Jahon | 09:39
4000
3 daqiqa o‘qiladi

ST: Ukrainaga 10 000 dan ortiq tinchlikparvarlar borishi mumkin

Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Ukraina uchun G‘arb tinchlikparvar kuchlarini yaratish rejalarini bayon qildi. U «uchdan ortiq mamlakat»ning qo‘llab-quvvatlashiga erishdi, deb yozadi The Sunday Times.

Foto: LEON NEAL/GETTY IMAGES

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bir kun avval bo‘lib o‘tgan YeI yetakchilari va NATO vakillarining onlayn konferensiyasida Ukraina uchun 10 mingdan ortiq kishilik G‘arb tinchlikparvar kuchlarini yaratish rejalarini aytib o‘tdi, deb xabar berdi Britaniyaning The Sunday Times (ST) gazetasi 16 mart, yakshanba kuni yig‘ilishda ishtirok etgan manbalarga tayanib.

«Hukumatdagi yuqori martabali manbalar bosh vazir quruqlikdagi qo‘shinlarni taqdim etishni taklif qilgan uchta davlatdan ko‘ra «sezilarli ko‘proq» davlatlarning qo‘llab-quvvatlashini ta’minlaganini aytdi, ammo bu kuchlarning asosiy qismi Buyuk Britaniya va Fransiyadan kelishi mumkin», deb yozadi gazeta va Rossiya harbiy hujumidan to‘rt yildan beri himoyalanayotgan davlat sa’y-harakatlariga «muhim kuchlar» va «katta davlatlarning» jalb qilinganini qo‘shimcha qildi. Ko‘proq davlatlar «boshqa yo‘llar bilan o‘z hissalarini qo‘shadilar», deb yozadi The Sunday Times  Britaniya hukumatining yuqori martabali amaldoridan iqtibos keltirgan holda.

Jami 35 ga yaqin davlat missiyaga qurol yetkazib berish hamda logistika va razvedka yordamini ko‘rsatishga kelishib oldi, deb yozadi gazeta. Yig‘ilish ishtirokchilarining fikricha, bu «Rossiya va Ukraina o‘rtasida o‘t ochish to‘xtatilgan taqdirda» Kremlni yangi bosqinni boshlashdan qaytarishi mumkin. Starmerning o‘zi ko‘p millatli tinchlikparvar kuchlarni yaratish rejalari «operativ bosqich»ga o‘tayotganini aytdi.

Parij va London Ukrainada bir oylik sulhni taklif qildi

Fransiya va Britaniya Rossiya va Ukraina o‘rtasida bir oylik qisman sulh tuzishni taklif qilmoqda. Fransiya davlati rahbari Emmanuel Makron 2 mart kuni Le Figaro gazetasiga intervyu berdi.

Makronning aytishicha, o‘t ochishni to‘xtatish havo va dengiz zarbalari hamda energetika infratuzilmasiga hujumlarni to‘xtatishga qadar cho‘zilishi mumkin.

«O‘t ochishni to‘xtatish bo‘lsa, (u) frontda amalda ekani yoki yo‘qligini tekshirish juda qiyin bo‘ladi», deb ta’kidladi Emmanuel Makron va front chizig‘ining uzunligi Parijdan Budapeshtgacha bo‘lgan masofaga teng ekanligini qo‘shimcha qildi.

Mavzuga oid