Jahon | 15:23 / 30.03.2025
4301
4 daqiqa o‘qiladi

Hamas Isroil bilan sulh bo‘yicha yangi taklifni qabul qildi

Isroil va Hamas o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish masalasi yana muzokaralar stolida.

Foto: AFP

Falastinning Hamas guruhi vositachilarning G‘azo sektoridagi otashkesimni tiklash va 50 kunlik sulh evaziga yana besh nafar isroillikni garovdan ozod qilish bo‘yicha taklifini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Hamasning G‘azo sektoridagi yetakchisi Xalil al-Xayya shanba kuni kechqurun guruh Misr va Qatar muzokarachilari tomonidan yuborilgan kelishuv loyihasini ma’qullaganini bildirdi.

«Ikki kun oldin Misr va Qatar vositachilaridan taklif oldik. Biz unga ijobiy munosabatda bo‘ldik va uni qabul qildik», - dedi Hamas guruhiga o‘t ochishni to‘xtatishni ta’minlashga qaratilgan  muzokaralarda rahbarlik qilayotgan al-Hayya o‘z videomurojaatida.

Xavfsizlik sohasidagi manbalar payshanba kuni Reuters agentligiga xabar berishicha, Misr Isroildan ham yangi taklif bo‘yicha ijobiy signallar olgan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu idorasi ham reja yetib kelgani va «vositachilarga Qo‘shma Shtatlar bilan to‘liq muvofiqlashtirilgan holda javob taklifi» taqdim etilganini aytdi.

Agar kelishuvga erishilsa, bu Ramazon hayitiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Shanba kuni Netanyahu idorasi vositachilarning o‘t ochishni to‘xtatish taklifi bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazganini ma’lum qilgandi. Bosh vazir idorasi Isroilning javob taklifi AQSh bilan kelishilganini bildirgan, biroq qo‘shimcha tafsilotlar keltirilmagan. AQSh hozircha bu borada jamoatchilikka izoh bermadi.

Tomonlar o‘rtasida 19 yanvardan buyon amalda bo‘lgan sulhning birinchi bosqichi mart oyi boshida tugagandi.

Tomonlar shundan keyin kelishuvning ikkinchi bosqichi haqida kelisha olmagandi.

Birinchi bosqich davomida Hamas garovdagi 33 kishisini ozod qildi, ulardan 25 nafari tirik holda qaytarildi. Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan guruh hali ham 59 kishini garovda ushlab turgani taxmin qilinmoqda (va ularning hammasi ham tirik emas).

Avvalroq Hamas Isroil qo‘shinlarini G‘azodan to‘liq olib chiqish va urushni to‘xtatish evaziga garovda qolayotganlarning barchasini ozod qilishni nazarda tutuvchi ikkinchi bosqich bo‘yicha muzokaralar boshlanishi haqidagi dastlabki kelishuvga rioya qilishni talab qilgandi. Biroq bunday muzokaralar boshlanmayotgandi.

Buning o‘rniga Isroil va AQSh sulhning bir oy oldin tugagan birinchi bosqichini urush tugashiga aniq kafolat bermasdan uzaytirishni taklif qildi.

Isroil Hamasni muddatni uzaytirishdan bosh tortganlikda aybladi va 18 mart kuni G‘azoga hujumlarni qaytadan boshladi.

Hamas nazoratidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi o‘tgan vaqt ichida Isroil havo hujumlari oqibatida sektor bo‘ylab 900 dan ortiq odam halok bo‘lganini xabar qilgan.

Garovda qolayotgan isroilliklarning qarindoshlari Netanyahuni o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzib, ularning hayotini xavf ostiga qo‘yganlikda aybladi.

Garovga olinganlardan biri Elkana Boxbot Hamas tomonidan e’lon qilingan yangi videoda uni ozod qilishlarini so‘rab iltimos qilgani aks etgan.

Hamasga qarshi urush uning a’zolari 2023 yil 7 oktyabrda Isroil janubiga hujum qilib, 1200 ga yaqin odamni o‘ldirishi va 251 kishini garovga olishi ortidan boshlangandi. Isroil bunga javoban G‘azo sektoriga keng ko‘lamli bosqin uyushtirdi, natijada 50 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan.

Mavzuga oid