Pasportini o‘g‘irlatgan germaniyalik yigit to‘rt yildan beri ishga joylasha olmayapti
Londonda shaxsiy guvohnomasi o‘g‘irlangan 24 yoshli Germaniya fuqarosi Rami Battix 2019 yildan beri o‘z ismi bilan amalga oshirilgan jinoyatlar tufayli ishga joylasha olmayapti, deb xabar bermoqda The Guardian.

Foto: The Guardian
Battixning so‘zlariga ko‘ra, bu voqea uning hayotini ostin-ustun qilgan. U Bonnda yashayotganiga qaramay, ish beruvchilar tomonidan amalda «qora ro‘yxat»ga kiritilgan.
Uning «qo‘rqinchli tushi» 2019 yilda, Londonga qilgan sayohati chog‘ida boshlangan.
U o‘shanda pasporti va Germaniya milliy guvohnomasi bilan sayohat qilgan. Biroq qaytib kelgach, shaxsiy guvohnomasi yo‘qolganini yoki o‘g‘irlanganini aniqlagan. Battix ko‘p o‘ylamasdan yangisini rasmiylashtirgan va oradan ikki yil o‘tib «Vodafone Finance»da kasbiy o‘quvini yakunlagan. Unga ikkita ish taklifi tushgan: biri — «Vodafone»da, ikkinchisi — mahalliy soliq inspeksiyasida.
Biroq ish boshlash imkoni yo‘q edi: ish beruvchi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida, u Londonda sudlangan shaxs sifatida qayd etilgani aniqlangan.
«Men bunga ishonolmasdim. Sudlangan inson men emasligim, aybsizligim va o‘sha paytda Buyuk Britaniyada bo‘lmaganimni isbotlovchi hujjatlarim borligini aytdim. O‘sha vaqtda men Tunisda bo‘lganman, pasportimda tegishli muhrlar bor. Biroq menga shunchaki «sizning so‘zingizga ishona olmaymiz», deyishdi”, — deya hikoya qiladi Rami.
2021 yilda uning guvohnomasi orqali boshqa bir erkak sudlanib, Londondagi Vud-Grin sudi tomonidan 18 oyga qamalgan. Sud jarayonida shaxslar adashtirilgani aniq bo‘lgan va London politsiyasidan xatoni tuzatish talab qilingan.
Biroq politsiyachilarni ishontirishga urinishlar natija bermagan. 14 oydan so‘ng o‘sha jinoyatchi Rami ismidan yana foydalanib, yangi jinoyatlar sodir etgan.
«Men hayotim tugadi, deb o‘yladim. Sud mening aybsizligimni tan oldi-ku?! Nega ular hali ham ismimni bazadan o‘chirmayaptilar? Men nihoyatda tushkun ahvoldaman», — deya kechmishidan gapiradi u.
O‘tgan yili u London politsiyasiga rasman murojaat qilgan. Ammo hali-hanuz bazadan uning ismi o‘chirilmagan. Uning ta’kidlashicha, politsiyagina sudlanish bilan bog‘liq qaydlarni o‘zgartirish huquqiga ega.
Hozirda Rami 24 yoshda va ish topa olmayotgani uchun mashinasini sotgan, barcha hisob-kitoblarini shu pul bilan to‘lagan. U hozir jamoatchilikka murojaat qilmoqda, chunki boshqa yechimi qolmagan.
«Bu firibgarlik hayotimni ostin-ustun. Ishga joylasha olmayapman. Iltimos, kerak bo‘lsa, barmoq izlarimni, soch tukimni berishga ham ham roziman… Men bundan keyin bunday yashay olmayman. Men aybsizman va biror jinoyat sodir etmaganman», — deb yozgan u London sudiga.
Mavzuga oid

11:30 / 24.03.2025
O‘smirlarda internetga qaramlik giyohvand moddalarga qaramlik bilan tenglashtirildi

21:28 / 22.03.2025
Germaniyada armiyani moliyalashtirish uchun Konstitutsiya o‘zgartirildi

15:17 / 22.03.2025
Germaniya Bundestagi qo‘mitasi Kiyevga 11 mlrd yevrolik yordamni ma’qulladi

10:23 / 22.03.2025