Jahon | 08:21 / 25.03.2025
1882
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh senatorlari Rossiya aktivlarini musodara qilish va ularni Ukrainaga topshirishni talab qilmoqda

AQShning har ikki partiyasi - respublikachilar va demokratlar vakillari bo‘lgan AQSh senatorlari Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini faolroq ishlatish tarafdori ekanini bildirishdi.

Lindsi Grehe / Foto: Reuters

Ular Donald Tramp ma’muriyatidan bu mablag‘larning faqat foizlarini emas, balki butun summa — 300 mlrd dollardan ortiq mablag‘ni Kiyevga yo‘naltirishni talab qilmoqda. Senatorlar shuningdek AQSh ittifoqchilarini ham bunga ko‘ndirish zarurligini ta’kidladi.

Reuters agentligiga ko‘ra, senatorlar Davlat kotibi Marko Rubioga yo‘llagan murojaatida ma’muriyat qanday moliyaviy vositalarni ishga solishni rejalashtirayotgani bilan qiziqmoqda. Xususan, ular Rossiyani muzokaralarga majburlash uchun AQSh va Yevropa Ittifoqi tasarrufidagi Rossiya aktivlaridan foydalanish imkoniyati ko‘rib chiqilyaptimi, degan savolni ko‘ndalang qo‘ymoqda.

Senatorlar, shuningdek, AQSh Yevropa Ittifoqi, G7 va boshqa ittifoqchilarni Rossiya aktivlarini Kiyevga topshirishga qanday ko‘ndirishi mumkinligini ko‘rsatadigan reja ishlab chiqilishini ham talab qilmoqda. Shu bilan birga, ular Tramp ma’muriyati ushbu mablag‘larni Ukraina uchun mudofaa uskunalarini xarid qilishga sarflashga rozimikan, deb so‘ragan.

Mazkur murojaatga senatorlar Todd Yang, Lindsi Grehem (respublikachilar), Richard Blyumental va Tim Keyn (demokratlar) imzo chekkan.

Rossiya aktivlarini musodara qilish va ularni Ukraina infratuzilmasini tiklashga yo‘naltirish g‘oyasi AQSh Kongressida bir necha yildan buyon muhokama qilinmoqda. Qonun chiqaruvchilar bu chora Amerika soliq to‘lovchilariga yukni kamaytirishi va shu bilan birga Kremlga bosimni oshirib, uni tinchlik kelishuviga majburlashga yordam berishini ta’kidlaydi.

2024 yil dekabrida Yevropa Ittifoqi sammitida muzlatilgan Rossiya aktivlari Moskva Ukrainaga reparatsiya to‘lashga rozi bo‘lmagunicha yechilmasligi haqida qaror qabul qilingan edi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Kreml ushbu mablag‘larning ma’lum qismi, jumladan, 200 mlrd dollarini Rossiya nazoratidagi hududlarni tiklash uchun ishlatish sharti bilan Ukrainaga yo‘naltirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangan dastlabki kunlarida G7 mamlakatlari Rossiya Markaziy banki va Milliy farovonlik jamg‘armasiga qarshi sanksiyalar joriy etib, chet eldagi mablag‘larini muzlatgan edi.

Rossiya Markaziy bankining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil boshidagi zaxiralar shunday taqsimlangan edi: 207 mlrd yevro, 67 mlrd dollar, 37 mlrd funt sterling, 64 mlrd — boshqa valutalar (iyena, kanada va avstraliya dollarlari).

Shu vaqtgacha Rossiya aktivlarini to‘liq musodara qilish g‘oyasi yakdil qo‘llab-quvvatlanmagan. Germaniya, Fransiya va YeI Markaziy banki bunday qadam yevroning jahon valutasi sifatidagi barqarorligiga xavf solishi mumkinligini ta’kidlagan.

2024 yil kuzida AQSh va YeI muqobil sxemaga kelishgan: Ukrainaga 50 mlrd dollarlik kredit beriladi, uni qaytarish uchun Rossiya aktivlaridan tushadigan foizlar yo‘naltiriladi. Har yili bu foizlardan 3–5 mlrd yevro daromad olinishi kutilmoqda.

Mavzuga oid