Jahon | 13:16 / 24.03.2025
12941
13 daqiqa o‘qiladi

Mask tufayli Tesla deyarli yarim qiymatini yo‘qotdi

Yevropada elektromobillar savdosi pasaymoqda, AQShda esa ular muntazam yoqib yuborilmoqda. Xo‘sh, kompaniya bankrotlik ostonasidami?

Gina M Randazzo / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

Yil boshidan buyon Tesla aksiyalarining qiymati deyarli ikki barobarga kamaydi. Agar 2024 yil oxirida kompaniyaning kapitalizatsiyasi qariyb 1,4 trln dollarni tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu raqam atigi 750 mlrd atrofida. Jurnalistlar va investorlar Teslaʼdagi muammolarni kompaniya egasi — Ilon Mask bilan bevosita bog‘lashmoqda. Aniqrog‘i, u davlat boshqaruvi samaradorligi bo‘yicha yangi departament (DOGE) rahbari sifatida amalga oshirayotgan harakatlari hamda deyarli har qanday mavzu bo‘yicha bildirgan bahsli bayonotlari bilan bog‘liq holda.

«Meduza» nashri Tesla bilan nima yuz berayotgani va haqiqatan ham kompaniya bankrotlik yoqasida turibdimi, degan savolga javob izlab ko‘rdi.

* * *

Tesla o‘z tarixdagi eng yuqori kapitalizatsiyasiga — 1,42 trln dollarga yaqinda, 2024 yil dekabri o‘rtalarida erishgan edi. Kompaniya aksiyalari Donald Tramp ikkinchi muddatga prezident etib saylanganidan so‘ng darhol o‘sishni boshlagandi. Ilon Mask respublikachilar nomzodining saylovoldi kampaniyasidagi eng yirik homiylardan biri bo‘lgan. Tramp g‘alabasidan so‘ng esa u uning eng yaqin hamkorlaridan biriga aylandi. Jurnalistlar Tesla va Maskka tegishli boshqa kompaniyalar aksiyalari o‘sishini aynan shu bilan bog‘lagan edi.

Biroq o‘shandayoq moliyaviy tahlilchilar investorlar optimizmi kompaniya biznesining asosiy ko‘rsatkichlari bilan tasdiqlanmayotganini ta’kidlashgandi. Aksiyalar o‘sishi, avvalo, bozorda Maskning Tramp atrofidagi yaqinlar doirasiga kira olganidan kelib chiqqan hayajon bilan bog‘liq edi. Demak, nazariy jihatdan Tesla bevosita raqobatchilariga nisbatan qo‘shimcha imtiyozlar va afzalliklarga ega bo‘lishi mumkin edi. Shu bilan birga, kompaniyaning o‘ziga xos biznesi ayniqsa jadal o‘smayotgani aniq edi — bu esa aksiyalarning mavjud narxiga mutanosib kelmasdi. Mutaxassislar bu holat uzoqqa cho‘zilmasligi, yaqin vaqt ichida pasayish boshlanishini bashorat qilishgandi.

Xuddi shunday bo‘lib chiqdi ham. Tesla aksiyalari qiymati 2025 yil yanvar oyining ikkinchi yarmidan — taxminan Donald Tramp Davlat boshqaruvi samaradorligi departamenti (DOGE)ni rasman tashkil etib, Ilon Maskni uning rahbari etib tayinlagan paytdan boshlab barqaror pastlay boshladi. Bir oyga yetmas vaqt ichida aksiyalar 20 foizdan ko‘proqqa arzonlashdi. Forbes nashri jurnalistlari bozorda biznesmen o‘zining barcha kompaniyalarini to‘liq boshqara oladimi-yo‘qmi, degan xavotir kuchayib borayotganini qayd etdi.

