Dunyoga boj qo‘ygan Tramp, hibsga olinmagan Netanyahu – hafta dayjesti
Assalomu alaykum. Bugun 6 aprel, yakshanba. Martning oxirgi haftalarida bir necha kun tinmay yomg‘ir yog‘gandi. O‘sha havo oqimida boshqalardan ortda qolib ketgan bulutlar osmonimizdan bemalol suzib o‘tmoqda. Aprelning salqin oqshomlarida bizning Samarqand ayniqsa gavjum bo‘lyapti. Kechqurun Registon maydoni atrofida oyoq qo‘yadigan joy topish qiyin.
Shahrimizda sayyohlik mavsumi avjida. Bahorda shahar xorijlik sayyohlarning sevimli manziliga aylanadi. Mehmonxonasi, sayyohlik shirkati yoki oshxonasi borlar qo‘li-qo‘liga tegmay ishlayapti, barakasini bersin. Shu o‘rinda barchangizni sayohat qilishga chorlaymiz. O‘zbekistonda chiroyli, bahavo joylar juda ko‘p axir.
Aprelning ajoyib kunida hafta davomida dunyoda nimalar sodir bo‘lganini yodga olamiz. Iltimos, YouTube-kanalimizda yuklangan videoga like bosing, izohlarda fikringizni qoldiring. Shu tariqa videomizni imkon qadar ko‘proq odam ko‘rishiga yordam bergan bo‘lasiz.
Tramp Rossiyadan boshqa hammaga boj kiritdi
Donald Tramp davlatlarga boj kiritishni juda yaxshi ko‘radi. Axir u Amerika prezidenti, bu davlat kiritadigan bojlar istalgan boshqa davlatni qiyin ahvolga tushirib qo‘yishi mumkin. Balki Trampga mana shu jarayonni kuzatish yoqar.
Tramp bu gal mayda-chuyda qilib o‘tirmadi-da butun dunyodagi hamma davlatlarga import boji joriy qildi. Hatto kimsasiz orollarga ham. Barcha uchun turlicha foizlarda boj e’lon qilindi va Tramp xuddi burgerxonadagi menyuga o‘xshatib yasalgan katta qog‘ozdagi ro‘yxatni maqtanib ko‘rsatdi.
Tramp imzolagan hujjatga ko‘ra, import bojlari faqat dori-darmon vositalari, yarimo‘tkazgichlar, yog‘och va ba’zi minerallarga nisbatan qo‘llanmaydi. Ular uchun keyinroq alohida boj e’lon qilinishi mumkin.
Qizig‘i, hatto kimsasiz orollar ham quruq qolmagan boj ro‘yxatidan ikkita davlat tushib qolgan: Rossiya va Belarus. Tramp ma’muriyatidagilar bu ikki davlatni esdan chiqargandir desak, Rossiya juda katta. Keyinchalik Tramp Amerika Rossiya bilan deyarli savdo qilmayotgani uchun boj ro‘yxatiga qo‘shilmaganini aytdi. Lekin oxirgi yil davomida ikki davlat tovar aylanmasi 3,5 milliard dollardan oshgan.
Fransiyada siyosiy mojaro
Hafta davomida Fransiyada yirik siyosiy mojaro avj oldi. Fransiya muxolifati yetakchisi, amaldagi prezident Makronning asosiy raqibi Marin Le Pen 4 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Hukmga ko‘ra, Le Pen 5 yilga har qanday saylovda qatnasha olmaydi. Jazoning ikki yili shartli qamoq hisoblanadi, ya’ni Le Pen bemalol ozodlikda yuraveradi. Keyingi ikki yilda esa u maxsus nazorat bilaguzugi taqib yurishga majbur bo‘ladi.
