Jahon | 20:03 / 06.04.2025
23896
9 daqiqa o‘qiladi

«Raketa shaharlari». Tehron nima uchun o‘zining maxfiy yerosti bazalarini aynan hozir ko‘rsatishga qaror qildi?

«Agar biz har hafta bitta raketa shaharchasini ko‘rsatadigan bo‘lsak, ikki yildan keyin ham tugatolmaymiz – ular juda ko‘p». Yaqinda Eron shu so‘zlar bilan raketalar saqlanuvchi yana bir maxfiy yerosti bunkerlari majmuasini oshkor qildi, Tehron bu raketalarni Isroil yoki AQShning ehtimoliy hujumiga javoban qo‘llashi mumkin.

Foto: Tasnim

AQSh rasmiylarining anonimlik sharti bilan Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, so‘nggi haftada AQSh Eron va Yamanning qo‘l yetishi mumkin bo‘lgan hududidagi harbiy bazaga «stels» texnologiyasi bilan jihozlangan va Amerikaning eng og‘ir bombalarini olib yurishga qodir oltita qo‘shimcha harbiy samolyotini joylashtirgan.

Eron bunga javoban Amerikaning mintaqadagi katta harbiy ishtiroki ular «shisha devorli xonadaligi» va «tosh otmasligi» kerakligini anglatishini bildirdi.

Eron, shuningdek, Chagos arxipelagidagi Diyego-Garsiya orolida joylashgan harbiy bazani bombardimon qilish bilan tahdid qildi – bu Hind okeanidagi Britaniya hududi bo‘lib, hozirda uni Mavrikiyga topshirish jarayoni ketmoqda. Avvalroq Eron bunday imkoniyatga ega ekanini ma’lum qilmagandi.

«Raketa shaharlari» deb ataladigan bu shaharlar nimani anglatadi, nima uchun Eron ular haqida aynan hozir gapirishga qaror qildi va bu Yaqin Sharqdagi ehtimoliy mojaro uchun nimani anglatadi?

Eronning «raketa shaharlari» nima?

Taxminlarga ko‘ra, bu korpusning yerosti «raketa shaharlari»dan birida raketalarni tayyorlash uchun maydonchadir

«Raketa shaharlari» – Islom inqilobi muhofizlari korpusi tomonidan yirik yerosti raketa bazalarini ifodalash uchun ishlatiladigan atama. Ushbu bazalar butun mamlakat bo‘ylab tarqalgan, bir-biri bilan chambarchas bog‘langan chuqur tunnellar majmuasidan iborat bo‘lib, ularning aksariyati strategik jihatdan muhim tog‘li hududlarda joylashgan.

Ular ballistik va qanotli raketalarni, shuningdek, boshqa strategik qurollarni – uchuvchisiz uchoqlar va havo hujumidan mudofaa tizimlarini saqlash, uchirishga tayyorlash va uchirish uchun ishlatiladi.

Korpus qo‘mondonlarining so‘zlariga ko‘ra, bu raketa shaharlari – shunchaki qurol-yarog‘ omborlari emas. Ularning ba’zilari – bir vaqtning o‘zida «jangovar navbatchilikka qo‘yishdan oldin raketalarni ishlab chiqarish va tayyorlash uchun» zavodlar ham hisoblanadi.

Ushbu raketa bazalarining aniq joylashuvi noma’lum va hech qachon rasman oshkor etilmagan.

Islom inqilobi muhofizlari korpusi aerokosmik kuchlari qo‘mondoni, brigada generali Amir Ali Hojizoda IRIB davlat teleradiokompaniyasiga bergan intervyusida eng yangi «raketa shahri»ni taqdim etdi. Videoda yer ostida chuqur joylashgan ballistik raketalar va kamikadze-dronlar aks etgan. Bu videoda aynan nima tasvirlanganini mustaqil ravishda tekshirib bo‘lmaydi.

Bu nega aynan hozir sodir bo‘layotganiga ishora sifatida davlat nashrlari Tehron bu quroldan «Eronga qarshi har qanday dushmanlik harakatlari»ga javoban foydalanishini ma’lum qildi.

«Agar Eronga mintaqadagi yoki Eron raketalari ta’sir ko‘rsatadigan radiusdagi istalgan bazadan hujum qilinsa, u Britaniya yoki Amerika obektini ajratmaydi», – deya ta’kidlaydi Tehron.

So‘nggi 10 yil ichida korpus vaqti-vaqti bilan ko‘plab raketalar, dronlar va mudofaa tizimlari saqlanadigan yerosti tunnellarining suratlarini e’lon qilib, ularni «maxfiy raketa shaharlari» deb atagan.

Bu AQSh va Isroil uchun qanchalik muhim?

Eron o‘z imkoniyatlarini namoyish etib, Isroil va AQShni yanada keskinlashuvdan tiyishga intilmoqda.

Yangi kadrlarda «Haybar Shekan», «Hoji Qosim», «Emad», «Sejil», «Kadar-N» va «Paveh» qanotli raketalarini ko‘rish mumkin.

Eron 2000 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi nishonlarni ura olishini aytadi.

«Emad» ballistik raketalari Eronning Isroilga 2024 yil aprelida qilgan hujumida qo‘llangandi, buning natijasida Isroilning markaziy qismidagi «Navatim» aviabazasiga zarar yetkazilgan.

