Putin va Trampning navbatdagi muloqoti. Ular nimani kelishib oldi?
Tramp Ukrainada o‘t ochishni butunlay to‘xtatishni talab qilgan. Putin esa u bilan muzokaralarda amalda rad javobini bergan. Rossiya prezidenti tinchlik o‘rnatishni boshlash uchun «asosiy shart» sifatida Kiyevga harbiy yordam va razvedka ma’lumotlarini taqdim etishni to‘liq to‘xtatishni talab qildi.

Foto: Getty images
Donald Tramp va Vladimir Putin yana telefon orqali muloqot qildi – bu Tramp AQSh prezidenti lavozimini egallab, Ukrainadagi urushni to‘xtatish rejasini amalga oshirishni boshlaganidan beri ikkinchi muloqot bo‘ldi.
Suhbat yakunlari bo‘yicha Kreml nimalar dedi?
Kreml xabariga ko‘ra, Putin va Tramp telefon orqali «Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha batafsil va ochiq fikr almashishni davom ettirgan» va mojaroni hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish niyatini tasdiqlagan.
Putin Trampga Ukrainadagi vaziyatni hal qilish yo‘llarini birgalikda ishlab chiqishga tayyorligini aytgan, shuningdek, AQSh prezidentining Rossiya va Ukrainaning energetika infratuzilmasiga 30 kun davomida zarba berishdan o‘zaro tiyilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi va harbiylarga shunday buyruq berdi.
Putin 30 kun muddatga o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish rejimiga rioya etilishini nazorat qilish bilan bog‘liq «jiddiy xatarlar» haqida gapirgan. Bu masala bo‘yicha hech qanday kelishuvga erishilmadi. Ukraina AQSh taklifiga ko‘ra, o‘t ochishni butunlay to‘xtatishga rozi bo‘lgandi.
«AQSh prezidentining 30 kunlik sulh joriy etish tashabbusi kontekstida — Rossiya tomoni butun jangovar to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab mumkin bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish ustidan ta’sirchan nazoratni ta’minlash, Ukrainada majburiy safarbarlikni to‘xtatish va Ukraina qurolli kuchlarini qayta qurollantirish zarurati bilan bog‘liq bir qator muhim jihatlarni qayd etdi. Shuningdek, erishilgan kelishuvlarni bir necha bor sabotaj qilgan va buzgan Kiyev rejimining kelisha olmasligi bilan bog‘liq jiddiy xavflar qayd etildi», – deyiladi bayonotda.
Mojaroning avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik va uni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha ishlarning asosiy sharti Kiyevga xorijiy harbiy yordam va razvedka ma’lumotlarini berishni to‘liq to‘xtatish bo‘lishi kerakligi ta’kidlangan.
Shuningdek, Putin Trampga 19 mart kuni 175 ga 175 formatida harbiylar almashuvi o‘tkazilishini aytgan.
Kreml bayonotida aytilishicha, tomonlar Ukraina masalasini ikki tomonlama tartibda hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish niyatini tasdiqladi. Shu maqsadda Rossiya va Amerika ekspert guruhlarini tuzishga kelishib olgan.
Tramp Putinning NXL va KXLdagi rossiyalik hamda amerikalik yulduzlar ishtirokidagi hokkey bahsini tashkil bo‘yicha g‘oyasini ma’qullagan.
Oq uyda nima deyishdi?
Oq uyning bayonoti bir necha barobar qisqa bo‘lib chiqdi. Suhbat chog‘ida AQSh prezidentining rasmiy vakili Den Skavinoning muloqot «yaxshi ketayotgani» haqidagi so‘zlariga qaramay, Oq uyning yakuniy bayonotida Ukrainadagi urushga faqat ikki band bag‘ishlangan.
Ulardan birida shunday deyiladi: «Yetakchilar tinchlik sari harakat energetika va infratuzilmaga zarbalarni to‘xtatish, shuningdek, Qora dengizda o‘t ochishni to‘xtatish, o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish va doimiy tinchlikni amalga oshirish bo‘yicha texnik muzokaralardan boshlanishiga kelishib oldi. Bu muzokaralar Yaqin Sharqda darhol boshlanadi».
Shuningdek, Tramp va Putin strategik qurollarni tarqatishni to‘xtatish zarurligini muhokama qilgan va ulardan imkon qadar keng foydalanishni ta’minlash uchun uchinchi tomonlar bilan hamkorlik qilishini bildirgan. Ikkala yetakchi ham Eron hech qachon Isroilni yo‘q qila olmasligi kerak, degan fikrda.