Parij sudi Le Pendan tashqari uning partiyasidan Yevroparlamentga saylangan 8 deputat va yana 12 yordamchisini Yevroparlament ajratgan pullarni nomuvofiq ishlatishda aybdor deb topdi. Shu tariqa Le Pen 2027 yilgi saylovda nomzodini ko‘rsata olmaydi. Vaholanki, Makron qatnashmaydigan bu saylovda Le Pen asosiy favorit bo‘lishi kutilayotgandi. Ayblanuvchilar orasida Le Penning yanvar oyida 96 ga kirib vafot etgan otasi Jan-Mari Le Pen ham bor. Umumiy hisobda 21 kishi 7 million yevroni nomuvofiq ishlatishda ayblangan. Ya’ni ular bu pullarni o‘zlashtirishda emas, aynan noto‘g‘ri ishlatishda ayblangan.
Butun dunyoda Le Pen saylovda qatnashish huquqidan mahrum qilinganini qoralab chiqishdi. Le Penning tarafdori Bruno Golnish hukmga munosabat bildirarkan, «Iso payg‘ambar ham aybdor deb topilgandi», deb aytdi.
Neft arzonladi
Donald Trampning import bojlari va Xitoyning javob choralari fonida dunyo bozorida Brent markali neft narxi 1 barrel uchun 64,35 dollargacha tushib ketdi. Bu oxirgi 4 yillikdagi eng past narx hisoblanadi.
Neft narxi tushishiga OPEK+ davlatlari may oyida qazib olishni kuniga 411 ming barrelga oshirish bo‘yicha kelishib olgani ham sabab bo‘lgan. Avvaliga ular kunlik qazib olishni 135 ming barrelga oshirishga kelishgandi. Xitoy AQShdan keladigan har qanday mahsulotga 34 foiz qo‘shimcha boj joriy qilgani narx tushishini tezlashtirgan.
Endi hech qanday «qizil chiziq» yo‘qmi?
Urush boshlanganidan keyin qizil chiziq degan ibora ko‘z oldimizda qadrsizlanib bormoqda. Avval falon davlat falon ishni qizil chiziq deb atadi deyishsa, demak o‘sha ish bo‘lsa, dunyo ostin-ustun bo‘ladi, deb o‘ylashardi. Biroq endi bunaqa emas. Ayniqsa aksar cheklov va personal sanksiyalar shunchaki xo‘jako‘rsinga ekani ko‘rinib qoldi.
Masalan, ortda qolgan haftada kuzatilgan ikki tashrifga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Rossiyalik muzokarachi Kirill Dmitriyev 2-3 aprel kunlari Vashingtonda Tramp ma’muriyati vakillari bilan muzokara o‘tkazishini aytdi. Ma’lumot uchun, aslida Ukrainada tug‘ilgan bu odam AQSh sanksiyasiga tushgan, rasman bu davlatga borolmaydi. Lekin bora olarkan. CNNning yozishicha, AQSh unga viza berish uchun vaqtincha sanksiyani bekor qilib turgan.
Yana bir tashrif Vengriyaga amalga oshirildi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Budapeshtga bordi. Uni tantanali kutib olishdi. Endi diqqat qiling, Binyamin Netanyahu Haagadagi xalqaro jinoyat sudi tomonidan G‘azodagi genotsidda aybdor deb topilib, hibsga olishga order berilgan. Vengriya esa Rim statutini ratifikatsiya qilgan. Bu kelishuvni imzolash orqali davlatlar Haaga sudi order bergan odamlarning qo‘lini qayirib ushlab, oyog‘ini yerga tekkizmay Niderlandiyadagi sudga olib borishga rasman va’da bergan. Lekin bunday bo‘lmadi. Xuddi Mo‘g‘uliston Putinni qo‘lga olmagani kabi, Vengriya Netanyahuni qo‘lga olmadi.
Yetmaganiga Viktor Orban boshchilik Vengriya Netanyahu tashrifidan keyin Xalqaro jinoyat sudi yurisdiksiyasidan chiqishini e’lon qildi. Qizig‘i, Viktor Orban aynan Haaga sudi Netanyahuni hibsga olishga order berganidan keyin Isroil bosh vazirini shaxsan Vengriyaga taklif qilgandi.
