Savdo urushidagi yangi operatsiya: Tramp avtomobil importiga 25 foizlik boj joriy etmoqda
Ko‘plab tahlilchilar bu qadam AQShda avtomobil ishlab chiqarish sanoatining bir qismi to‘xtashi, narxlar oshishi va Qo‘shma Shtatlarning ittifoqchilari bilan munosabatlar yomonlashishiga olib kelishi mumkinligini aytmoqda. General Motors va Ford aksiyalari qiymati tushib ketdi.

Foto: Reuters
AQSh prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni butun dunyo bilan savdo urushida navbatdagi qadamni qo‘ydi: u barcha avtomobillar va butlovchi qismlar importiga 25 foizlik bojlar joriy etishini e’lon qildi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, u imzolagan farmonga ko‘ra, avtomobillar uchun yangi bojlar kelasi chorshanba, 2 apreldan kuchga kiradi, ularni undirish esa ertasi kundan boshlanadi. U butlovchi qismlarga bojlarni may oyidan yoki keyinroq joriy etishga va’da bermoqda.
Trampning ta’kidlashicha, bojlar joriy etilishi Amerika avtomobil sanoatida «ulkan o‘sish»ga olib keladi, unga sarmoya kiritishni rag‘batlantiradi va yangi ish o‘rinlarini yaratishga yordam beradi. Tramp ma’muriyati ular AQShga yiliga 100 milliard dollar daromad keltirishini kutmoqda.
Biroq, ko‘plab tahlilchilar bu qadam AQShda avtomobil ishlab chiqarish sanoatining bir qismi to‘xtashi, narxlar oshishi va Qo‘shma Shtatlarning ittifoqchilari bilan munosabatlar yomonlashishiga olib kelishi mumkinligini aytmoqda.
AQShdan tashqaridagi avtomobil ishlab chiqaruvchilari, jumladan Toyota Motor Corp. va BMW AG kompaniyalari uchun lobbistlik qiluvchi Autos Drive America tashkiloti yangi tariflar teskari natija berishi haqida ogohlantirdi. «Bugun joriy etilgan tariflar AQShda avtomobil ishlab chiqarish va sotishni qimmatlashtiradi, bu esa oxir-oqibatda narxlar oshishiga, iste’molchilar uchun imkoniyatlar qisqarishiga va Amerikada ish o‘rinlari kamayishiga olib keladi», – dedi tashkilot prezidenti Jyennifer Safavian.
O‘tgan yili AQSh 240 milliard dollarlik sakkiz million dona mashina import qildi, bu mamlakatda sotilgan barcha mashinalarning taxminan yarmini tashkil qiladi.
AQShda avtomobillarning asosiy yetkazib beruvchisi Meksika, undan keyingi o‘rinlarda Janubiy Koreya, Yaponiya, Kanada va Germaniya turadi.

Amerikaning ko‘plab avtomobil kompaniyalari esa Qo‘shma Shtatlar, Kanada va Meksika tomonidan allaqachon tashkil etilgan erkin savdo zonasining afzalliklaridan foydalanib, ishlab chiqarishni ushbu ikki qo‘shni mamlakatda joylashtirmoqda.
AQShning o‘zida avtomobillar ko‘pincha import qilingan butlovchi qismlardan yig‘iladi va ular ham, Trampning rejalariga ko‘ra, bojlarga duchor bo‘ladi.
To‘g‘ri, Oq uyning tushuntirishicha, Meksika va Kanadadan kelgan butlovchi qismlar uchun vaqtinchalik istisno qilinadi – AQSh bojxonachilari va chegarachilari nazorat va boj yig‘ish tizimini yo‘lga qo‘ymaguncha.
AQShning Kanada va Meksika bilan chegaralaridan har kuni bir necha milliard dollarlik yuklar olib o‘tiladi.
Amerikaning General Motors avtomobil kompaniyasi aksiyalari chorshanba kuni, Trampning bayonotidan keyin taxminan 3 foizga tushib ketdi. Boshqa kompaniyalar, jumladan, Ford aksiyalari ham arzonlashdi.
Payshanba kuni ertalab Tokioda savdolar ochilishida Yaponiya avtomobil kompaniyalari – Toyota, Nissan, Honda aksiyalari ham qadrsizlangan.

