Sport | 08:07 / 06.04.2025
17518
3 daqiqa o‘qiladi

Bahodir Jalolov ukrainalik raqibni mag‘lub etdi

U professional faoliyatida ilk bor nokaut bilan g‘alabaga erisha olmadi.

©Turar Kazangapov, Vesti.kz

O‘zbekistonlik ikki karra Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov (15–0, 14 KO) 5 aprel kuni Ostonadagi professional boks oqshomi doirasida ukrainalik Igor Shevadzutskiyni (12–3, 10 KO) mag‘lubiyatga uchratdi.

Birinchi raundda Jalolov tashabbusga egalik qildi, ammo raund oxirida Shevadzutskiy ham yaxshi hujumlar uyushtirdi. Keyin esa o‘zbekistonlik bokschi o‘ng jyeb va chap to‘g‘ri zarba kombinatsiyasi bilan yaxsh ishladi va ringda ustunlik qila boshladi. Uchinchi raundda «Katta o‘zbek» laqabli bokschi ukrainalik raqibni aynan shu uslubda nokdaunga uchratdi.

Igor Shevadzutskiy tezda o‘ziga keldi va birinchi raqam ostida harakatlanishda davom etdi. Jalolov oyoqda yaxshi ishladi, tezlik, epchillik va chap qo‘ldagi reaktiv zarbalari bilan javob qaytardi. 

Yettinchi raund oxirida 35 yoshli ukrainalik uchta zarbasini Jalolovga tekkizib, uni sarosimaga tushirib qo‘ydi va Olimpiada o‘yinlarining ikki karra chempioni osonlik bilan g‘alaba qozonishini kutganlarga adashganini ko‘rsatib qo‘ydi.

Yakuniy, o‘ninchi raundda muxlislar jang qilishdan ko‘ra ko‘proq klinchda quchoqlashib turgan bokschilarga hushtak chala boshladi. Natijada muxlislar «Igor, Igor!» deb qichqira boshladi va Shevadzutskiy faolroq bo‘ldi, deb yozadi Qozog‘iston nashri.

Uchrashuv yakunida Bahodir Jalolov hakamlarning yakdil qarori bilan g‘alaba qozondi (100–89, 97–92, 97–93).

Bahodir Jalolov ikki karra jahon (2019, 2023) va Olimpiya o‘yinlari (2020, 2024) chempioni hisoblanadi. Professional sifatida u 2015 yilning may oyida debyut qilgan. Shu vaqtga qadar Jalolov 15 ta g‘alabaga erishgan va birorta ham mag‘lubiyatga uchramagan. Shevadzutskiy unga nokaut bilan yutqazmagan ilk raqib bo‘ldi.

Jalolov professional boksdagi oxirgi jangini 2023 yil noyabrida o‘tkazib, Kris Tompsonni mag‘lub etgandi.

Ostonadagi boks kechasida o‘zbekistonlik yana bir bokschi Otabek Xolmatov 8 raundlik jangning oxirgi raundida filippinlik Jyeyson Kanoni nokautga uchratdi.

Bu bir yillik tanaffusdan so‘ng yana ringga qaytgan yarimengil vazn toifasidagi sportchining faoliyatidagi 13-g‘alabasi bo‘ldi.

Mavzuga oid