Jahon | 15:14 / 24.03.2025
11024
13 daqiqa o‘qiladi

Saudiyada AQShning Rossiya va Ukraina bilan muzokaralari. Bu haqda nimalar ma’lum?

Ar-Riyodda Amerika delegatsiyasining Ukrainadagi sulh bo‘yicha Rossiya guruhi bilan uchrashuvi boshlandi. Amerikaliklarning Kiyev delegatsiyasi bilan muzokaralari yakshanba kuni bo‘lib o‘tgandi. Oldindan anons qilinganidek, uchala delegatsiya bir stol atrofida yig‘ilmadi.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi

Muzokaralarning bu raundidan qandaydir kuchli bayonotlar kutish qiyin: Volodimir Zelenskiy uchrashuv «texnik» xarakterda ekani haqida gapirgan, Rossiya tomoni esa Saudiya Arabistoniga kichik darajadagi mulozimlarini yuborgan.

Muzokaralar yakshanba kuni start olgandi: Amerika delegatsiyasi Ukraina delegatsiyasi bilan uchrashdi. Bugun ertalab ikkinchi bosqich – Rossiya-Amerika uchrashuvi boshlandi.

Donald Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog o‘tgan hafta bo‘lajak muzokaralar formati haqida ancha batafsil ma’lumot bergandi.

«To‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lmagan muhokamalar o‘tkaziladi. Bir guruh bu xonada, boshqasi esa narigi xonada bo‘ladi. Va ular muzokaralar olib borishadi – bu xuddi bitta mehmonxonadagi mokisimon diplomatiyaga o‘xshaydi. Shunday bo‘ladi ham. Biz barchaning pozitsiyasi qandayligini aniqlaymiz», – degandi Kellog.

Bu formatni Ukraina prezidenti ham tasdiqlagan. Zelenskiy Tramp bilan telefon orqali muloqotdan so‘ng Rossiya tomoni bilan hech qanday to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar rejalashtirilmaganini aytgandi.

«Bizning texnik jamoalarimiz bo‘ladi, mening tushunishimcha, format shundayki, Ukraina va Amerika o‘rtasida uchrashuv bo‘ladi. Keyin Amerika bilan Rossiya o‘rtasida. Yoki bu bir mamlakatda bir xil mavzudagi parallel uchrashuvlar bo‘ladi», – dedi Zelenskiy.

Yakshanba kungi muzokaralar Ukraina uchun bu bosqichdagi so‘nggisi bo‘lmaydi: Ukraina delegatsiyasi shundan keyin Saudiya Arabistonini tark etmagan va Moskva va Vashington uchrashuvi natijalarini kutmoqda, deb yozadi TASS Ukrainaning «Rada» telekanaliga tayanib.

Nimalar muhokama qilinmoqda?

AQSh ham, Ukraina ham muzokaralar texnik xarakterga egaligini ta’kidlamoqda. AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolsning aytishicha, asosiy mavzu avvalgidek – o‘t ochishni to‘xtatishdir.

«Biz texnik guruhlarimiz yaqin kunlarda Ar-Riyodda prezident Trampning Rossiya bilan erishgan sulhni amalga oshirish va kengaytirishga e’tibor qaratish uchun uchrashishga kelishib oldik», – deb yozdi Uols X ijtimoiy tarmog‘ida Putinning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Yuriy Ushakov bilan telefon suhbati natijalari haqida gapirarkan.

Bir kun avval Ukraina delegatsiyasi rahbari, mudofaa vaziri Rustem Umerov muzokaralar haqida faqat umumiy jihatlar bo‘yicha xabar qoldirgandi. «Muloqot konstruktiv va mazmunli bo‘ldi – asosiy masalalar, xususan, energetika sohasidagi masalalar muhokama qilindi», – degandi Umerov X ijtimoiy tarmog‘i orqali.

«Muloqot ancha foydali bo‘ldi. Delegatsiyalar ishi davom etmoqda», – dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.

Kiyevdagilar o‘tgan haftada ham muzokaralarning texnik xarakterini ta’kidlashgandi. Ukraina TIV spikeri Georgiy Tixiy delegatsiyalar «o‘t ochishni to‘xtatish modalligi»ni muhokama qilishini tasdiqladi. AQSh bilan uchrashuv chog‘ida Ukraina vakillari energetika va muhim infratuzilma obektlarini o‘qqa tutmaslik bo‘yicha kelishuvni muhokama qiladi, deya aniqlik kiritdi Tixiy.

AQSh prezidentining yana bir maxsus vakili Stiven Uitkoff Rossiya bilan muzokaralar vaqtida «haqiqiy progress» kutilayotganini aytgan. U Donald Tramp ta’kidlab kelgan pozitsiyani takrorlab, RF prezidenti Vladimir Putin «tinchlikni xohlashi»ni ta’kidladi.