Aynan o‘sha vaqtda Mask boshchiligidagi investorlar konsorsiumi OpenAIʼni nazorat qiluvchi notijorat tuzilmani 97,4 milliard dollarga sotib olish taklifini berdi. Kompaniya kuzatuv kengashi ushbu kelishuvdan bosh tortganiga qaramay, fond bozorida milliarder o‘z zimmasiga imkon doirasidan tashqari loyihalarni yuklanmoqda, degan xavotir yuzaga keldi.

Oxir-oqibat buni Ilon Maskning o‘zi ham tan olishga majbur bo‘ldi. Mart oyi boshida u biznesmen sifatidagi faoliyatini DOGEʼdagi ishi bilan bir vaqtda olib borish «juda katta qiyinchilik» bilan kechayotganini aytdi.

Business Insider nashri jurnalistlari esa Mask kompaniyalarining yaqindagi bir qator omadsizliklarini — jumladan, Starship raketa uchirishining muvaffaqiyatsiz tugashi va X ijtimoiy tarmog‘ida global nosozlik holatini — mazkur so‘zlar tasdig‘i sifatida keltirishdi. Biroq bu kabi muammolar avval ham kuzatilgan va Maskning SpaceX yoki Xʼdagi ishga yanada jiddiy jalb etilishi bunday muammolarning oldini olishga yordam bergan bo‘larmidi — bu qiyin savol.

«Uning [DOGEʼdagi] ishtiroki umuman olganda uzoqqa cho‘zilmasligi va u o‘z biznesiga yanada ko‘proq vaqt ajrata olishiga umid qilaman», — dedi Tesla investorlaridan biri Kristofer Tsay The Guardian nashriga bergan intervyusida.

Kompaniyaning yana bir investori, Ross Gerber esa shunday fikrda: Mask qaror qabul qilishi kerak — yo u to‘liq ravishda bosh direktor vazifalariga qaytishi kerak yoki o‘ziga o‘rinbosar topib, davlat xizmatiga to‘liq e’tibor qaratishi lozim.

AQSh va Yevropada Ilon Maskka qarshi norozilik namoyishlari

So‘nggi oylarda Tesla kompaniyasi boshidan kechirayotgan muvaffaqiyatsizliklar ma’lum darajada Ilon Maskning Davlat boshqaruvi samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari sifatidagi faoliyati bilan bog‘liq. Biroq vaqt tanqisligi bu yerda yagona omil emas. DOGE rahbari sifatidagi ommaviy norozilikka sabab bo‘layotgan qarorlari va siyosiy mavzulardagi ziddiyatli chiqishlari bilan Tesla bosh direktori o‘z kompaniyasi nufuziga jiddiy zarar yetkazmoqda.

Tesla’ning Sietldagi shourumi yaqinida Maskning harakatlariga qarshi norozilik bildirayotgan namoyishchilar. 2025 yil 15 mart
David Ryder / Blooomberg / Getty Images
Tesla’ning Sietldagi shourumi yaqinida namoyishchilar. 2025 yil 15 mart
David Ryder / Blooomberg / Getty Images

SSRS tadqiqot kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning yarmidan ko‘pida (53 foiz) Mask haqida «salbiy fikr» shakllanib bo‘lgan. Uning harakatlarini so‘rovda qatnashganlarning 35 foizi qo‘llab-quvvatlamoqda. Jurnalistlar va mutaxassislar Tramp Maskka haddan tashqari ko‘p hokimiyat bergani va u bu yukni ko‘tara olmayotganini ta’kidlashmoqda. Mask nafaqat AQSh, balki butun dunyo miqyosida shunchaki milliarder emas, balki demokratik tizim uchun tahdid sifatida ko‘rila boshlagan.

Maskning ayrim harakatlari, masalan, Germaniyadagi o‘ta o‘ng partiya «Germaniya uchun muqobil»ni qo‘llab-quvvatlashi yoki Yevropaning ayrim siyosatchilari bilan ochiq tortishuvlarga kirishi Tesla brendining AQSh tashqarisidagi obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Business Insider ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniyaning Germaniyadagi sotuvlari 2025 yil fevral oyida o‘tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan 76 foizga kamaygan. Shu bilan birga, mamlakatda elektromobillar umumiy sotuvi 31 foizga o‘sgan. Sotuvdagi pasayish Norvegiya, Daniya, Shvetsiya, Fransiya, Avstraliya va Xitoyda ham qayd etilgan.

Milliarderning islohotlari va bayonotlaridan ko‘ngli to‘lmaganlar TeslaTakedown deb nomlangan harakatni tashkil etdi. Unga a’zo bo‘lganlar nafaqat AQShda, balki Yevropa davlatlarida ham kompaniyaning avtosalonlari oldida muntazam piketlar o‘tkazishmoqda. Ular o‘z tarafdorlarini Tesla avtomobillari va aksiyalarini sotishga da’vat etib, kompaniyaga moddiy va imij yo‘qotish keltirishga intilishmoqda.

Ba’zan norozilik ochiq vandalizm shaklini oladi — ijtimoiy tarmoqlarda graffiti bilan bezatilgan avtomobillar yoki quvvatlash stansiyalarining surat va videolarini ko‘plab topish mumkin. Bundan tashqari, AQShda Tesla mashinalari dilerlik markazlari yonida yoki avtoturargohlarda yoqib yuborilishi holatlari ko‘paymoqda.

«Men uchun so‘l qanot vakillari tomonidan bunday darajadagi nafrat va zo‘ravonlik mavjud ekanini bilish haqiqiy shok bo‘ldi», — dedi Mask bu voqealarni izohlar ekan.

Tesla’ning Las-Vegasdagi xizmat ko‘rsatish markaziga kirishda tushirilgan «Qarshilik» yozuvi. 2025 yil 18 mart
Ethan Miller / Getty Images / AFP / Scanpix / LETA
Las-Vegasda yoqib yuborilgan Tesla elektromobillari. 2025 yil 18 mart
Ethan Miller / Getty Images North America / Getty Images / AFP / Scanpix / LETA
Last Generation Canada notijorat tashkiloti faollari Tesla’ning Monrealdagi dilerlik markaziga pushtirang bo‘yoq chaplab ketishgan. 2025 yil 19 mart
The Canadian Press / Scanpix / LETA

Ammo milliarderga nisbatan norozilik unga saylovda Trampni qo‘llab-quvvatlagan paytdayoq boshlangandi. 2024 yil noyabr oyi oxirida The Guardian nashri xabar berishicha, Tesla egalari o‘z tanlovlarini oqlash maqsadida turli stikerlarni faol ravishda xarid qilishni boshlashgan. Masalan, «Buni Ilon Mask aqldan ozishidan avval sotib olganman» degan yozuvli stikerlar keng tarqalgan.

Daniyaning Hillered shahrida turgan Tesla elektromobilida «Men buni Ilon Mask aqldan ozishidan avval sotib olganman» yozuvli nakleyka. 2025 yil 19 mart
Sergei Gapon / AFP / Scanpix / LETA

Natijada, so‘nggi oylarda Tesla brendi texnologik innovatsiyalar va ekologik yondashuv orqali erishilgan ilg‘or imijidan tobora rad etiluvchi (toksik) brendga aylanmoqda. Ushbu avtomobillarning egalari, ularning shaxsiy qarashlariga qaramasdan, avtomatik ravishda Mask va uning yaxshi qabul qilinmagan qarorlarini qo‘llab-quvvatlovchi qatlamga mansub deb baholanmoqda.

Yaqinda 404 Media nashri jurnalistlari Dogequest nomli veb-saytni aniqlashdi (maqola e’lon qilingan paytda sayt allaqachon yopilgandi), unda AQSh xaritasiga Tesla’ning dilerlik markazlari manzillari, quvvatlash stansiyalarining taxminiy joylashuvi, shuningdek, ayrim avtomobil egalari (ular orasida DOGE xodimlari ham bor) haqidagi shaxsiy ma’lumotlar — jumladan, manzil va telefon raqamlari joylashtirilgandi. Bu ma’lumotlar qayerdan olingani va ularning haqiqiyligi noma’lum. Ammo jurnalistlar ta’kidlashicha, saytda ko‘rsatilgan ayrim shaxslar haqiqatan ham Tesla avtomobillariga egalik qiladi va ko‘rsatilgan dilerlik markazlari manzillari real ekani aniqlangan.

Saytdagi kursor Molotov kokteyli ko‘rinishida bo‘lgan. Tavsifda esa shunday deyilgan: «Agar siz o‘zingizdagi ijodiy salohiyatni bo‘yoqli ballon orqali namoyon etish uchun Tesla ovini boshlamoqchi bo‘lsangiz, ko‘chaga chiqing — xarita kerak emas!» Sayt yaratuvchilari ma’lumotlari ko‘rsatilgan shaxslar avtomobillarini sotganini isbotlasa, ma’lumotni o‘chirishlarini aytgan. Jurnalistlar fikricha, mazkur saytning asosiy maqsadi — Tesla egalarini qo‘rqitishdan iborat.

Tesla’ga ehtimoliy bankrotlik tahdid solmayapti

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab foydalanuvchilar Tesla aksiyalari qulashiga ochiqchasiga xursand bo‘layotgani va kompaniya bankrot bo‘ladi, deb umid qilayotgani haqidagi xabarlarni ko‘rish mumkin. Ayrimlar bunday holda Mask X ijtimoiy tarmog‘idan (sobiq Twitter) voz kechishga majbur bo‘lishini, chunki qarzlarini to‘lash uchun uning mulki musodara qilinishini kutmoqda. Gap shundaki, Twitter’ni xarid qilish uchun sarmoyaning bir qismi Mask tomonidan Tesla aksiyalari garovga qo‘yib olingan kreditlar hisobidan ta’minlangandi.

Shu bilan birga, X’ning egasi almashishi ehtimoli unchalik yuqori emas — ayniqsa, Mask kredit olgan paytda kompaniya aksiyalarining qiymati hozirgi darajada bo‘lganini hisobga olsak. Umuman olganda, Tesla bankrot bo‘lishi haqida gapirish juda erta — aslida kompaniya aksiyalarining 2024 yil oxiridagi keskin o‘sishi noodatiy hol bo‘lgan, hozirgi pasayishi esa o‘rinli ko‘rinadi.

Shu bilan birga, Ilon Mask o‘zining eng muhim brendlaridan biri boshiga kelgan bu holatdan ochiqchasiga norozi. Yaqinda u hatto yordam uchun Donald Trampni chaqirdi. Mart oyi boshida AQSh prezidenti Oq uy yonida Tesla avtomobillari ishtirokida namoyishkorona «taqdimot» o‘tkazdi. Prezident milliarder va uning avtomobillarini maqtadi, shuningdek, shourumlarga hujum qilayotgan namoyishchilarni «amerikacha katta kompaniyaga zarar yetkazayotganlar» deb atadi. Tramp ular «do‘zaxga tushishi»ni va’da qildi.

Shu bilan birga, Tramp azaldan elektromobillarga mutlaq qarshi bo‘lgan va yaqindagi tashabbuslaridan kelib chiqib qaraganda, ularni hali ham xush ko‘rmasligi ayon.

Shunday bayonotlarga qaramasdan, Tesla muvaffaqiyatsizliklari uchun ma’lum darajada ayb Trampning o‘zida ham bor. Uning noaniq savdo siyosati, ehtiyotsiz bayonotlari va qo‘shni davlatlar, jumladan, Kanada bilan muntazam to‘qnashuvlari AQSh fond bozoriga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Trampning harakatlari faqatgina Tesla’ga emas, balki Amerikaning boshqa yirik kompaniyalariga ham zarar yetkazmoqda. Lekin prezidentni bu narsalar unchalik qiziqtirmaydi. «Men fond bozoriga hatto qaramayman», — degandi Tramp mart oyi boshida.

Mavzuga oid