O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi muddatidan oldin Jahon chempionatiga yo‘llanma oldi
O‘zbekiston U-17 yoshlar terma jamoasi Osiyo kubogida chorakfinalga chiqdi va muddatidan oldin JChga yo‘llanmani naqd qildi.

Foto: O‘FA
Saudiya Arabistonida o‘tayotgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo Kubogida 2-tur bahslari yakuniga yetdi.
1-turda Tailandni yirik hisobda yenggan O‘zbekiston bu safar Xitoyga qarshi maydonga tushib, kambek amalga oshirdi — 2:1. Guruhdagi ikkinchi o‘yinda esa mezbon Saudiya Arabistoni Tailandni 3:1 hisobida mag‘lub etdi.
Bu natijadan so‘ng O‘zbekiston o‘smirlar milliy jamoasi saudiyaliklar bilan birgalikda Osiyoda birinchilardan bo‘lib JCh yo‘llanmasiga ega chiqdi. Shuningdek, Islom Ismoilov shogirdlari Osiyo kubogining chorakfinaliga chiqish masalasini ham ijobiy hal qildi.
O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi navbatdagi uchrashuvini 9 aprel kuni soat 22:15 da Saudiya Arabistoniga qarshi o‘tkazadi.
17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi va 3–27 noyabr kunlari Qatarda bo‘lib o‘tadigan U–17 Jahon chempionatiga saralash turniri hisoblanadi.
Guruhlarda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar musobaqaning chorakfinaliga yo‘l oladi va mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
Islom Ismoilov Xitoyga qarshi o‘yindan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Endi Saudiya Arabistoni va Tailand o‘rtasidagi o‘yin natijasini kutyapmiz. Katta ehtimol bilan keyingi bosqichga chiqdik deb o‘ylaymiz. Xitoy biz albatta yengishimiz kerak bo‘lgan jamoalardan biri edi. Futbolchilarga ortiqcha bosim tushmasligi uchun so‘nggi uch kun davomida ular bilan doimiy suhbatlar olib bordik. Baribir bu Jahon chempionatiga yo‘llanma beradigan turnir bo‘lgani uchun hissiyotlar kuchli bo‘ladi. Muxlislar va rahbariyat ishonchini oqlaganimizdan xursandmiz.
Birinchi bo‘limda raqibning qarshi hujumi natijasida gol o‘tkazib yubordik. Tanaffusda yigitlarga o‘yinimiz yaxshi ketayotganini aytdik va ularning ruhiyatini ko‘tarishga harakat qildik.
Biz Xitoy jamoasining 60-daqiqalardan so‘ng o‘tish fazalarida muammolarga duch kelishini oldindan o‘rgangan edik. Kutilganidek, ular charchay boshladi va biz aynan shu pallada o‘z imkoniyatimizdan foydalandik. Keyingi o‘yinda ham g‘alaba uchun maydonga tushamiz, kuch tejash niyatimiz yo‘q», — deya Ismoilovning so‘zlarini keltiradi UFA matbuot xizmati.
Mavzuga oid

22:07 / 06.04.2025
O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi Xitoy bilan o‘yinda kambek qildi

09:37 / 04.04.2025
Osiyo Kubogi U-17. O‘zbekiston turnirni yirik hisobdagi g‘alaba bilan boshladi

10:17 / 17.04.2024
O‘zbekiston U-23 jamoasining Osiyo Kubogi uchun yakuniy tarkibi e’lon qilindi - Fayzullayev va Husanov bor

19:15 / 11.02.2024