«Real» ham, «Barsa» ham chempionlik poygasida qoqildi. Kun o‘yinlari
Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Foto: Diego Souto/Getty Images
Angliya: «Everton» — top-raqiblar kushandasi
«Everton» – «Arsenal» 1:1
Gollar: Ndiay 49 pen – Trossar 34
«Everton» – Pikford, Patterson (Yang, 75), Iroegbunam (Garner, 65), Brentueyt, Tarkovski, O'Brayyen, Guyye, Ndiay (Alkaras, 75), Dukure, Harrison, Betu.
«Arsenal» – Rayya, Saliba, Uayt (Timber, 62), Kivyor, Lyuis-Skelli (Tirni, 75), Rays, Trossar, Merino, Jorjinio (Edegor, 71), Nvaneri (Saka, 46), Sterling (Martinelli, 46).
Ogohlantirishlar: O'Brayyen (18), Tarkovski (63) Alkaras (87) – Jorjinio (48).
Trossarning birinchi bo‘limdagi goli yetarli bo‘lmadi va «Arsenal» yana ochko yo‘qotdi. Ushbu belgiyalik yana bir yakkama-yakka vaziyatdan foydalanganida o‘yin masalasi hal bo‘lgan bo‘lardi, ammo ikkinchi bo‘lim boshida bosh hakam Darren Ingland mehmonlar darvozasiga shubhali penalti belgiladi va Ndiay hisobni tenglashtirdi. Holbuki bu vaziyatda jarima maydoniga kirish vaqtidagi to‘p uchun kurashda Harrison aktyorlik mahoratini ishga solgandi. VAR esa vaziyatga aralashmadi.
Ikkinchi bo‘lim davomida «Everton»ni baribir taslim qilish mumkin edi, ammo Edegor, Gabriel Martinelli va Rays o‘z imkoniyatlaridan foydalana olishmadi.
Lekin bu amalda londonliklar uchun hech narsani anglatmaydi. «Liverpul» faqat chempionatdan o‘z ixtiyori bilan chiqib ketsagina ushbu jamoaga yetib olish mumkin. O‘yin arafasida oradagi farq 12 ochkoni tashkil etayotgandi va Arteta birinchi navbatda hafta o‘rtasida YeChLda «Real»ga qarshi kechadigan o‘yinni o‘yladi va yetakchilarni zaxirada qoldirdi. «Everton» esa o‘z maydonida qatorasiga yettinchi bor «katta oltilik» jamoalariga yutqazmayapti (+1=6). Ikki turdan keyin esa «Gudison Park»da YeChL yo‘llanmasi uchun kurashayotgan «Manchester Siti» mehmon bo‘ladi.
«Aston Villa» – «Nottinghem Forest» 2:1
Gollar: Rodjyers 13, Malen 15 – Silva 58
«Aston Villa» — Martines, Garsiya (Konsa, 46), Disasi, Mingz, Matsen, Onana (Kamara, 62), Tilemans, Malen (Remzi, 62), Asensio (Makginn, 73), Rodjyers, Votkins (Rashford, 62).
«Nottinghem Forest» — Zels, Uilyams, Murillo, Milenkovich, Morato (Boli, 75), Yyeyts, Anderson, Dominges (Sosa, 74), Gibbs-Uayt, Elanga (Silva, 46), Hadson-Odoi.
Vaqtincha «Nyukasl»ni quvib o‘tgan va ochkolar bo‘yicha «Manchester Siti»ga tenglashib olgan «Aston Villa»ga Rodjyers va Malenning birinchi bo‘limdagi gollari yetarli bo‘ldi. Ayni vaqtda APLda faqat birmingemliklar safida yil boshidan buyon barcha turnirlar doirasida golli harakatlarini o‘ntadan oshirgan ikki futbolchi bor: Uotkins va Rodjyersda 12 tadan, Asensioda to‘qqizta. Ularning gol yoki paslari — «Villa»ning yetti uchrashuvdan iborat g‘alabali seriyasini ta’minladi. «PSJ»ga qarshi o‘yinga Unai Emeri jamoasi yuqori formada yetib kelmoqda. Qolaversa, ispaniyalik mutaxassis ushbu klub boshqaruvida ikkinchi marta uy uchrashuvlarida o‘n besh o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etmoqda.
Ispaniya: «Real»da penalti tepish bo‘yicha muammolar bor
«Real» — «Valensiya» 1:2
Gollar: Vinisius 50 — Diakabi 15, Duro 90+5.