Ha, o‘rtoqlar. Ikki urush fonida ko‘z o‘ngimizda xalqaro huquq degan tushuncha yo‘q bo‘lib bormoqda. Bu kuchlilar kuchsizlarni xohlagan ko‘yga solishiga imkon yaratadi. Bu juda xavfli. Hech kim bir-birini eshitmagan, men kuchliman deb o‘ylagan zo‘ravon davlatlar boshqa davlatlarga bezbetlarcha hujum qilgan o‘tgan asrning 30-yillarida ham mana shunday huquqsizlik sabab juda yomon voqealar boshlangandi.
Isroil Suriyaga hujum qildi
Isroil Suriyadagi qator nishonlarga aviazarbalar yo‘lladi. Xususan, poytaxt Damashqdagi nishonlar zarbaga uchradi. Yetmaganiga Isroil Suriya janubida quruqlik amaliyoti ham o‘tkazdi.
Isroil zarbalaridan avval Turkiya Suriyadagi aviabazalarga qiruvchi samolyotlar va havo hujumidan mudofaa tizimlari joylashtirishni o‘ylayotgani haqida xabarlar chiqqandi. Isroil aynan shunga javob tariqasida zarbalar yo‘llagani aytilmoqda.
Ahmad ash Shar’a boshchilik yangi Suriya hukumati Isroil zarbalarini qoralash bilan cheklandi, hech qanday javob choralari bo‘lmadi. Chunki hozirgi Suriyada Isroilga javob beradigan imkoniyat ham yo‘q.
OAVda yozilishicha, Turkiya Suriyadagi «T4» bazasiga «Hisar» havo hujumidan mudofaa tizimlarini joylashtirib, keyin bazani to‘liq qayta tiklamoqchi. Turkiya Suriya osmonini xavfsiz qilgach yangi hukumatga IShIDga qarshi kurashda yordam bermoqchi. Isroil esa Turkiya Suriyada harbiy quvvatini oshirishini o‘zi uchun xavf deb hisoblaydi.
Finlandiya «ko‘mir balosi»dan qutuldi
Finlandiya poytaxt Helsinkida joylashgan Salmisaar elektrostansiyasini yopdi. Bu mamlakatdagi oxirgi ko‘mirda ishlaydigan issiqlik elektr stansiyasi edi. Halen kompaniyasi o‘ziga tegishli 1953 yilda ishga tushirilgan ko‘mirli elektr stansiyani yoparkan, Finlandiyada ko‘mir erasi tugaganini ma’lum qildi. 1 aprel kuni shu munosabat bilan poytaxt osmonida ramziy qizil tutun chiqarildi.
Finlandiyada 2019 yil qabul qilingan qonunga ko‘ra 2029 yil 1 maydan elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun ko‘mir yoqish rasman taqiqlangandi. 2022 yilda mamlakat 64 foiz enegiyani ko‘mirdan olgan, lekin qisqa vaqt ichida bu balodan qutulishni uddaladi.
Rasmiylarga ko‘ra, endi Finlandiyada bir gramm ham ko‘mir yoqilmaydi, deyishga erta. Chunki energiyaga ehtiyoj oshgan davrda istisno tariqasida ko‘mir yoqilishi mumkin, lekin belgilangan muddatdan 4 yil avval mamlakat faqat ko‘mirda ishlaydigan barcha IESlardan qutulgani katta yutuq. Finlar shu o‘rinda energiya bilan bog‘liq muammo bo‘lishi mumkinligini rad etmagan holda shamol stansiyalariga jiddiy e’tibor qaratishni maqsad qilmoqda.
