Jahon | 08:33 / 04.04.2025
1641
3 daqiqa o‘qiladi

USAGM «Ozodlik radiosi»ning Rossiyadagi eshittirishlari translatsiyasini to‘xtatdi 

Sun’iy yo‘ldoshning o‘chirilishi «Nastoyashcheye vremya» telekanalining Rossiya, Ukraina, Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropaga 24 soatlik rus tilidagi efiriga ta’sir qildi, dedi media korporatsiya ijrochi direktori Stiven Kapus.

Foto: David W Cerny/REUTER

AQShning Global media agentligi (USAGM) 3 aprel, payshanba kuni "Ozod Yevropa radiosi/Ozodlik radiosi"ning rus tilidagi eshittirishlarini translatsiya qiluvchi sun’iy yo‘ldosh xizmatlarini o‘chirib qo‘ydi. «Biz bugun ishga keldik va Rossiyani qamrab olgan sun’iy yo‘ldosh xizmatlari USAGM tomonidan o‘chirilganini aniqladik», dedi "Ozod Yevropa radiosi/Ozodlik radiosi" ijrochi direktori Stiven Kapus AFP'ga.

Qaror «Nastoyashcheye Vremya» telekanalining Rossiya, Ukraina, Markaziy Osiyo, Sharqiy Yevropa va boshqa mintaqalarga 24 soatlik efiriga ta’sir ko‘rsatdi. Kapusning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasidagi tomoshabinlar endi o‘z ekranlarida qizil fonda quyidagi yozuvni ko‘rishmoqda: «Shuni afsus bilan xabar qilamizki, Amerika Qo‘shma Shtatlarining Global media agentligi «Nastoyashcheye Vremya» translatsiyasini to‘xtatishga qaror qildi». USAGM hozircha hodisaga izoh bermadi.

25 mart kuni Vashingtondagi federal okrug sudi AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati va USAGM bosh direktori Kari Leykning "Ozod Yevropa radiosi/Ozodlik radiosi" media korporatsiyasini moliyalashtirishni to‘xtatish haqidagi qarorini vaqtincha blokladi. Sudya Roys Lambert hukm ijrosi "Ozod Yevropa radiosi/Ozodlik radiosi"ga tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazadi, degan xulosaga keldi. «USAGM rahbariyati bir ibora bilan va hech qanday asossiz "Ozod Yevropa radiosi/Ozodlik radiosi"ni prezident buyruq bergan bo‘lsa ham, faoliyatini to‘xtatishga majburlay olmaydi», — dedi u.

2025 yilning oktyabrigacha "Ozodlik radiosi" AQSh federal hukumatidan mediakompaniya faoliyati uchun Kongress tomonidan ajratilgan yana 77 million dollar olishi kutilmoqda. "Ozod Yevropa radiosi/Ozodlik radiosi" 1953 yilda tashkil etilgan mustaqil media korporatsiyadir. Uning ishi Donald Tramp Oq uyga qaytganidan so‘ng xodimlari qisqartirilgan Global media agentligi orqali AQSh Kongressi tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid