Tailand xorijiy sayyohlarning mamlakatda vizasiz qolish muddatini ikki baravar qisqartirmoqchi
Mamlakatda noqonuniy ishlayotgan yoki biznes olib borayotgan chet elliklar soni ko‘paytgan. Shu bois chet ellik turistlarning Tailandda vizasiz qolish muddati 30 kungacha qisqartirilishi mumkin.

Foto: Bangkok Post
Tailand hukumati chet ellik turistlarning qirollikka vizasiz tashrif buyurish muddatini 30 kungacha qadar qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat Turizm va sport vazirligiga tayanib, Bangkok Post gazetasi xabar berdi.
«Tailandda noqonuniy biznes olib borish xavfini kamaytirish maqsadida mamlakatda vizasiz qolish muddatini 60 kundan 30 kunga qisqartirish rejalashtirilmoqda. Biroq qo‘shimcha tafsilotlar hali muhokama jarayonida», — deyiladi xabarda.
Gazetaning qayd etishicha, Tailandda noqonuniy ishlayotgan yoki biznes olib borayotgan chet elliklar soni ko‘paytgan. Bunday holatlarga qarshi kurashish maqsadida Pxuket va boshqa mashhur beshta kurort — Chiangmay, Pattaya, Xuaxin, Samui oroli va Bangkokda muntazam tekshiruvlar o‘tkazilmoqda.
«2024 yilda turizm departamenti 40 ta kompaniyaning litsenziyasini chaqirib olgan, chunki ular vakolatli direktorlarni yashirincha almashtirish, direktorlar va aksiyadorlar o‘rtasidagi nisbatni buzishda aybdor deb topilgan. Bu esa ularning turizm faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilinishiga olib kelgan», — deb yozadi nashr.
Tailanddagi kompaniyalar ham yuzaga kelgan vaziyatdan xavotirini bildirgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, uzoq mamlakatlardan keluvchi turistlar qirollikda o‘rtacha 14-21 kun qoladi, qo‘shni davlatlardan keladigan sayyohlar esa o‘rtacha yetti kun Tailandda bo‘ladi.
Avvalroq Tailandda 2025 yil oxiridan boshlab mamlakatga tashrif buyuradigan chet ellik sayyohlardan 300 bat (8,8 AQSh dollari) miqdorida soliq undirilishi to‘g‘risida xabar berilgandi. Soliqdan tushgan mablag‘lar sayyohlar hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urta qilishga yo‘naltiriladi — shu orqali ular mamlakatda yanada xavfsiz hordiq chiqarishlari mumkin bo‘ladi.
Mavzuga oid

23:57 / 02.05.2025
Tailandda Sibir kuydirgisidan birinchi o‘lim holati qayd etildi

19:45 / 28.04.2025
Tailandga boradiganlar uchun yangi talab joriy etildi

17:41 / 25.04.2025
Tailand politsiyasiga tegishli samolyot qulashi oqibatida olti kishi halok bo‘ldi

07:09 / 23.04.2025