Jahon | 22:26 / 19.03.2025
4145
3 daqiqa o‘qiladi

Putin Rossiya Odessaga da’vo qilmasligi shartini aytgan – «Kommersant»

Rossiya va Amerika prezidentlari o‘rtasidagi muloqotda aytarli hech narsa hal bo‘lmadi. Bu suhbatning ohangidan taxmin qilsak bo‘ladiki, Tramp Putinni muzokaralarda yon berishga ko‘ndira olmaydi. Vaholanki, urushni tinchitaman deyotgan Tramp har ikki tomon kerak bo‘lsa hududiy yon berib kelishuv imzolashini aytgandi. Biroq bunaqa yumshoq pozitsiya bilan Putinni yon berishga majburlab bo‘lmasligi aniq.

Shu kunlarda Rossiyaning «Kommersant» nashrida qiziq reportaj e’lon qilindi. Bu gazetada Andrey Kolesnikov degan jurnalist bor, u Putin qatnashgan tadbirlardan yozma reportajlar tayyorlaydi. Urush targ‘ibotchisi bo‘lgan Kolesnikov Rossiya prezidenti qatnashgan navbatdagi tadbir haqida maqola yozib, unda Putin yopiq majlisda nimalar deganini ham keltirdi.

Kolesnikov bu gal Putinning tadbirkorlar bilan uchrashuvini yoritdi. Moskvadagi «Musiqa uyi»da o‘tkazilgan tadbirda Rossiya biznesi va harbiy sanoat korxonalarining yirik vakillari ishtirok etgan. Kolesnikovning yozishicha, Putin tadbirkorlar bilan yopiq uchrashuvda agar G‘arb Qrimni Rossiyaniki deb tan olib, «LDXR» avtonomiyasini qabul qilsa, Rossiya «maxsus harbiy amaliyot»ni boshlamagan bo‘lishini aytgan. Bilasiz, Rossiyada Ukrainaga bosqinni «maxsus harbiy amaliyot» deb atashadi. Urushni urush deb atash rasman taqiqlangan.

«Kommersant» manbalariga ko‘ra, urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarda Rossiya egallab olgan ukrain shaharlarini qaytarish masalasi muhokama qilinmayapti. «Qrim, Sevastopol, Luhansk, Donetsk, Xerson va Zaporijjya Rossiyaga tegishli hududlar deb tan olinishi kerak» degan gazeta manbalari. Ma’lumot uchun, bu hududlarning barchasi Ukrainaniki hisoblanadi. Yuqoridagi Qrimdan boshqa hududlarni Rossiya to‘liq nazorat qilmaydi ham.

Yopiq majlisda qatnashgan ishtirokchilarning aytishicha, Putin G‘arb Ukrainaning 5 hududini Rossiyaniki deb tan olsa, u Odessani ham olish fikridan qaytishi mumkin ekan. «Majlis ishtirokchilari menga aytishdiki, bu ish yaqin vaqt ichida sodir bo‘lsa, Rossiya Odessaga da’vo qilmaydi», deb yozadi Kolesnikov.

Muxbirning gapidan kelib chiqadiki, Rossiya yuqoridagi shartlar bajarilmasa, Ukrainadagi eng ruscha shaharlardan bo‘lmish Odessani ham olishga harakat qiladi. Odessa bilan chegarada esa Yevropadagi eng kambag‘al va kuchsiz, kichik bir davlat borligini bilsangiz kerak…

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid