Jahon | 08:52 / 25.03.2025
15676
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Markaziy banki SSSR taqdiri xavfidan ogohlantirdi - Reuters

AQSh va OPEC neft bozorini to‘ldirishi orqali jahondagi neft narxlarining keskin tushishi Rossiya iqtisodiyoti uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Reuters agentligi yozishicha, Rossiya Markaziy banki V.Putin va hukumatni bundan ogohlantirgan.

Foto: Reuters

Reuters agentiligiga ko‘ra, bu ogohlantirish AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urushni to‘xtatish haqida muzokara boshlashidan bir necha hafta avval qilingan. Tramp Rossiyaga qarshi yanada kuchli sanksiyalar joriy etilishini aytgan va AQShda neft qazib chiqarishni oshirish niyatida ekanini bildirgan. Shuningdek, u Saudiya Arabistonini ham ko‘proq neft qazib chiqarishga undamoqchi.

Markaziy bank har yili yopiq hisobotlarda iqtisodiy xavflarni tahlil qiladi, lekin bu daf’a ilk marta 1980-yillardagiga o‘xshash uzoq muddatli neft narxlari pasayishi mumkinligini ta’kidlagan. O‘sha yillardagi inqiroz sovet ittifoqi parchalanishiga olib kelgan edi.

Markaziy bank neft bozoriga AQSh va OPEC qanday ta’sir o‘tkazishi mumkinligi haqida aniq ssenariy keltirmagan, ammo neft narxi Rossiya iqtisodiyoti uchun asosiy xatarlardan biri sifatida qayd etilgan.

Shuningdek, Rossiya Iqtisodiyot vazirligi ham alohida taqdimot bilan chiqib, investorlar faolligi pasayishi, xarajatlar oshishi va «chiqindi qarzlar» ortishi kabi xavflar haqida gapirgan.

«Neft narxi sezilarli xavf manbai hisoblanadi. Bu — AQSh va OPECdan tashqari hududlarda ham qazib chiqarish hajmi oshish ehtimoli bilan bog‘liq», — deyiladi slaydlaridan birida.

Ayni paytda, OPECdagi zaxira qazib chiqarish quvvati Rossiyaning xom neft eksport hajmiga tenglashgan — bu esa bozorda Rossiyani osonlikcha almashtirish mumkinligini anglatadi.

Taqdimotda ta’kidlanishicha, «tarixda shunday holat bo‘lgan: 1974–1985 yillarda neft narxlari yuqori bo‘lgan davrdan so‘ng, 18 yil (!!!) davomida ular past darajada qoldi». Bu fikr uchta undov belgisi bilan yozilgan.

Markaziy bank va iqtisodiy vazirlikning bu ogohlantirishlari Rossiya hukumati va shaxsan Putinga neft narxi pasayishi siyosiy va iqtisodiy oqibatlari bo‘yicha jiddiy signal sifatida qaralayotganini ko‘rsatmoqda.

Mavzuga oid