O‘zbekiston | 22:57 / 08.04.2025
5205
5 daqiqa o‘qiladi

8 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Moturidiy majmuasidagi «snos»lar, Qorasaroyda quriladigan yangi tunnel, qoradori savdosida qo‘lga tushgan maktab direktori va noqonuniy avtoto‘lovlarga qarshi chaqiriq — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Moturidiy majmuasi kengayadi: 217 ta uy «snos» qilinadi

Samarqanddagi Imom Moturidiy yodgorlik majmuasi atrofida ziyorat markazi barpo etish maqsadida 217 ta turarjoy binosi buziladi.

Madaniy meros agentligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu binolar milliy ro‘yxatdagi madaniy meros obektlari emas. Ularning egalariga bozor qiymatida kompensatsiya to‘lanadi. Prezidentning 2021 yildagi farmoyishiga asosan, hududda obodonlashtirish va infratuzilmani yaxshilash ko‘zda tutilgan.

Loyiha YuNeSKO talablariga muvofiq amalga oshiriladi. Qurilish va kengaytirish ishlari agentlik bilan kelishilgan holda olib boriladi.

Yaqinda Samarqandga tashrifi chog‘ida davlat rahbariga Imom Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish loyihasi taqdimot qilingan edi. Unga ko‘ra, Moturidiy majmuasida 1500 kishiga mo‘ljallangan jome masjid, ma’muriy bino qurilishi ko‘zda tutilgan. U yerda kutubxona, majlislar zali, innovatsion muzey hamda mutaxassislar uchun xonalar bo‘ladi. Majmua yaqinida ziyoratchilar uchun avtoturargoh, tahoratxona quriladi.

Qorasaroyda tunnel qurilishi boshlandi

Toshkentning Olmazor tumanida 1,2 km uzunlikdagi tunnel qurilishi boshlandi. U Qorasaroy ko‘chasining Hastimom majmuasi oldidan o‘tib, piyodalar uchun sayilgohga aylantiriladi.

Gold Step Invest pudratchi kompaniyasiga ko‘ra, 800 metrlik qismi sentabrgacha qurib bitkazilishi mumkin. Kompaniya xodimi Nodir Shodmonovga ko‘ra, tunnel ustki qismi yashil hududga aylantirilib, turistlar va fuqarolar uchun dam olish maskani yaratiladi.

«Turistlar, o‘zimizning fuqarolar kelganda dam oladigan, maqbara, muzeylarni aylanadigan joy bo‘ladi. Har xil manzarali daraxtlar ekiladi. Hozir aholi uchun piyodalar yo‘lagi qilinyapti. Maxsus texnikalar kelishni boshladi», – deydi Shodmonov.

1 aprel kuni Toshkent shahar hokimligi ayni shu oraliqda avtomobillar harakati sentabr oyigacha to‘xtatilganini ma’lum qilgan, sabab sifatida “qurilish-ta’mirlash ishlari”ni ko‘rsatgan edi. Ammo rasmiy axborotda tunnel qurilishi haqida so‘z bormagan.

Hozircha hokimlik qurilishning loyiha qiymati va boshqa qurilishlar haqida ma’lumot bermagan.

Qoradori sotgan maktab direktori

Samarqand viloyati Urgut tumanidagi 71-maktab direktori qariyb 1 kilogramm opiy moddasini 12 ming dollarga sotishga uringan paytda qo‘lga olindi. U jinoiy til biriktirgan mahalladoshi bilan birga tezkor tadbirda fosh qilindi. Ulardan olingan ashyoviy dalil 921 grammlik opiy moddasi bo‘ldi.

Direktor F.X. sudda aybini qisman tan oldi. U moddani tuman ta’lim bo‘limida ishlovchi tanishining iltimosiga ko‘ra topib berganini, bu ishlardan moddiy foyda olmaganini aytdi. Qilmishidan pushaymonligini bildirib, suddan yengillik so‘radi.

Shu ishdagi ikkinchi shaxs — Sh.A. ham aybini tan oldi. U direktor turmush o‘rtog‘ini ishga joylashtirishini aytgani uchun yordam berganini bildirdi.

Sud hukmiga ko‘ra, direktor 10 yil 2 oy, sherigi esa 11 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Noqonuniy avtoto‘lovlarga qarshi chaqiriq

Raqobat qo‘mitasi avtoturargoh yoki elektrozaryad stansiyalarida noqonuniy to‘lovlar undirilayotgan holatlarga nisbatan murojaat yo‘llashga chaqirdi. Qonuniy to‘lov faqat maxsus litsenziya va belgilangan tariflar asosida amalga oshirilishi shart.

Agar to‘lov undiruvchi sub’yektda tegishli ruxsatnoma bo‘lmasa, bu holat qonunga zid deb baholanadi. Har qanday shubhali holatda iste’molchilar 1159 qisqa raqami orqali qo‘mitaga murojaat qilishlari mumkin.

Bu choralar fuqarolar huquqini himoya qilish va adolatli raqobat muhitini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.

Korrupsiya kamaydi, reytinglar yaxshilandi

Antikorrupsiya agentligi 2024 yildagi davlat organlari faoliyatini baholadi. Korrupsiyaviy jinoyatlar soni Raqamli texnologiyalar vazirligida 71 foiz, Suv xo‘jaligida 48 foiz, hokimliklarda 43 foiz, Adliya vazirligida 22 foiz kamaygani qayd etildi.

103 ta tashkilot reyting baholashdan o‘tkazildi. Ulardan 41 tasi «yaxshi», 53 tasi «qoniqarli», 9 tasi esa «qoniqarsiz» deb topildi. Umumiy baholar o‘rtacha 73,8 ballni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 4,9 ballga o‘sgan.

Shuningdek, 112 tuzilmada korrupsiyaga qarshi nazorat rahbarlari ishdan olindi. Ularni almashtirish uchun 20 aprelgacha ochiq tanlov o‘tkaziladi.

Mavzuga oid