Aniq ijro etilmagan penalti: Vinisius 13.
«Real» — Gonsales, Vaskes (Guler, 85), Chuameni, Ryudiger, Garsiya (Kamavinga, 77), Modrich (Endrik, 77), Valverde, Dias (Rodrigo, 57), Bellinghem, Vinisius (Alaba, 77), Mbappe.
«Valensiya» — Mamardashvili, Aarons (Duro, 74), Moskera, Tarrega, Diakabi, Vaskes, Lopes, Barrenechea (Gilyamon, 90), Giyerra (Pepelu, 74), Almeyda (Peres, 74), Sodiq (Mir, 59).
Ogohlantirishlar: Tarrega (10), Umar Sodiq (46), Moskera (90+8)
«Real» qatorasiga ikkinchi uy uchrashuvida ligada jon saqlab qolish uchun kurashayotgan jamoa bilan o‘yinning birinchi bo‘limini boy berdi. Holbuki madridliklar tezkor gol bilan hisobda oldinga chiqib olishi mumkin edi, ammo Vinisius Junior penaltidan foydalana olmadi va javob hujumida gol o‘tkazib yuborildi. Bu madridliklar uchun joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida beshinchi bor 11 metrlik nuqtadan xato zarba berilishi bo‘ldi (16 urinishdan 11 gol), bu esa so‘nggi 11 yillikdagi eng yomon ko‘rsatkich.
Shanba kungi o‘yinda penalti ishlagan Mbappe bir hafta oldin o‘z penaltisini panenka uslubida aniq ijro etgandi. Bu o‘yinda esa fransuzga 11 metrlik zarba tepish huquqini berishmadi, u o‘yindan ham gol urolmadi. «Valensiya»ni bir necha bor Mamardashvili qutqardi, Kilianning zarbasidan keyin to‘p Diakabi orqali darvozaga borib tushganida esa ofsayd qayd etildi.
Ikkinchi bo‘lim boshida burchak zarbasidan keyin Vinisius Bellinghem tashlab bergan to‘pni darvozaga yo‘llaganida barchasi joyiga tushgandek ko‘ringandi.
Ammo mehmonlar darvozaboni hamda himoyachilari qahramonlik ko‘rsatishda davom etishdi va «Qirollik klubi» muvaffaqiyatni rivojlantira olmadi. «Ko‘rshapalaklar» yakunda nafaqat raqib shturmiga dosh berishdi, balki qo‘shib berilgan daqiqalarda g‘alabani ilib ham ketishdi. Madridliklarning sobiq futbolchisi Ugo Duro jamoaning chempionlik ambitsiyasiga qattiq zarba berdi. Karlo Anchelotti jamoasi 21 ta zarba yo‘llaganiga qaramay, yutqazdi va uch ochkolik farq bilan oldinda borayotgan «Barselona»ga yetib ololmadi.
«Barselona» – «Betis» 1:1
Gollar: Gavi 7 – Natan 17
«Barselona» — Shesni, Kunde, Kubarsi, Arauxo, Balde (Martin, 75), Pedri (Lopes, 75), De Yong (Garsiya, 57, Gavi, Torres (Rafinya, 57), Yamal, Levandovski.
«Betis» — Adrian, Ruibal, Bartra, Natan, Perraud, Kardoso (Lorente, 79), Altimira (Avilla, 46), Antoni (Rodriges, 75), Lo Chelso, Fornals, Kucho (Bakambu, 75).
Ogohlantirishlar: Natan 14, Garsiya 77, Kunde 87.
O‘z o‘yinini keyinroq o‘tkazgan «Barselona» oradagi farqni oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi va tezda hisobni ochdi. Golli hujum Kunde to‘pni olib qo‘yishi bilan boshlandi, shundan keyin Yamal Ferran Torresga pas berdi, u esa bir teginishda Gavini qulay vaziyatga chiqarib yubordi. Ammo kataloniyaliklar shu ruhda davom eta olishmadi va mehmonlar tezda javob qaytarishdi. Lo Chelso burchakdan to‘p oshirganida Natan havodagi duelda Arauxodan ustun keldi. Keyin ushbu braziliyalik himoyachi va jamoadoshlari ko‘k-anorranglilarning barcha hujumlarini qaytarishdi, Ferran esa besh metr masofadan turib aniq zarba berolmadi. Adrian ham darvozada yaxshi turdi, jumladan ikkinchi bo‘lim boshida Kundening kutilmaganda yaqin burchakka yo‘llagan zarbasini bartaraf etdi.