Jurnalistlarning o‘z qarorini bekor qilishi ehtimoli bor-yo‘qligi haqidagi savoliga Tramp bunday ehtimol yo‘qligiga ishontirdi.
Prezident avtomobil ishlab chiqaruvchi «katta uchlik» – Ford, General Motors va Stellantis vakillari bilan yangi bojlar haqida gaplashganini aytgan.
«Agar bu yerda zavodlaringiz bo‘lmasa, ularni qurishingiz kerak bo‘ladi, chunki aks holda boj to‘lanishi kerak, bu juda oddiy. Agar siz avtomobilni AQShda ishlab chiqarsangiz, unda bojlar sizga taalluqli bo‘lmaydi», – dedi u.
Oq uy matbuot kotibi birinchi muovini Harrison Fildsning aytishicha, 25 foizlik tariflar import qilinadigan yengil avtomobillar (sedanlar, yo‘ltanlamaslar, krossoverlar, minivenlar, furgonlar) va yengil yuk mashinalari, shuningdek, dvigatellar, transmissiyalar va elektr qismlari kabi asosiy avtomobil qismlariga taalluqlidir.
Import bojlari (ingliz tilida ular tariflar deb ataladi – «tariff») – bu hukumat yig‘adigan, import qiluvchi kompaniya, ya’ni bojlarni joriy etgan mamlakatda ishlaydigan kompaniya to‘laydigan soliq.
Donald Tramp Amerika ishlab chiqaruvchilarini himoya qilish va Qo‘shma Shtatlarning o‘zida ishlab chiqarishni rag‘batlantirish maqsadida AQShga olib kiriladigan ko‘plab tovarlarga bojlar joriy etmoqda yoki joriy etish bilan tahdid qilmoqda.
Biroq, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning bir qismiga yordam berish bilan bir qatorda bojlar Amerika firmalari, jumladan, chet eldan butlovchi qismlar yetkazib berishga bog‘liq bo‘lgan avtomobil ishlab chiqaruvchilarining xarajatlarini oshiradi.
Anderson Economic Group tahliliga ko‘ra, faqat Meksika va Kanadadan butlovchi qismlarga 25 foizlik bojlar Amerika avtomobillari narxini modelga qarab 4 000 dan 10 000 dollargacha oshiradi.
Amerika avtomobilsozlik sanoati Tramp tomonidan alyuminiy va po‘lat importiga kiritilgan bojlar tufayli allaqachon muammolarga duch kelgan, Ford va General Motors kabi yirik kompaniyalari so‘nggi paytlarda Trampni sohaga yangi bojlar bilan zarba bermaslikka chaqirgandi.
Amerika tashqi savdo komissiyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, 25 foizlik bojlar importni deyarli to‘rtdan uch qismga qisqartirishi, shu bilan birga AQShdagi narxlar darajasini 5 foizga oshirishi mumkin.
Biroq, Tramp ma’muriyati amerikalik ishchilar import qilingan qismlardan avtomobil yig‘ish o‘rniga ko‘proq butlovchi qismlar yasashlarini xohlashini tushuntirmoqda. Oq uyning fikricha, bojlar kompaniyalarni ishlab chiqarishni AQShga ko‘chirishga majbur qiladi.
Shu kunlarda Janubiy Koreyaning Hyundai avtomobil giganti AQShga 21 mlrd dollar sarmoya kiritishi va Luizianada yangi po‘lat zavodi qurishini rasman e’lon qildi.
Trampning aytishicha, Hyundai’ning bu qarori bojlar «juda kuchli ishlayotgani»ni tasdiqlaydi.
United Autoworkers avtomobil sanoati kasaba uyushmasi yetakchisi Shon Feyn Trampning qarorini ochiqchasiga ma’qullab, u «o‘nlab yillar davomida ishchilar sinfini yo‘q qilgan „erkin savdo“ deb nomlangan falokatning yakuniga yaqinlashayotganini tezlashtirayotgani»ni aytdi.
Noyabrdagi saylovlarga qadar Shon Feyn Tramp haqida butunlay boshqacha fikrda edi.
«Donald Tramp – umrida hech qachon haqiqiy ishda ishlamagan milliarder. U og‘ir ish to‘g‘risida mutlaqo hech narsa bilmaydi, avtomobil zavodida bir kun ham ishlamasdi. U ishchi bo‘lishga ham, prezident bo‘lishga ham yaramaydi. Tramp bizni tushunmaydi, hurmat qilmaydi va mutlaqo to‘g‘ri tasavvur qilmaydi. Avtomobil sanoati ishchilari bilan Trampning ishi yo‘q», – degandi o‘tgan yil oktyabrida United Autoworkers raisi.
Trampning butun dunyo bilan savdo urushidagi yangi qadamini Amerika avtomobil sanoati siyosati bo‘yicha kengashi rahbari Mett Blant ham ma’qulladi va Amerika avtomobil ishlab chiqaruvchilari «prezident Trampning avtomobil ishlab chiqarish va AQShda ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha qarashlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi»ni aytdi.
«Kanadaga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum»

Kanada bosh vaziri Mark Karni Trampning bojlar haqidagi qarorini Kanada va uning avtomobil sanoatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum deb atadi.
«Bu bizga og‘riqli zarba beradi. Ammo biz bu kunlardan birgalikda o‘tamiz va yanada kuchliroq bo‘lamiz», – dedi Karni.
Mart oyida Tramp Meksika va Kanadadan import qilinadigan tovarlarga 25 foizlik bojlar joriy qilgan, biroq ularni erkin savdo shartnomasi (USMCA) doirasidagi tovarlar, jumladan, avtomobillar va ehtiyot qismlar uchun bir oyga kechiktirgandi.
Yaponiya bosh vaziri Sigeru Isiba uning hukumati Amerika bojlariga qanday javob berishning barcha variantlarini ko‘rib chiqishini aytdi.
Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Yevropa Ittifoqi ehtimoliy oqibatlar va javob choralari variantlarini o‘rganishini aytdi.
«Oldin ham aytganimdek, bojlar – bu soliq. Bu biznes uchun yomon, iste’molchilar uchun – undan ham yomonroq, AQShda ham, Yevropa Ittifoqida ham bir xil darajada», – deya qo‘shimcha qildi fon der Lyayyen.
Britaniya hukumati AQSh ma’muriyati bilan savdo bitimi bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda va BBC ma’lumotlariga ko‘ra, bojlar kuchga kirgunga qadar bunday bitimni tuzish ulgurishga umid qilmoqda.