, ayrim do‘konlarda 10 dona tuxum narxi 10 dollargacha ko‘tarilgan.

Avvalroq AQSh parranda grippi sabab yuzaga kelgan tovuq tuxumlari yetishmovchiligi fonida Yevropa davlatlariga, xususan, Finlandiyaga ushbu masalada yordam so‘rab murojaat qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. O‘z navbatida Shvetsiya va Finlandiya AQShga ushbu mahsulotni yetkazib berishdan bosh tortgan.

Mavzuga oid