Qolaversa, shu kuni Yamalning o‘yini chiqmadi, uning uzatmalarining 30 foizga yaqini xato bo‘ldi, muvaffaqiyatsiz dribling, noaniq pas va zarbalar tufayli 29 marta to‘p yo‘qotdi.
«Betis» 18 yildan buyon ilk bor mavsumning ikki o‘yinida ham kataloniyaliklarga yutqazmadi, Manuel Pellegrini shogirdlari yordami tufayli «Real» «Barsa»ni ancha oldinga qo‘yib yubormaydigan bo‘ldi, endi jamoalar o‘rtasidagi farq olti emas, to‘rt ochkoni tashkil etmoqda.
Italiya: Milandagi trillerlar
«Parma» – «Inter» 2:2
Gollar: Bernabe 60, Ondreyka 69 – Darmian 15, Tyuram 45.
«Parma» – Sudzuki, Almkvist (Leoni 46), del Prato, Volyakko, Valenti, Valeriy, Ernani (Bernabe 46), Keyta, Zom (Ondreyka), Man (Pelegrino 46), Bonni (Kamara 78)
«Inter» — Zommer, Bissek, Acherbi, Bastoni (Augusto, 46), Darmian, Chalxono‘g‘li (Frattezi, 65), Asllani (Arnautovich, 81), Mxitaryan, Dimarko (Zalevskiy, 59), Martines (Korrea, 65), Tyuram.
Ogohlantirishlar: Almkvist (28), del Prato (90+2) – Dimarko (57), Zalevskiy (89), Korrea (90+5)
«Parma»ni nafaqat ko‘rsatgan xarakteri, balki skudetto uchun kurashni keskinlashtirgani uchun ham maqtasa arziydi. «Inter» esa joriy mavsumning o‘zida ikkinchi marta ikki to‘p farqni boy berdi. Ammo raqib «Yuventus» (4:4) bo‘lgani boshqa gap, ligada jon saqlash uchun kurashayotgan raqib boshqa gap. Holbuki Lautaro Martines safga qaytishi avvaliga neradzurrilarga omad olib kelgandi. Qolaversa, hisob 0:0 va 1:0 holatlarida Zommerning seyvlari gollardan qutqardi.
Bo‘lim oxirida Tyuram Mxitaryanning uzatmasidan so‘ng ikkinchi golni urganida o‘yin masalasi hal bo‘lgandek edi. Ammo birinchi bo‘limda foydalanilmagan vaziyatlar ikkinchi bo‘limda pand berdi. Endi omad «Parma»ga kulib boqa boshladi, Zommer ikkinchi golni rikoshet tufayli o‘tkazib yubordi. O‘yin oxirida mezbonlar g‘alabani ilib ketish uchun o‘ta qulay imkoniyatni qo‘ldan boy bergani hisobga olinsa, durang ham Simone Indzagi jamoasi uchun yomon natija emas. Ammo «Napoli» yakshanba kuni o‘z o‘yinida Bolonyada g‘alaba qozonsa, peshqadam bilan oradagi farq 1 ochkogacha qisqaradi.
«Milan» – «Fiorentina» 2:2
Gollar: Abraham 23, Yovich 64 – Tiav 7 (avtogol), Ken 10.
«Milan» — Menyan, Uoker, Tomori, Tiav, Ernendes, Musa (Yovich, 23), Fofana (Chukvuezi, 80), Pulishich, Reynders, Leau, Abraham (Himenes, 55, Felish, 80).
«Fiorentina» — De Xea, Pongrachich, Mari, Raniyeri, Dodo, Mandragora, Kataldi, Fadjoli, Parisi, Gudmundsson, Ken.
Milanning boshqa jamoasi o‘yini ham bundan kam bo‘lmagan, balki undan ham dramatikroq bo‘lib chiqdi. Rossonerilar so‘nggi vaqtlarda raqibga birinchi bo‘lib gol urish imkonini berishi odatiy holga aylandi, ammo bu safar yangi «daraja»ga chiqildi va 10-daqiqaga kelib ikkita gol o‘tkazishdi. «Fiorentina»ning ikkinchi goliga mualliflik qilgan Moyze Kin uchun bu mavsumdagi 22-gol bo‘ldi. U florensiyaliklar tarixidagi to‘purarlar ro‘yxatida Alberto Jilardino (2008/09)ning natijasini yaxshilashga qarab ketmoqda.