Ikki davlat rahbarlari AQSh va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning yaxshilangan kelajagi ulkan salohiyatga ega ekani haqida gaplashgan. Bu ulkan iqtisodiy bitimlar va tinchlikka erishilganda geosiyosiy barqarorlikni o‘z ichiga oladi.
Biroz vaqt o‘tgach, Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Putin bilan aloqalarini yana bir bor «juda yaxshi va samarali» deb ta’rifladi. Tramp Putin bilan energetika obektlariga zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish haqida kelishib olganini ta’kidlagan.
Tramp Fox News uchun bergan intervyusida Putin bilan Kiyevga harbiy yordam masalasini muhokama qilmaganini aytdi va bu bilan Kreml bayonotiga zid fikr bildirdi. «Harbiy yordam haqida umuman gaplashganimiz yo‘q. Ko‘p narsa haqida gaplashdik, ammo harbiy yordam haqida so‘z bormadi», – dedi AQSh prezidenti.
Zelenskiy bunga qanday munosabat bildirdi?
Putin va Tramp o‘rtasidagi suhbatdan bir necha soat o‘tgach, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Amerika tomonidan suhbat tafsilotlarini kutayotganini ma’lum qildi.
Helsinkida bo‘lib turgan Zelenskiy jurnalistlarga Rossiya energetika infratuzilmasiga zarba berishni to‘xtatish taklifini qo‘llab-quvvatlashini (Rossiya tomonidan shunday qadam evaziga), biroq AQSh va Rossiya yetakchilarining muzokaralari haqida ko‘proq ma’lumot olishni istashini aytdi.
«Menimcha, agar biz prezident Tramp bilan suhbatlashsak va o‘shanda rossiyaliklar amerikaliklarga nima taklif qilganini yoki amerikaliklar rossiyaliklarga nima taklif qilganini batafsil bilib olsak, to‘g‘ri bo‘ladi», – dedi u.
Keyinroq Zelenskiy Putinning Tramp bilan suhbati chog‘ida tinchlikka tayyorligi haqidagi bayonotlariga qaramay, Rossiya Ukraina fuqarolik infratuzilmasiga hujum qilishda davom etayotganini aytdi.
«Bugun Putin amalda o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish taklifini rad etdi. Dunyo bunga javoban Putinning urushni cho‘zishga bo‘lgan har qanday urinishlarini rad etishi to‘g‘ri bo‘lardi», – dedi Ukraina prezidenti.
Ikki prezidentning suhbati taxminan bir yarim soat davom etdi.
Putin bilan suhbat arafasida AQSh prezidenti Air Force One bortida jurnalistlarga Rossiya prezidenti bilan suhbatda hududlar masalasini va Rossiya va Ukraina o‘rtasida «muayyan aktivlarni taqsimlash»ni muhokama qilishni rejalashtirayotganini aytgandi.
«Yer haqida gaplashamiz. Biz elektr stansiyalari haqida gaplashamiz», – dedi Tramp ikki tomonning yon berishi haqidagi savolga javob berar ekan va Rossiya harbiylari nazorati ostidagi Zaporijjya atom elektr stansiyasini nazarda tutgan holda. Oq uy matbuot kotibi ham Putin bilan suhbatda Zaporijjya AES atrofidagi vaziyatni muhokama qilish rejalashtirilganini tasdiqladi.
Biroz vaqt o‘tgach, Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Rossiya rahbari bilan Ukraina bo‘yicha tinchlik kelishuvining ko‘plab elementlari kelishilganini ta’kidlab, «hali qilinadigan ishlar ko‘pligi»ni qo‘shimcha qildi.
Bu AQSh va Rossiya prezidentlarining Tramp lavozimga kirishgan 20 yanvardan buyon ikkinchi rasmiy telefon muloqotidir. Birinchisi 12 fevral kuni bo‘lib o‘tgandi, uning yakunlariga ko‘ra Tramp va Putin Rossiyaning Ukraina bilan urushini to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga kelishib oldi.
AQSh 11 mart kuni Saudiya Arabistonida Ukraina tomoni bilan muzokaralarda Rossiya va Ukraina o‘rtasida 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etishni taklif qildi. Kiyev Rossiya tomonidan qabul qilinishi va bajarilishi sharti bilan vaqtinchalik sulhga rozi bo‘ldi.
13 mart kuni Putin Rossiya AQSh taklifini qo‘llab-quvvatlashini, ammo «nyuanslar borligi»ni aytdi. U, xususan, Kiyev bu vaqtdan qayta qurollanish uchun foydalanmasligiga kafolat berilishini talab qildi.
Mavzuga oid

22:09
Trampning Putin bilan kelishuviga qaramay, Rossiya va Ukraina energetika obektlarini o‘qqa tutishda davom etdi

21:16
Zelenskiy va Tramp telefon orqali muloqot qildi

17:56
Tramp noqonuniy migrantlarni «o‘z-o‘zini deportatsiya qilish»ga chaqirdi

16:57