24 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Xorijda ishlab chiqarilgan avtomashinalar savdosida keskin pasayish, hisoblagich qiyoslov tekshirishidagi o‘zgarishlar, bog‘cha bolalariga berilgan yaroqsiz go‘sht va bolani kaltaklagan o‘g‘ri enagaga qamoq jazosi — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
«Inomarkalar» savdosida keskin pasayish
O‘zbekistonda xorijiy avtomobillar savdosi bir oy ichida ikki barobardan ko‘proqqa kamaydi. Bu notarif cheklovlar va avtopoligonlardagi texnik sinovlar sabab import hajmining keskin qisqarishi bilan bog‘lanmoqda.
Fevralda yangi xorijiy avtomobillar sotuvi keskin tushgan bo‘lsa, mahalliy mashinalar savdosi barqaror qoldi. Ikkilamchi bozorda ham faollik 16 foizga kamaydi. Elektromobillar savdosi oylikda 11 foizga pasaydi, biroq o‘tgan yilga nisbatan ikki baravar o‘sish qayd etildi.
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilning yanvar–fevral oylarida import 4 baravar kamayib, 17 mingdan 4,3 mingtaga tushdi. Benzinli, gibrid va elektromobillar importi ham sezilarli ravishda pasaygan. Eng qizig‘i — tayyor avtomobillar importi pasaygani fonida ehtiyot qismlari importi 3,34 barobarga oshgan.
Mutaxassislar 1 maydan utilizatsiya yig‘imining oshirilishi bozorga yana bir zarba berishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Hisoblagichlarni qiyoslovdan o‘tkazishda o‘zgarishlar
O‘zbekistonda elektr, gaz va suv hisoblagichlarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish uchun fuqarolar va tadbirkorlar tomonidan ariza berish tartibi bekor qilindi. Yangi tartibga ko‘ra, hisoblagichni o‘z vaqtida tekshirish vazifasi ta’minotchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
Jismoniy shaxslar har 8 yilda, yuridik shaxslar esa 4 yilda hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazishi kerak. Muddat yaqinlashganda, ta’minotchi korxona xodimi kelib, hisoblagichni yechib oladi va tekshiruvdan so‘ng qayta o‘rnatadi. Fuqarolar bu jarayon uchun hech qanday ariza bermaydi.
Qiyoslash uchun to‘lov hisobraqamidan avtomatik tarzda yechiladi. Jismoniy shaxslar uchun bu 75 ming so‘mni, yuridik shaxslar uchun 562 500 so‘mni tashkil etadi. Agar hisobda mablag‘ yetarli bo‘lmasa, qarz sifatida yozilib, keyin yechib olinadi.
Agar hisoblagich o‘z vaqtida tekshiruvdan o‘tkazilmasa, xonadonda to‘lov hisoblagichsiz — kishi boshiga belgilanadi. Bu esa ishlatilmagan holda ham ortiqcha to‘lovga olib keladi.
Nurotada bog‘chaga yaroqsiz go‘sht berilgan
Navoiy viloyatining Nurota tumanidagi ayrim bog‘chalarda bolalarga iste’molga yaroqsiz go‘sht berilayotgani aniqlandi, viloyat hokimi esa mas’ullardan «halollik va vijdon bilan ishlash» haqida qasamyod xatini yozdirib olishni talab qildi.
Jamoatchilik nazorati asosida o‘tkazilgan tekshiruvlar vaqtida oziq-ovqat mahsulotlarining saqlanish qoidalariga rioya qilinmayotgani va go‘sht mahsulotlarining to‘rtdan bir qismi yaroqsiz ekani ma’lum bo‘lgan.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi holat qaysi bog‘chalarda bu holat kuzatilganini ochiqlamagan. O‘rganish ishlari davom etayotgani, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tegishli idoralarga ma’lumot taqdim etilishi aytilgan.
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashuvda bu holatga munosabat bildirib, 1 kun ichida mas’ullardan «halollik va vijdon bilan ishlash» haqida qasamyod xatini yozdirib olishni topshirgan.
Enagaga kaltaklash va o‘g‘rilik uchun qamoq
Toshkentda 41 yoshli Tojikiston fuqarosi ikki yil davomida qizaloqni muntazam kaltaklab kelgani va 118 mln so‘m o‘g‘irlagani uchun qamaldi. U savdo bilan shug‘ullanuvchi oilada enagalik qilgan va har kuni pul sanashda foyda ko‘tarib yurgan. Uy egasi yashirin kamera o‘rnatib, ayolning qilmishlarini tasdiqlagan.
Sudda u qizaloqni asabiga tekkani uchun urganini, o‘g‘irlangan pul miqdori esa 8 mln so‘m atrofida bo‘lganini aytgan. Ekspertiza ham qizaloqda turli tan jarohatlarini aniqlagan.
Sud hukmiga ko‘ra, ayol 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi va jabrlanuvchi foydasiga zarar undiriladi.
Kobulda O‘zbekiston savdo uyi ochiladi
Kobul shahrida O‘zbekiston qurilish materiallari uchun savdo uyi tashkil etiladi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi ma’lum qildi. Ushbu savdo uyi 570 metr kv maydonda shourum va 500 metr kv omborxonani o‘z ichiga oladi.
O‘zbekistonlik tadbirkorlar mahsulotlarini qulay shartlarda joylashtirish, mahalliy kompaniyalar bilan bevosita hamkorlik qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Avvalroq Mozori Sharif shahrida ham shunday savdo uyi ochilgandi. U yerda tadbirkorlar 220 metr kv maydonda mahsulotlarini namoyish etib, Afg‘oniston bozorida faoliyat yuritishni boshlagan.
Mavzuga oid

22:11 / 25.03.2025
25 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

21:57 / 20.03.2025
20 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:10 / 19.03.2025
19 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:18 / 18.03.2025