Lekin bunday yomon start Serjiu Konseysau jamoasini karaxt holatga sololmadi va jamoa to‘liq kuch bilan hujumga o‘tdi. 23-daqiqada Abraham chiroyli gol bilan hisobni qisqartirdi. Ikkinchi bo‘limda «Milan» yanada kuchliroq o‘ynadi va uchrashuv darvozabonlar benefisiga aylandi. Menyan aql bovar qilmas seyv bilan Ken ikkinchi golni urishiga yo‘l qo‘ymadi, De Xea esa bir metr masofadan turib takroriy zarba bergan Pulishichga gol urishga yo‘l qo‘ymadi va birga-bir vaziyatga chiqib kelayotgan Santyago Himenesni to‘xtatdi.
Ammo o‘yindagi to‘rtinchi gol baribir urildi. Zaxiradan tushgan Yovich Fofananing pasidan keyin yakkama-yakka vaziyatdan foydalandi. O‘yin oxirida Dodo urgan gol esa ofsayd tufayli bekor qilindi va «Fiorentina» g‘alabani ilib ketish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. Bu ikki tomonni ham qoniqtirmaydigan durang bo‘ldi: «Milan» va «Fiorentina» turnir jadvalida qo‘shnilar (sakkizinchi va yettinchi o‘rinlar) bo‘lib qolishdi, bu o‘rinlar esa yevrokuboklarga yo‘llanma bermaydi. Ularda hozircha faqat Italiya Kubogi va Konferensiyalar ligasi g‘olibi sifatida yo‘llanma olish imkoniyati bor.
Germaniya: Dortmund kech uyg‘ondi
«Haydenhaym» – «Bayyer» 0:1
Gol: Buendia 90+1
«Bayyer» — Gradetskiye, Ta, Andrix (Hofmann, 85), Inkapie, Frimpong, Jaka, Garsiya, Grimaldo, Tella (Shik, 68), Adli (Buendia, 77), Bonifase (Artur, 68).
Germaniya kubogini sensatsion ravishda tark etgan «Bayyer» «Haydenhaym» maydonidagi o‘yinda «Arminiya» bilan qarama-qarshilikda qila olmagan ishini qildi. Aniqroq qilib aytganda — o‘z uslubida so‘nggi daqiqalarda muhim golni urib ketdi. Bu oqshom Leverkuzen qahramoni zaxiradan tushirilgan Buendia bo‘ldi, u jarima maydoni tashqarisidan turib yo‘llagan zarba ustunga tekkan holda darvoza to‘riga borib tushdi. Qishda «Aston Villa»dan ijaraga olingan futbolchi uchun bu Germaniyadagi birinchi gol bo‘ldi, g‘alaba esa «Bavariya» hozirda birinchi va ikkinchi o‘rinlar orasidagi olti ochkolik farq uzayishiga yo‘l qo‘ymadi.
«Frayburg» – «Borussiya» D 1:4
Gollar: Eggestin 89 – Adeyyemi 34, Chukvuemeka 51, Girassi 61, 68
«Borussiya» D — Kobel, Anton, Jan, Bensebayni (Salix, 61), Ryuyerson, Chukvuemeka (Gittens, 70), Gross, Svensson (Almugera, 80), Brandt, Maksimilian (Girassi, 61), Adeyyemi (Feliks, 70).
Hechdan ko‘ra kech yaxshi. Gap bahorga kelib nihoyat nemis futbolining grandlaridan biri ekanini eslab qolgan «Borussiya» haqida ketmoqda. O‘tgan turda dortmundliklar kuchli to‘rtlikdagi «Mayns»ga qarshi ishonchli o‘yin o‘tkazishgandi. Endi esa yaqingacha Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi yuqori o‘rinlarda yurgan «Frayburg»ni jazolashdi. O‘yinda jamoaning bu mavsumdagi eng yorqin futbolchisi Adeyyemi hisobni ochdi. Ikkinchi golli hujumda «asalarilar»ga rikoshet yordamga keldi, keyin Brandt Girassini bo‘sh qolgan darvoza qarshisiga chiqardi. Gittens esa «Frayburg»ni uzil-kesil taslim etdi. Niko Kovach jamoasi o‘zaro o‘yinda mag‘lub etilgan ushbu raqibga deyarli yetib oldi va yevrokubok zonasi tomon yana bir qadam tashladi. To‘g‘ri, «Borussiya»ni oldinda eng og‘ir hafta kutmoqda – dastlab YeChL doirasida «Barselona»ga qarshi safar o‘yini, hafta oxirida «Bavariya» bilan nemis klassikasi.