Uitkoff Fox News telekanaliga bergan intervyusida energetika infratuzilmasidan tashqari Qora dengizdagi nishonlar daxlsizligi masalasini ham tilga oldi. «O‘ylaymanki, bu ikki masala ham allaqachon rossiyaliklar bilan kelishildi. Albatta, umid qilamanki, ukrainaliklar bunga rozi bo‘ladi».

Bu haqda Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols ham CBS telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Rossiya va Ukraina g‘alla va yoqilg‘i savdosini normallashtirishi uchun Qora dengizda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishishni kutmoqda.

Ikkinchi muhim masala, Uolsning so‘zlariga ko‘ra, front chiziqlarini «hozirgi holatda» muzlatishdir. «Va keyin, albatta, ukrainaliklar xavfsizlik kafolatlari deb ataydigan doimiy va mustahkam tinchlik tafsilotlari kengroq muhokama qilinadi», –  dedi Uols CBS efirida.

Nihoyat, Volodimir Zelenskiy Tramp bilan suhbatdan so‘ng Kiyev zarba berilmasligi kerak bo‘lgan obektlar ro‘yxatini tuzayotganini aytdi. Ushbu ro‘yxatga nafaqat energetika infratuzilmasi obektlari, balki portlar va temiryo‘l tarmog‘i ham kiritilishi mumkin.

Rossiya tomoni, o‘z navbatida, AQSh va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralarda, jumladan, Ukraina g‘allasini Qora dengiz orqali yetkazib berishni nazarda tutuvchi «Qora dengiz tashabbusi»ni qayta tiklash masalasi muhokama qilinishini bildirgan. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

Muzokaralarni kimlar olib bormoqda?

Delegatsiya tarkibida AQSh tomonidan alohida syurprizlar yo‘q. Stiven Uitkoff Fox News telekanali bilan suhbatda Saudiya Arabistoniga davlat kotibi Marko Rubio va Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols borishini aytgandi. Bundan tashqari, Kit Kellog ushbu format uchun yana bir yangi nomni ochiqladi – maxsus vakilning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarga AQSh siyosatini rejalashtirish bo‘yicha direktor Maykl Anton ham yo‘l olgandi.

U.S. Department of State

Maykl Anton – Amerika siyosatida mashhur shaxs. U Nyu Yorkning sobiq meri Rudolf Julianining spichrayteri bo‘lgan, keyin AQSh Milliy xavfsizlik kengashiga o‘tgan – Anton 2005 yilgacha kengashni boshqargan Kondoliza Raysning matbuot kotibi bo‘lib ishlagan. Shundan so‘ng, Maykl Anton ko‘p yillar davomida avstraliyalik mediamagnat Rupert Merdokning spichrayteri bo‘lgan. 2017 yilda, Trampning birinchi prezidentlik muddati paytida, u qisqa muddatga davlat xizmatiga qaytgandi. 2025 yilda esa u Trampning yangi ma’muriyatida siyosatni rejalashtirish bo‘yicha direktor bo‘ldi.

Shuningdek, u siyosat bilan bog‘liq bo‘lmagan turli qiziqishlari bilan mashhur. 2000-yillar boshlarida Anton (Nikolas Antonjovanni taxallusi ostida) «Kostyum: erkaklar uslubiga makiavellicha yondashuv» kitobini yozgan.

2018 yilda esa u bir kunga davlat xizmatiga qaytgandi – bosh oshpaz sifatida Oq uyda Tramp va Makron uchun kechki ovqat tayyorlash uchun.

Ukraina delegatsiyasiga mudofaa vaziri Rustem Umerov rahbarlik qilmoqda

Ukraina delegatsiyasi energetika sohasi mutaxassislari va harbiylardan iborat, deb xabar bergan BBC muxbiriga Ukraina TIV spikeri Georgiy Tixiy. Muzokaralarda mamlakatlarning siyosiy rahbariyati ishtirok etmaydi, degan u. Yakshanba kuni, Saudiya Arabistonidagi birinchi uchrashuvlardan so‘ng, Volodimir Zelenskiy ham muzokaralar guruhida harbiylar, diplomatlar va energetika vazirligi vakillari borligini aytdi.

Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerovdan tashqari, delegatsiya tarkibiga prezident devoni rahbari maslahatchisi Pavel Palisa ham kiritilgan, deb xabar berdi Sky News.

Ularning ikkisi ham Saudiya Arabistonida AQSh vakillari bilan bo‘lib o‘tgan avvalgi uchrashuvda ishtirok etgandi.

Rossiya ham delegatsiya tarkibini e’lon qildi. Saudiya Arabistoniga unchalik taniqli bo‘lmagan ikki muzokarachi bordi: Saxalinskiy oblastidan senator Grigoriy Karasin va FXX (FSB) direktori maslahatchisi Sergey Beseda.

