Sport | 10:12 / 06.04.2025
15386
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston boks jamoasi jahon kubogida 5 ta oltin qo‘lga kiritdi

Finalga chiqqan yetti nafar o‘zbekistonlikdan besh nafari g‘alaba qozondi va jamoa umumiy reytingda birinchi o‘rinni egalladi. Mezbon Braziliya ikkinchi, qozog‘istonliklar uchinchi bo‘lishdi.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi rasmiy kanali

Braziliyaning Fos-du-Iguasu shahrida kattalar o‘rtasida yangi tuzilgan World Boxing tashkiloti homiyligidagi Jahon kubogining birinchi bosqichi yakunlandi.

To‘lqin Qilichev boshchiligidagi erkaklar jamoasining 10 nafar vakilidan faqat ikki a’zosi medalsiz qoldi: Parij-2024 Olimpiadasi chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev (-65 kg) turnirdagi ishtirokini chorakfinaldan boshlagandi, ammo ilk jangdayoq mezbonlar vakili Yuri Reysga yutqazdi. Iqboljon Xoldorov (-70 kg) saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgandi, ammo chorakfinalda angliyalik Odel Kamaraga yutqazib qo‘ydi.

Madiyar Daniyarov (-60 kg) chorakfinalda italiyalik raqibdan ustun kelgandi, yarimfinalda braziliyalik Luiz Oliveyraga yutqazdi va bronza bilan kifoyalanishga majbur bo‘ldi.

5 aprel kuni musobaqaning final bahslari o‘tkazildi, unda O‘zbekistondan 7 nafar vakil finalga chiqib, ulardan 5 nafari oltin medalga ega bo‘lishdi, 2 nafar bokschi kumush bilan kifoyalandi.

Asilbek Jalilov (-50 kg) final yo‘lida dastlab qozog‘istonlik Nurzat Ongarovni va hindistonlik Jadumani Mandengbamni mag‘lub etdi, oltin uchun jangda esa Fransiya vakili Niki Kummingsga ham hech qanday imkoniyat qoldirmadi.

Asilbek Jalilov

Fazliddin Erkinboyev (-75 kg) ishtirokini yarimfinaldan boshladi va Mixal Yarlinski (Polsha) ustidan g‘alabaga erishib, finalga yo‘l oldi. Oltin uchun bahsda esa Kauye Belinini qiyinchiliksiz mag‘lub etdi. Fazliddin jang davomida uni nokdaun holatiga ham tushirdi.

Fazliddin Erkinboyev

Javohir Ummataliyev (-80 kg) chorakfinalda AQSh vakili Robbi Gonsalesni 3:2 hisobida mag‘lub etib, keyingi bosqichga yo‘l olgandi, yarimfinalda qozog‘istonlik Dias Moljigitovga qarshi bahs olib borib, qiyinchiliklarsiz g‘alabani qo‘lga kiritdi (5:0). Finalda braziliyalik Vanderlay Perreyrani 4:1 hisobida yengib, jamoa hisobiga navbatdagi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi.

Javohir Ummataliyev

O‘zbekiston boks jamoasining hozirgi avlodi yetakchisi To‘rabek Habibullayev (-90 kg) ham ishonchni to‘la oqladi. U ishtirokini yarimfinaldan boshladi va hindistonlik Vishalni qiyinchiliksiz mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi (5:0). Finalda ham angliyalik Isaak Okohga hech qanday imkoniyat qoldirmadi (5:0).

To‘rabek Habibullayev

Jahongir Zokirov (+90 kg) ham ishtirokini yarimfinaldan boshladi va qozog‘istonlik Daniyal Saparbayga hech qanday imkoniyat qoldirmadi (5:0). Finalda esa angliyalik Damar Tomasni 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Jahongir Zokirov

Finalga chiqqan ikki o‘zbekistonlik – Mirazizbek Mirzahalilov va Akmaljon Isroilov esa Qozog‘iston vakillariga yutqazishdi.

Mirzahalilov (-55 kg) musobaqada eng ko‘p - to‘rt bor jang o‘tkazdi. U finalgacha bo‘lgan yo‘lda Nebil Ibrahim (Shvetsiya), Nikolas Pavlik (Polsha) va Jose Felipe (Gvatemala) kabi raqiblardan ustun keldi, ammo finalda qozog‘istonlik Nursultan Altinbekga hakamlarning qarorlariga ko‘ra 3:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Akmaljon Isroilov (-85 kg) saralash jangida Leonid Berishadan ustun keldi, yarimfinalda polshalik Yakub Strashevskini taslim etdi, ammo finalda qozog‘istonlik Daulet Tulemissovga 3:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Akmaljon Isroilov

Natijada Qozog‘iston jamoasi jami oltita medalga (uchta oltin va uchta bronza) ega chiqdi va umumiy reytingda uchinchi o‘rinda joylashdi. Jahon kubogining keyingi bosqichiga Qozog‘iston mezbonlik qiladi.

photo_2025-04-06_08-52-44.jpg
photo_2025-04-06_08-53-49.jpg
photo_2025-04-06_08-54-15.jpg
photo_2025-04-06_08-54-56.jpg
photo_2025-04-06_08-53-20.jpg

Mavzuga oid