Jahon | 14:48 / 10.04.2025
11847
3 daqiqa o‘qiladi

Dominikanda tom qulashi oqibatida 180 dan ortiq kishi halok bo‘ldi

Fojia vaqtida tungi klubda mingga yaqin odam bo‘lgani aytilmoqda. Konsertga mamlakatdagi taniqli siyosatchilar, sportchilar va boshqa mashhurlar ham kelgandi. Qo‘shiqchining o‘zi ham qurbonlar orasida, shuningdek, mashhur beysbolchi va mamlakat provinsiyalaridan birining gubernatori ham halok bo‘lgan.

Foto: Reuters

Qutqaruvchilar Dominikan Respublikasi poytaxti Santo-Domingodagi tungi klubda tom qulashi oqibatlari bo‘yicha ma’lumotni yangiladi, unga ko‘ra, qurbonlar soni 184 kishiga yetgan, 500 ga yaqin kishi jarohat olgan.

Halok bo‘lganlar orasida mashhur 51 yoshli sobiq beysbolchi Oktavio Dotel ham bor. Qutqaruvchilar uni vayronalar ostidan olib chiqishgan, kasalxonaga olib ketilayotganda uning joni uzilgan.

Mamlakat prezidenti Luis Abinader voqea joyiga kelib, halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirgan.

Santo-Domingodagi Jet Set tungi klubining tomi 8 aprel, seshanbaga o‘tar kechasi taniqli merenge ijrochisi Rubbi Peresning konserti paytida to‘satdan qulab tushgan. Uning o‘zi ham halok bo‘lgan.

Mahalliy nashrlar yozishicha, tungi klubda bu vaqtda mingga yaqin odam bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Jet Set – Santo-Domingodagi dushanba kunlari raqs musiqasi konsertlari o‘tkaziladigan mashhur tungi klub.

69 yoshli Rubbi Peresning konsertiga mamlakatdagi taniqli siyosatchilar, sportchilar va boshqa mashhurlar ham tashrif buyurgandi.

Qurbonlar orasida Monte-Kristi provinsiyasi gubernatori Nelsi Kruz ham bor, u olingan jarohatlar oqibatida shifoxonada vafot etgan.

Qurbonlarning yaqinlari fojia joyida. Foto: Reuters

Klubdagi fojia arafasida olingan videoyozuvlarda odamlar sahna qarshisidagi stollar atrofida o‘tirgani, ayrimlar raqs tushayotganini ko‘rish mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan birida kimdir qo‘li bilan tomni ko‘rsatayotgani va nimadir tushib ketayotganini aytgani eshitilgan. Videoyozuvda sahnadagi Rubbi Peres ham tomoshabinlardan biri ko‘rsatgan joyga qaragani ko‘ringan.

30 soniyadan kamroq vaqt o‘tgach, kuchli shovqin eshitiladi, shundan so‘ng videoda faqat qora fon paydo bo‘ladi. Unda ayol kishining shunday degani eshitiladi: «Dada, sizga nima bo‘ldi?»

Rubbi Peres bilan birga konsert bergan musiqachilardan birining mahalliy OAVga ma’lum qilishicha, 8 aprelga o‘tar kechasi soat birlarda tom qulab tushgan. «Men avvaliga buni zilzila deb o‘ylagandim», - deydi u.

Dominikan Karib dengizidagi sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan mamlakatlardan biri hisoblanadi. O‘tgan yili, mamlakat rasmiylariga ko‘ra, bu yerga 11 millionga yaqin sayyoh kelgan.

Mavzuga oid