Erondagi avariyalar
Eronda Navro‘z bayrami munosabati bilan berilgan uzoq muddatli ta’tilda juda ko‘p yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘ldi. 15 martdan 3 aprelgacha Eron yo‘llarida 97 mingdan ortiq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, 838 kishi halok bo‘lgan. Eron politsiyasi yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi direktori Temur Husayni bu hodisalarning aksari ehtiyotsizlik va tezlikni oshirish sabab sodir bo‘lganini aytgan. Bayram kunlari Erondagi xalqaro yo‘llarda aynan tezlikni oshirib haydash sabab yo‘l-transport hodisalari soni keskin oshadi.
Ovechkin Gretskiyning rekordini yangiladi
2025 yil 5 aprel kuni hokkey tarixiga kiradigan bo‘ldi. Shu kuni «Vashington Kepitalz» afsonasi rossiyalik Aleksandr Ovechkin Milliy hokkey ligasi doirasidagi «Chikago Blekhoks»ga qarshi o‘yinda ikkita gol urib, musobaqadagi gollari sonini 894 taga yetkazib oldi. Shu tariqa Ovi afsonaviy Ueyn Gretskiyning takrorlanmas deb atalgan rekordiga yetib oldi. Keyingi shayba uni mutlaq rekordchiga aylantiradi.
Ovechkin ikkinchi shaybani darvozaga yo‘llaganida butun zal oyoqqa turdi va uni olqishladi. Axir Moskvadagi «Dinamo» jamoasi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Ovechkin 2005 yildan buyon Vashington bosh jamoasi tarkibida o‘ynab, klub ramziga aylanib bo‘lgan. Uni Vashingtonda juda yaxshi ko‘rishadi. Bunga urush boshlangani ham, Ovechkin urushni qo‘llamagan ersa-da, «Putin team» a’zosi bo‘lib qolgani ham ta’sir qilmadi. U rekordni yangilagan o‘yinda amaldagi rekord sohibi Ueyn Gretskiy ham ishtirok etdi. O‘yindan keyin kanadalik afsona Vashington Kepitalz kiyinish xonasiga kirib, Ovechkinga maxsus shayba sovg‘a qildi. Rossiyalik hokkeychi esa unga hurmat bajo keltirib shaybani bir tizzasini yerga qo‘ygan ko‘yi qabul qildi.
Bu juda ahmiyatli voqea bo‘ldi. O‘zi sportda juda uzoq yillik rekord yangilanishi muxlislar uchun katta quvonch hisoblanadi, chunki ular tarix yangilanganiga tirik guvoh bo‘lishadi-da. Boshqa tomondan, hozir juda murakkab davr. Ukrainadagi urush sabab AQSh va Rossiya dushmandek bo‘lib qoldi. Biroq rossiyalik superyulduz AQSh poytaxtida okean ortidagi eng asosiy hokkey musobaqa tarixida yangi sahifa ochgan golni urgach barcha urushni ham, siyosatni ham, dushmanchilikni ham unutgandek bo‘ldi. Amerikaliklar rossiyalik sevimli yulduzlarini olqishlashdi, hatto u rekordni takrorlagani uchun yig‘lab xursand bo‘lishdi. Axir «Vashington Kepitalz»ni Ovechkinsiz hech kim tasavvur qilolmaydi.
Ovechkin bir lahza butun dunyoga barchamiz bir osmon ostida yashayotgan bir xil odamlar ekanimizni, sport esa haqiqiy tinchlik elchisi ekanini eslatib qo‘ydi. Bu uchun dunyo hokkeyi afsonasi Oviga rahmat deymiz.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid

13:45 / 23.03.2025
Tramp uchun duo qilgan Putin, Rossiya chegarasiga borgan ingliz shahzodasi – hafta dayjesti

14:43 / 16.03.2025
Dushmani o‘zgargan Rossiya, «mashina bozorga aylangan» Oq uy – hafta dayjesti

16:13 / 09.03.2025
Pokistonda «bosh terrorchi» ushlandi, Suriya yana notinch – hafta dayjesti

17:40 / 23.02.2025