Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiyadagi o‘zbekistonliklar provokatsion postlar va mitinglardan uzoqroq bo‘lishga chaqirildi
Turkiyada ijtimoiy tarmoqlarga «provokatsion postlar» joylagan 37 kishi hibsga olindi. Shu bois Istanbuldagi Bosh konsulxona O‘zbekiston fuqarolarini miting va ommaviy yig‘inlardan uzoqroq bo‘lishga chaqirmoqda.
O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi mamlakatda shu kunlarda bo‘layotgan turli norozilik namoyishlari va ommaviy yig‘ilishlar sababli fuqarolarni ehtiyotkorlikka chaqirdi.
Qayd etilishicha, Turkiya huquq-tartibot idoralari ijtimoiy tarmoqlarda «provokatsion postlar» joylashtirgan 261 kishini aniqlagan va 37 kishini hibsga olgan. «Shu sababli sizni ijtimoiy tarmoqlarda har qanday xabar yoki fikr bildirishda juda ehtiyot bo‘lishga chaqiramiz», — deyiladi konsulxona bayonotida.
Xavfsizlikni ta’minlash uchun quyidagilarga amal qilish so‘ralmoqda:
- har qanday norozilik namoyishlari, mitinglar va ommaviy yig‘inlardan uzoqroq bo‘lish;
- odam gavjum joylarga bormaslik va harakatlanish yo‘nalishingizni oldindan rejalashtirish;
- ijtimoiy tarmoqlarda ehtiyotkorlik bilan harakat qilish, provokatsion xabarlar joylashtirmaslik va tarqatmaslik;
- rasmiy xabarlarga e’tibor berish va vaziyat bo‘yicha yangiliklarni kuzatib borish;
- favqulodda holatlarda Bosh konsulxona bilan bog‘lanish (aloqa uchun: +90 553 541 17 17).
«Sizning xavfsizligingiz biz uchun muhim! Iloji boricha ehtiyot bo‘ling va huquq-tartibot idoralarining ko‘rsatmalariga rioya qiling», — deya yakunlanadi bayonot.
19 mart kuni Turkiya politsiyasi Istanbul shahri meri, muxolifatdagi Respublika xalq partiyasi vakili Akrom Imomo‘g‘lini hibsga oldi. Shahar hokimidan tashqari uning matbuot kotibi, shuningdek, shahar ma’muriyatining yana 100 ga yaqin xodimi hibsga olingan.
Imomo‘g‘li hibsga olinishi ortidan Turkiyada namoyishlar boshlandi. Istanbul viloyati gubernatorining keyingi to‘rt kun ichida ko‘chalarda aksiya o‘tkazishni taqiqlash to‘g‘risidagi buyrug‘i va shahar bo‘ylab ko‘p sonli politsiyachilar joylashtirilgani norozilik namoyishlari boshlanib ketishini to‘xtata olmadi. O‘z navbatida Yevropa davlatlari ham Istanbul meri qo‘lga olinganini qoralab chiqmoqda.
Mavzuga oid
15:02 / 23.05.2025
Istanbulda O‘zbekiston fuqarolarini ishga joylashtirish masalasi muhokama qilindi
19:10 / 17.05.2025
Istanbul aeroportida tanasiga oltin yashirgan o‘zbekistonlik ayollar ushlandi
13:33 / 17.05.2025
Tahdid va tarix haqida va’z: Istanbul muzokaralarida nimalar deyishdi?
18:23 / 16.05.2025