Grigoriy Karasin / TASS

75 yoshli Grigoriy Karasin – eski diplomat. U TIVda 1970-yillardayoq ish boshlagan, sovetlar davrida Buyuk Britaniyadagi elchixona maslahatchisi lavozimigacha ko‘tarilgan. Keyin Karasin rahbarlik lavozimlarini egallay boshlaydi. 1993 yildan 1996 yilgacha u TIV matbuot kotibi bo‘lgan, o‘n yillikning ikkinchi yarmida esa vazir o‘rinbosariga aylangan – avval Yevgeniy Primakov, keyin Igor Ivanov davrida. Shundan so‘ng u besh yil Londonda elchi bo‘lib ishlaydi, 2005 yildan 2019 yilgacha davlat kotibi – tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Nihoyat, 2019 yilda u diplomatik xizmatni tark etgan va Federatsiya Kengashi a’zosi bo‘lgandi.

Karasin Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinni va Ukraina hududlarini anneksiya qilishni ratifikatsiya qilishni ma’qullagani uchun 2022 yildan beri AQSh, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Ukraina sanksiyalari ostida. Karasin o‘zining so‘nggi intervyularida muntazam ravishda G‘arbga qarshi pozitsiyani qo‘llab-quvvatlagan: masalan, u AQShni SSSR parchalanishida ayblagan, Rossiyaning birinchi tashqi ishlar vaziri Andrey Kozirevni esa «amerikaliklarga sodiq figura» deb atagan.

Biroq, Tramp va Putinning telefon suhbatidan so‘ng Karasin Oq uyni Rossiya pozitsiyasini tushungani uchun maqtadi. Karasinning fikricha, Vashington Yevropadan farqli o‘laroq, «Moskvaning Ukrainadagi majburiy safarbarlikni va yarashuvga erishish uchun Kiyevga harbiy yordamni to‘xtatish talablarini to‘g‘ri tushunadi».

Sergey Beseda / TASS

FXX direktori maslahatchisi Sergey Besedaning Ukrainaga qiziqishi haqida 2014 yildayoq yozilgan edi. O‘shanda u Federal xavfsizlik xizmatining xorijiy yo‘nalishdagi faoliyatini nazorat qiluvchi Beshinchi xizmatini boshqargan. 2014 yil aprel oyida Ukraina Tashqi ishlar vazirligi FXXga murojaat qilib, Sergey Beseda 20-21 fevral kunlari Kiyevda nima qilganini tushuntirishni so‘ragandi. Aynan shu kunlarda Ukraina xavfsizlik kuchlari Kiyev markazidagi namoyishchilarga qarshi ommaviy ravishda o‘qotar qurollardan foydalana boshlagandi.

2014 yil aprel oyida, sobiq prezident Viktor Yanukovich hokimiyatdan ag‘darilib, qochib ketganidan so‘ng, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Kiyevdagi tartibsizliklarni tergov qilish va FXX generali Besedani so‘roq qilishda yordam so‘rab Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qiladi. «Interfaks» FXXdagi manbasiga tayanib xabar berishicha, Beseda haqiqatan ham 20-21 fevral kunlari Yanukovich hokimiyatdan ag‘darilishiga olib kelgan tartibsizliklar avjiga chiqqan paytda Kiyevda bo‘lgan, u yerda elchixona va Rossiyaning boshqa muassasalari xavfsizligini tashkil etish bilan shug‘ullangan. Shuningdek, «Interfaks» manbasi ma’lum qilishicha, general-polkovnik Beseda «bu masalada Viktor Yanukovich bilan uchrashuv so‘ragan, biroq qabul qilinmagan». «Kiyevga safari davomida S. Besedaga boshqa topshiriqlar berilmagan»,  deya qayd etgan FXXdagilar.

Aynan FXXning Beshinchi xizmati va uning rahbari Sergey Beseda 2022 yilda Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin oldidan Putinga taqdim etilgan ma’lumotlar uchun mas’ul bo‘lgan, deb yozgan «Vajniye istorii». Nashrning maxsus xizmatlardagi manbalari idora ichkarisidagilar va Rossiya rahbariyati Ukraina haqida noto‘g‘ri ma’lumot bergan xizmat ishidan noroziligini yashirmagani, bu esa Moskvaning o‘z imkoniyatlarini qayta baholashiga olib kelganini aytgan.

2022 yilda jurnalist Andrey Soldatov hatto o‘z manbalariga tayanib, Beseda uy qamog‘iga olingani va keyinchalik FXX generali «Lefortovo» tergov izolyatoriga o‘tkazilgani haqida xabar bergan edi. Keyinchalik bu ma’lumot tasdiqlanmadi.

2023 yilda Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi (GUR) rahbari Kirill Budanov Sergey Besedani «Ukrainaga doimo muammo keltirgan» odam sifatida tilga olgandi. Budanov Beseda aynan nimasi bilan xavfli ekaniga aniqlik kiritmagan va faqat u «Ukraina hududida faol operatsiyalar» bilan shug‘ullanganini aytgan.

Sergey Beseda FXX Beshinchi xizmati rahbari lavozimini faqat 2024 yilga kelib tark etgan va hozirda FXX direktori maslahatchisi lavozimida ishlamoqda.

Mavzuga oid