Jamiyat | 10:03
3340
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yo‘l haqi uchun naqd pul talab qilgan avtobus haydovchisi ishdan olindi

«Toshshahartransxizmat»ga ko‘ra, haydovchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Holat bo‘yicha hujjatlar huquq-tartibot organlariga yuborildi.

Foto: fotobus.me/Gemini

Ijtimoiy tarmoqlarda «Toshshahartransxizmat» AJning «2-avtobus saroyi» filiali tasarrufidagi Yutong rusumli 72-sonli yo‘nalishda harakatlanuvchi avtobus haydovchisi hamda sohaga begona bo‘lgan fuqaro tomonidan avtobus salonining chiroqlarini o‘chirgan holda yo‘lovchilardan yo‘l haqi uchun naqd pul talab qilganligi holati haqida post joylashtirildi.

«Toshshahartransxizmat» xabariga ko‘ra, postda keltirilgan holat 2025 yilning 14 mart kuni «Toshshahartransxizmat» AJning  «2-avtobus saroyi» filiali mas’ul xodimlari tomonidan avtobus saloniga o‘rnatilgan videokuzatuv moslamalari tekshirilganda yuqorida keltirilgan holat haqiqatda sodir bo‘lganligi ma’lum bo‘ldi.

Shu kuni holat yuzasidan «2-avtobus saroyi» filiali direktori, filial mas’ul xodimlari, filial tasarrufidagi yo‘nalish haydovchilari hamda 72-sonli yo‘nalish haydovchisi bilan birgalikda tezkor tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda haydovchining sodir etgan qoidabuzarligi muhokama qilinib, korxona ichki tartib intizomini o‘ta qo‘pol ravishda buzganligi uchun haydovchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Shuningdek, mazkur holat bo‘yicha haydovchi J.X.ning sodir etgan qoidabuzarligiga huquqiy baho olish maqsadida, hujjatlar to‘plami huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan.

Mavzuga oid