«Leypsig» – «Hoffenhaym» 3:1
Gollar: Sheshko 24, Baku 43, Poulsen 84 – Bishof 11
YeChL yo‘llanmasi uchun kurashdagi yana bir jamoa «Leypsig» ham beqaror o‘yin ko‘rsatishda davom etmoqda, bu safargi o‘yin Gulachining ikkitalik xatosi bilan boshlandi. Tajribali darvozabon avvaliga to‘pni raqibning oyog‘iga tashlab berdi, keyin diqqatini jamlay olmadi va uzoq masofadan yo‘llangan, u qadar qiyin bo‘lmagan zarbani to‘sa olmadi. O‘z navbatida, Germaniya milliy jamoasiga nomzod darvozabon Baumann ham «Hoffenhaym»ni qutqara olmadi va Sheshko javob golini urdi. Mehmonlar bo‘lim davomida bir kishi kam bo‘lib qolishdi va tanaffus arafasida Bakuning zarbasidan keyin ikkinchi golni ham o‘tkazib yuborishdi.
Ikkinchi bo‘limda esa bir hujumda ikkita urinishga ega bo‘lgan Poulsen «qishloqilar» jamoasini butkul taslim etdi. «Leypsig» endi ketma-ket uch turda ochko yo‘qotganiga qaramay to‘rtinchi o‘rinda qolayotgan «Mayns»ni bir ochkolik farq bilan ta’qib etmoqda. «Mayns» bu turda o‘z uyida autsayder «Holshtayn»ni yenga olmadi (1:1). Uchinchi o‘rin ham uzoq emas, bu turda «Ayntraxt» «Verder»ga yutqazib qo‘ydi (0:2). Turnir jadvalidagi vaziyat yakshanba kungi o‘yinlardan keyin oydinlashadi, Menxengladbahning «Borussiya» klubi «Sankt-Pauli» maydonida zafar qucholsa, to‘rtinchi o‘ringa chiqib olishi mumkin.
Fransiya: Parijliklarda navbatdagi chempionlik
«PSJ» — «Anjye» 1:0
Gol: Due 55.
«PSJ» — Donnarumma, Hakimi, Markinos, Pacho (Mendesh, 63), Zair-Emeri, Ernandes, Vitinya, Ruis (Barkolya, 63), Due (Nevesh, 67), Ramush (Dembele, 63), Kvaratsxeliya.
«Anjye» – Fofana, Lefor, Ekomi (Diyeng,71), Raolisoa, Anen, Bamba, Abdelli, Belkdim, Axolu, Al Melali (Allevina, 46), Lepol (Nyan, 81).
Liga 1 28-turida peshqadam «PSJ» o‘z maydonida «Anjye»ni Duening yagona goli evaziga mag‘lubiyatga uchratib, muddatidan avval Fransiya chempioniga aylandi. Mazkur g‘alabadan so‘ng «PSJ» ochkolari sonini 74 taga yetkazib, chempionat yakuniga 6 tur qolganida, 2-o‘rindagi «Monako»dan 24 ochkoga ilgarilab ketdi. Shu tariqa, Luis Enrike shogirdlari 13 karra Fransiya chempioniga aylandi. «PSJ» endi asosiy e’tiborni YeChL o‘yinlariga qaratishi mumkin. Bundan tashqari, qolgan olti tur davomida mag‘lubiyatsiz o‘ynasa, parijliklar Fransiya tarixidagi mavsumni mag‘lubiyatsiz o‘tkazgan ilk jamoaga aylanadi.
«Monako» esa «Brest» maydonida qo‘shimcha daqiqalarda gol o‘tkazib yuborib, ikkinchi o‘rin uchun raqobatchilari uchun yaxshi imkoniyat hosil qildi. Yakshanba kungi o‘yinlardan keyin monegaskliklarni «Marsel» quvib o‘tishi, hozircha yettinchi o‘rindagi «Strasbur» ham oradagi farqni bir ochkogacha qisqartirishi mumkin.
Mavzuga oid

14:40
«Paxtakor» «So‘g‘diyona»ga ham yutqazdi, «Bunyodkor» birinchi o‘rinda

12:32
Shomurodov «Roma»ni qutqardi, «Liverpul» yutqazdi. Kun o‘yinlari

02:38 / 03.04.2025
Ispaniya kubogi. «Barselona» «Atletiko»ni yarimfinalda qoldirib ketdi. Finalda «El Klasiko» bo‘ladi

11:23 / 02.04.2025