O‘zbekiston | 22:34 / 28.03.2025
3223
5 daqiqa o‘qiladi

28 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Elektr va gaz uchun 1 oyga surilgan narx oshishi, prezidentning Olmaotaga safari, Boysunda yana sizib chiqqan vodorod sulfid va «Toshshahartransxizmat» sobiq rahbariyatiga sud hukmi — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Boysunda yana gaz otilishi yuz berdi

Surxondaryodagi Boysun tumanida joylashgan gaz konida yana vodorod sulfidining otilishi qayd etildi. Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 27 mart kuni “M-25” gaz konidagi 202-sonli quduqda otilish nazorat ostida amalga oshirilgan va hech kim jabrlanmagan. Tabiatga ziyon yetkazmaslik va havo ifloslanishining oldini olish maqsadida quduq yoqib qo‘yilgan.

Hodisadan so‘ng hodisa joyiga zudlik bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi brigadasi va maxsus shtab vakillari yetib borgan. Barcha zarur texnika va uskunalar yordamida xavfsizlikni ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil sentabr oyida ushbu kondagi boshqa quduqda yuqori bosimli gaz sizib chiqishi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan, o‘n bir nafar kishi jarohatlangan edi.

Gaz va elektr narxi oshirilishi 1 maygacha kechiktirildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tariflarni oshirishni bir oyga kechiktirishni buyurdi.

Endi gaz va elektr energiyasining yangi narxlari 1 aprel emas, 1 maydan boshlab amalga kiritiladi.

Bu haqda bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov ma’lum qildi. Uning aytishicha, davlat rahbari sohaga oid ishonchli ta’minot va oqilona iste’mol masalalari bo‘yicha ham alohida topshiriqlar bergan.

Tariflar bosqichma-bosqich oshirilayotgani ma’lum. O‘tgan yili bazaviy narxlar ko‘tarilgan va ijtimoiy me’yorlar joriy qilingandi. Ya’ni 1 maydan boshlab elektr energiyasi uchun oyiga 200 kWhʼgacha tarif uchun har bir kilovatt-soat uchun 600 so‘m, tabiiy gaz uchun esa 100 metr kubgacha har bir metr kub uchun 1000 so‘mdan to‘lash kerak bo‘ladi.

Mirziyoyevning Olmaotaga amaliy tashrifi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 mart kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev taklifiga binoan Olmaota shahriga amaliy tashrif bilan boradi. Safar doirasida oliy darajadagi norasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tadi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda. Savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport, logistika, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalalari e’tibor markazida bo‘ladi.

Shuningdek, 31 mart kuni prezident Mirziyoyev Tojikistonning Xo‘jand shahriga ham tashrif buyurishi kutilmoqda. U yerda O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston rahbarlari uch davlat chegaralari tutashgan nuqtasi to‘g‘risidagi shartnomani imzolashi rejalashtirilgan.

«Toshshahartransxizmat» sobiq rahbariga 7,5 yil qamoq

«Toshshahartransxizmat» AJ sobiq rahbari Anvar Jo‘rayev va uning o‘rinbosari Abdujamil Azizovga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Sud ularni davlat mulkini talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va boshqa moddalar bo‘yicha aybdor deb topdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudida 2025 yil 3 fevralda o‘tkazilgan ochiq sudda jami 21 nafar ayblanuvchiga nisbatan hukm chiqarildi. Jo‘rayev 7 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi va 3 yilgacha «Toshshahartransxizmat» tizimida rahbar lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi.

Sud hujjatlarida qayd etilishicha, ayblovchilarning qilmishlari 24 ta jinoiy epizodda aks etgan. Ular juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish, soliq to‘lamaslik, soxta hujjat tayyorlash va jinoiy daromadlarni legallashtirish kabi qilmishlarda aybdor deb topilgan.

Bozorlarning hokimliklarga tegishli ulushi xususiylashtiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 27 mart kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda bozorlarga egalik qilishda hokimliklarning majburiy ishtiroki to‘g‘risidagi talab bekor etilishi ma’lum qilindi. Bu tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratadi, deyildi yig‘ilishda.

Hozirgi kunda 537 ta bozor va savdo majmualarining kamida 51 foizi mahalliy hokimliklarga tegishli. Yangi tartibga ko‘ra, bu mulklar xususiylashtirilishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, kichik va sotilmay turib qolgan yer uchastkalari birlashtirilib, auksionga chiqariladi. Toshkentda 102 ta samarasiz bino va 97 gektar bo‘sh yer aniqlanib, 60 mlrd so‘mlik tushum qayd etildi. Endilikda bu tajriba barcha viloyat markazlarida joriy etiladi.

Mavzuga oid