Jahon | 03:50 / 17.03.2025
6110
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy tinchlik bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etadigan Ukraina delegatsiyasi tarkibini tasdiqladi

Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak ushbu delegatsiyaga boshchilik qiladi. Shuningdek, u TIV bilan kelishgan holda muzokaralarga boshqalarni ham jalb etishi mumkin.

Foto: Telegram / Andrey Yermak

Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak Rossiya bilan urushni yakunlash bo‘yicha o‘tkaziladigan muzokaralarda ishtirok etuvchi delegatsiyaga boshchilik qiladi. Shuningdek, Yermakning o‘rinbosari Pavlo Palisa, tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga va mudofaa vaziri Rustem Umerov ham delegatsiya tarkibidan o‘rin oladi. Ushbu tarkibni prezident Volodimir Zelenskiy tasdiqladi. Ular 11 mart kuni Saudiya Arabistonida AQSh bilan o‘tkazilgan muzokaralarda ham ishtirok etgan edi.

Ta’kidlanishicha, delegatsiya xalqaro sheriklar bilan hamkorlik qilish va «adolatli tinchlikka erishish» maqsadida tuzilgan. Zarur bo‘lsa, Yermak Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishgan holda uning tarkibini o‘zgartirishi, shuningdek, davlat organlari xodimlari, ilmiy maslahatchilar va ekspertlarni ishga jalb qilishi mumkin. Jidda muzokaralari chog‘ida Ukraina AQShning 30 kunlik sulh taklifiga rozi bo‘ldi, biroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin bunga darhol rozi bo‘lishdan bosh tortdi va avvalo tafsilotlarni muhokama qilish kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, u Ukraina ushbu davrda qurol-yarog‘ qabul qilish, safarbarlik o‘tkazish va harbiy tayyorgarlikni to‘xtatishi kerakligiga oid shartlarni ilgari surdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Kreml o‘z pozitsiyasini 17 martda aniqlashtirishini kutmoqda. O‘z navbatida, Zelenskiy Rossiya jarayonni ataylab cho‘zayotgani, chunki u jang maydonida o‘z holatini yaxshilashni maqsad qilganini bildirdi. Shunga qaramay, Ukraina allaqachon ehtimoliy sulhni tayyorlash va monitoring qilish uchun mas’ul bo‘ladigan jamoani shakllantirmoqda. Uning asosiy vazifasi – o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qanday rioya etilishini nazorat qilishdir.

«Bu juda qiyin. Bizda achchiq tajriba bor: 25 marta o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilingan, ammo ularning barchasi Rossiya tomonidan buzilgan... Shu bois biz ular tomonidan provokatsiyalarni kutishimiz mumkin va front chizig‘ini yoki hozirgi bosqichda front deb hisoblanishi mumkin bo‘lgan hududni nazorat qilish uchun tegishli mexanizm zarur», — deydi TIV rahbari Andrey Sibiga. Shuningdek, uning ta’kidlashicha, har kuni 1300 kilometr uzunlikdagi front chizig‘ida to‘qnashuvlar sodir bo‘lmoqda va monitoringni ta’minlash uchun «qandaydir xalqaro tashkilot» homiyligida kuzatuvchilarni jalb qilish kerak.

Shuningdek, u Rossiyaga bosim o‘tkazish va uni o‘t ochishni to‘xtatish taklifini qabul qilishga majburlashga chaqirdi. Bu esa kelgusida muzokaralar stoliga o‘tirish va uzoq muddatli hamda adolatli tinchlikka erishish yo‘lini izlash imkonini beradi.

Bundan tashqari, Sibiga u «dunyoning hech bir davlati ukrain xalqining istalgan ittifoqqa qo‘shilish haqidagi tanloviga to‘sqinlik qilishga yoki mamlakatning harbiy imkoniyatlariga cheklov qo‘yishga haqli emas»ligini qayd etdi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid