Jamiyat | 11:30 / 24.03.2025
1324
2 daqiqa o‘qiladi

O‘smirlarda internetga qaramlik giyohvand moddalarga qaramlik bilan tenglashtirildi

Ijtimoiy tarmoqlar va videoo‘yinlarga qaramlik ayniqsa, o‘g‘il bolalarda ko‘proq kuzatiladi.

Foto: Getty Images

O‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlar, xususan TikTok va Instagram’ga qaramligi giyohvand moddalar va spirtli ichimliklarga qaramlik bilan tenglashtirildi. Bu haqda Germaniyaning DAK Health sug‘urta kompaniyasi va Gamburg-Eppendorf universiteti klinikasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalarida aytiladi.

Internetga qaramlik ayniqsa, o‘g‘il bolalarda ko‘proq kuzatiladi — 6 foiz. Qizlarda bu ko‘rsatkich pastroq — 3,2 foiz. Olimlar tushuntirishicha, qizlarning ijtimoiy ko‘nikmalari odatda yaxshiroq rivojlangan bo‘ladi, ular muloqotni boshqacha tarzda quradi va kamroq yolg‘iz qoladi.

Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, alkogoldan farqli o‘laroq, internet miyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatmaydi — ijtimoiy tarmoqlar va o‘yinlar miyadagi mukofot tizimini faollashtirib, dofamin ajralib chiqishiga sabab bo‘ladi. Bu lazzatlanish hissini uyg‘otadi, natijada ekranga doimiy qaytish istagi yuzaga keladi.

Ko‘p hollarda bunday xatti-harakatlar o‘qishni yomon o‘zlashtirish, oiladagi nizolar va odamovilikka olib kelishi mumkin.

Tadqiqotchi Rayner Tomasiusning aytishicha, ota-onalar xavotirli belgilarni o‘z vaqtida to‘xtatishlari lozim — bolalarning internetda o‘tkazadigan vaqtini cheklash bilan bir qatorda, ularning tarmoqda nima qilayotganiga qiziqish ham muhim. Ammo hozirgi kunda kattalarning 40 foizi bolalarning internetda sarflayotgan vaqtini nazorat qilmaydi, 25 foizi esa farzandlari tomosha qilayotgan kontentga e’tibor bermaydi.

Ota-onalarga gadjetlardan foydalanish uchun cheklovlar o‘rnatish, bolaning internetda nima bilan shug‘ullanayotgani bilan qiziqish qat’iy tavsiya etiladi.

Mavzuga oid