Erondan Iroq, Suriya va Iordaniya orqali Isroilga eng qisqa masofa ming kilometrga yaqin chiqadi. Isroil 2024 yil aprel oyidagi hujumda raketalarning 99 foizi tutib qolinganini ma’lum qilgan. Oktyabr oyidagi ikkinchi hujum sezilarli zarar yetkazmagan.

Biroq Eron raketalarining uchish masofasi va quvvati borasida shubhalar bor. Shuning uchun ular AQShning Diyego-Garsiya orolidagi harbiy bazasiga yetib borishga qodirligi haqidagi so‘nggi bayonotlarni muhim voqea deb hisoblash mumkin.

Eron ballistik raketalarining uchish masofasi

1970-yillar boshidan beri Diyego Garsiya orolida Buyuk Britaniya va AQShning qo‘shma harbiy bazasi mavjud. U yaxshi himoyalangan va Eron hududidan 3800 kilometrga yaqin masofada joylashgan.

Shu haftada Eron o‘zining «Shaheed-136B» uchuvchisiz uchoqlari 4000 kilometrgacha uchish masofasiga egaligi haqidagi bayonotini takrorladi, lekin bunga hali ham dalillar yo‘q.

Hozirda Eronning parvoz masofasi 2000 kilometrdan ortiq bo‘lgan raketalari yo‘qligiga qaramay, nazariy jihatdan u dengiz floti vositalari bilan orolga zarba berishi yoki o‘zidagi mavjud raketa tizimlarini o‘zgartirishi mumkin.

Yaqin Sharqda allaqachon Amerikaning katta kuchlari joylashtirilgan va tez orada mintaqada ikkita aviatashuvchi paydo bo‘ladi.

Quyidagi sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida Diyego-Garsiyada B-2 bombardimonchi samolyotlari borligini ko‘rish mumkin; ular yaqinda Amerikaning Yamandagi husiychilarga qarshi amaliyotida ham ishtirok etgandi.

1 apreldagi sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida bazada oltita B-2 paydo bo‘lgan, bir hafta oldingi tasvirlarda ular yo‘q edi

«Agar Eron yoki uning tarafdorlari Amerika harbiylari va AQShning mintaqadagi manfaatlariga tahdid solsa, Qo‘shma Shtatlar xalqimizni himoya qilish uchun qat’iy choralar ko‘radi», –dedi shu hafta Pentagon rasmiy vakili Shon Parnell.

AQSh qurolli kuchlari strategik qo‘mondonligi Diyego-Garsiya bazasida nechta B-2 bombardimonchi samolyoti borligini aytishdan bosh tortdi va ular ishtirokidagi mashg‘ulotlar yoki operatsiyalarga izoh bermasligini ta’kidladi.

AQSh harbiy-havo kuchlari ixtiyorida jami 20 dona B-2 bombardimonchisi mavjud, shu tufayli, ulardan ko‘p foydalanilmaydi.

Eron «raketa shaharlari» haqida nega aynan hozir aytishni istab qoldi?

Eron rasmiylarining yangi bayonotlari Eron, AQSh va Isroil o‘rtasida uchta masala bo‘yicha keskinlik kuchaygan bir paytda paydo bo‘ldi: Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiychilar tahdidi, Eron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralar va Isroilning Livandagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan «Hizbulloh» guruhini zaiflashtirish uchun yangi hujumlari.

Yakshanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Tehron Vashington bilan yadro dasturi bo‘yicha kelishuvga erishmasa, Eronni bombardimon qilish va qo‘shimcha bojlar bilan tahdid qildi.

Bundan tashqari, o‘tgan yili Eron va Isroil o‘rtasidagi qarama-qarshilik kuchaygandi – tomonlar bir-biriga zarbalar berdi va yangi raketa inshootining namoyish etilishi, aftidan, Eron hujum qilingan taqdirda kuchli raketa zarbasi berishi mumkinligini ta’kidlashga qaratilgan.

Eron Isroilga uchinchi zarbani va’da qilishda davom etmoqda. Biroq, Tehronga jahon hamjamiyati tomonidan doimiy ravishda bosim o‘tkazilmoqda va Tehron va’dasini oxirigacha yetkaza olishiga shubha bor, ayniqsa Isroil zarbalari Eronning raketa salohiyatini zaiflashtirgani hisobga olinsa.

Shuningdek, Eron rasmiylari o‘z fuqarolariga AQSh tomonidan bo‘ladigan har qanday tahdidga qarshi tura olishini ko‘rsatishga harakat qilmoqda.

Yer ostida «raketa shaharlari»ni qurishdan maqsad — havo hujumlariga chidamlilik va bardoshlilikni oshirish va tiyib turish omiliga ega bo‘lishdir.

Eron bunday «shaharlar»ni barpo etib, AQSh va Isroilga quruqlikdagi bazalariga hujum qilingan taqdirda ham javob zarbasi bera olishini namoyish etdi.

Yerosti bazalari dushmanga noma’lum nuqtalardan raketa uchirish imkonini beradi va Tehronning harbiy salohiyatini aniq baholashga to‘sqinlik qiladi.

photo_2025-04-06_18-39-57.jpg
photo_2025-04-06_18-40-10.jpg
photo_2025-04-06_18-40-17.jpg
photo_2025-04-06_20-06-40 (2).jpg

Mavzuga oid