Sport | 22:07 / 06.04.2025
12752
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi Xitoy bilan o‘yinda kambek qildi

Guruhdagi ikkinchi uchrashuvda ham g‘alaba qozongan jamoa amalda jahon chempionatiga chiqdi. Guruhning ikkinchi uchrashuvida Saudiya Tailandga yutqazmasa, Islom Ismoilov shogirdlari yo‘llanmani rasmiylashtiradi.

Foto: O‘FA

Osiyo Kubogi U-17. 2-tur
Xitoy – O‘zbekiston 1:2
Gollar:
 Jang Chengrui 33 — Sadriddin Hasanov 45+1, Asilbek Aliyev 86
O‘zbekiston — Ne’matulloh Rustamjonov, Muhammad Hakimov, Mo‘minxon Bahodirxonov, Sadriddin Hasanov (Jamshid Rustamov, 56), Abdulloh Fazliddinov (Muhammad Habibullayev, 46), Nurbek Sarsenbayev (Asilbek Aliyev, 56), Sayfiddin Sodiqov (Azizbek Abdumo‘minov, 65), Miraziz Abdukarimov, Muhammadali Musoxonov, Abubakr Shukurullayev, Azizbek Erimbetov.

Saudiya Arabistonida o‘smirlar o‘rtasida Osiyo Kubogi 2-tur uchrashuvlari o‘tkazilmoqda. 

O‘zbekiston U-17 jamoasi bu turda xitoylik tengdoshlariga qarshi maydonga tushdi. Birinchi bo‘lim davomida Jang Chengrui jarima maydonidagi palapartishlikdan foydalanib hisobni ochdi, bo‘lim oxirida esa Sadriddin Hasanov hisobni tenglashtirdi.

Ikkinchi bo‘limda tashabbusga egalik qilgan o‘zbekistonliklar o‘yin oxirida g‘alaba golini urib ketishdi - 2:1.

Islom Ismoilov boshqaruvidagi jamoa turnirni Tailandga qarshi bahs bilan boshlab, 4:1 hisobida g‘alaba qozongandi. 

Endilikda jamoa ochkolari sonini 6 taga yetkazib, guruh jadvalidagi peshqadamlikni mustahkamladi.

Guruhning keyinroq yakunlanadigan ikkinchi o‘yinida Saudiya Tailandga yutqazmasa, O‘zbekiston shu yil noyabr oyida Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati yo‘llanmasini rasmiylashtiradi. 

Shundan keyin 9 aprel kuni 3-tur doirasda O‘zbekiston va Saudiya o‘rtasidagi uchrashuv quruq rasmiyatchilikka aylanadi. 

Mavzuga oid