G‘azoda Hamasga qarshi namoyish bo‘lib o‘tdi
Seshanba kuni G‘azo sektorida yuzlab kishilar Hamas guruhi hokimiyatiga qarshi namoyish o‘tkazdi.
Falastinliklar G‘azoda Isroil bilan urush boshlangandan beri Hamasga qarshi namoyish uyushtirishdi. Odamlar urush tugashini istab hayqirmoqda va Hamasdan chiqib ketishni talab qilishyapti.
Videolarda niqob kiygan shaxslar qo‘lida tayoq va qurollar bilan ommani tarqatishga urinayotganini ko‘rish mumkin.
Seshanba kuni Bayt-Lahiya ko‘chasidan boshlangan katta namoyishlar videosida odamlar «Hamas aut» deb baqirayotgani aks etgan. G‘azo jim emas, uning yo‘q qilinishini istamaydigan xalq bor, buni bilishsin, deydi yig‘ilganlar.
Hamas vakillari hozircha namoyish haqidagi xabarlarga izoh berishmadi. Guruh tarafdorlari ijtimoiy tarmoqlarda namoyish ishtirokchilarini xoinlar deb atadi.
Namoyish «Islomiy jihod» guruhi jangarilari Isroilga qarata raketalar uchirganidan va Isroil armiyasi bunga javoban Bayt-Lahiyaning bir qancha tumanlari aholisiga evakuatsiya qilishni buyurganidan bir kun o‘tib bo‘lib o‘tdi.
«Biz kimdir uchun, qandaydir partiya yoki xorijiy davlat uchun o‘lishdan bosh tortamiz», – dedi namoyish ishtirokchisi Muhammad Diab. Uning akasi bir yil avval Isroil aviazarbasi ostida halok bo‘lgan. Muhammadning uyi vayron bo‘lgan.
«Hamas hokimiyatni tark etishi va yig‘layotganlarning ovoziga, vayronalar ostidan yangrayotgan ovozga quloq solishi kerak - bu eng haqqoniy ovoz», – deydi Muhammad.
Hamas guruhi 2007 yildan beri G‘azoda to‘liq hukmronlik qilmoqda. Bir yil oldin u Falastin muxtoriyatidagi saylovlarda g‘alaba qozongan, keyin esa G‘azodan raqobatchilarini kuch bilan haydab chiqargandi.
G‘azoda urush boshlanganidan beri Hamasga nisbatan ochiq tanqidlar internetda ham, ko‘chalarda ham tez-tez yangramoqda.
Guruhning hali ham ko‘plab sodiq tarafdorlari bor va bu tarafdorlar va ularning raqiblari nisbati qanchalik o‘zgarganini baholash juda qiyin.
«Kechirasiz, ammo Hamas nimaga umid qilmoqda? U butun dunyo shunchaki raqamlar sifatida qabul qiladigan bizning qonimizga tayanadi, – deb yozdi g‘azolik Muhammad Al-Najar feysbukda. – Hamasning o‘zi ham bizni raqamlar deb hisoblaydi. Mayli, u ketsin, jarohatlarimizga malham qo‘ysin».
Urushdan oldin ham G‘azoda Hamasga qarshilar bor edi, lekin ular o‘z xavfsizligidan qo‘rqib, asosan jim turishardi.
Isroil qariyb ikki oy davom etgan sulh buzilganidan keyin 18 mart kuni G‘azoda Hamasga qarshi harbiy amaliyotni qayta boshladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, urushda halok bo‘lganlar soni 50 mingdan oshib ketgani bois odamlar namoyishga chiqqan. 17 oydan beri davom etayotgan urush aholining tinkasini quritdi, G‘azoni vayronaga aylantirdi. Qariyb 70 foiz binolar butunlay vayrona bo‘lgani tasdiqlangan. Ustiga ustak xalqaro yordam tashkilotlarining ham qo‘li kalta, G‘azogacha gumanitar yuklarni yetkazish amrimahol. Hudud aholisi deyarli to‘liq shu insonparvarlik yuklari hisobiga kun kechirmoqda.
Mavzuga oid

08:05 / 28.03.2025
Netanyahu G‘azoni bosib olish bilan tahdid qilmoqda

19:45 / 24.03.2025
HAMASning yuqori martabali a’zosi Isroil aviazarbasi oqibatida o‘ldirildi

10:23 / 22.03.2025
Germaniya va uning ittifoqchilari G‘azoda sulhni qaytarishga chaqirdi

05:34 / 19.03.2025