Jahon iqtisodiyoti Trampning tariflarini «hazm qilmoqda»: investorlar vahimasi, neft narxi qulashi hamda Xitoy bilan katta savdo urushi arafasi

Spencer Platt / Getty Images / AFP / Scanpix / LETA
Donald Tramp 2 aprel kuni dunyoning o‘nlab mamlakatlariga nisbatan «aks ettiruvchi» bojlar to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bir haftadan kamroq vaqt ichida Amerika prezidentining qarori AQSh va Osiyo davlatlari birjalarini qulatdi, neft va boshqa aktivlar narxi pasayishini tezlashtirdi hamda Xitoy va Yevropa Ittifoqi bilan savdo qarama-qarshiligi kuchayishiga olib keldi. «Meduza» jahon iqtisodiyotini ko‘pchilik allaqachon 2008 yilgi global inqiroz bilan taqqoslayotgan holatga tushirgan tarif urushining asosiy oqibatlari haqida qisqacha ma’lumot berdi.
Amerika birjalaridagi qulash
Aytish mumkinki, bu tarif urushining eng kutilgan oqibati edi. Bozor Trampning farmoniga 2 aprel kuni reaksiya qilishga ulgurmadi, ammo ertasi kuni Amerika birjalari keskin pasayishga o‘tdi – so‘nggi besh yildagi rekord darajada: investorlar uchun shunga o‘xshash zarba oxirgi bor koronavirus pandemiyasi avj olgan chog‘da kuzatilgan edi. Asosiy indekslar – S&P 500, Nasdaq va Dow Jones – 4-6 foizga pasaydi, savdo maydonchalarida sotiladigan kompaniyalar kapitallashuvi 2,5 trillion dollarga kamaydi va dunyoning eng boy 500 kishisi (Bloomberg versiyasiga ko‘ra) 200 milliard dollar ko‘proq yo‘qotdi. 3 aprel kuni sotuvlar davom etdi. Amerika indekslari o‘rtacha yana taxminan 5 foizga tushib ketdi. Savdoga qo‘yilgan kompaniyalarning kapitallashuvdagi pasayish summasi esa 6,4 trillion dollarga yetdi. AQShda «ayiq» trendi 7 aprel kuni ham davom etdi – investorlar tarif urushidagi keskinlik pasayishi haqida sezilarli ijobiy signallar olmaguncha. Savdolar ochilishida indekslar yana 3-4 foiz yo‘qotdi.
Xitoyning javobi
Tramp allaqachon amalda bo‘lgan 20 foizga qo‘shimcha ravishda 34 foizlik boj joriy etgan Xitoy Vashington bilan savdo kurashiga hammadan ko‘ra qat’iyroq kirishdi. Tariflarning avvalgi to‘lqinlariga mamlakat nisbatan vazminlik bilan javob bergan bo‘lsa, endi Amerika farmoni imzolangan kunning ertasigayoq «aks ettiruvchi» choralarni e’lon qildi. Bu safar AQShdan keladigan barcha tovarlar importiga xuddi shu kabi 34 foizlik boj solindi. Bu 10 apreldan kuchga kiradi.
Shuningdek, Pekin 4 apreldan boshlab Qo‘shma Shtatlarga qimmatbaho xomashyo yetkazib berish ustidan eksport nazoratini kuchaytirib, Vashington uchun nozik bo‘lgan nodir yer metallari sohasiga bosim o‘tkazishga qaror qildi. Cheklov ilg‘or tarmoqlari Xitoy ta’minotiga bog‘liq bo‘lgan Amerika iqtisodiyotiga og‘riqli zarba bo‘lishi mumkin. Jahon miqyosida ishlab chiqariladigan nodir yer metallarining 70 foizga yaqini Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi – xomashyo narxiga zarar yetkazmasdan muqobilini topish deyarli imkonsiz.
Pekin Amerika yana o‘n beshdan ortiq kompaniyalarini eksport nazorati ro‘yxatiga kiritish kabi bir qator qarshi choralarni ko‘rdi, bu ularning Xitoy kontragentlari bilan hamkorligini qiyinlashtiradi.
Dunyoning ikki asosiy iqtisodiyoti o‘rtasidagi savdo qarama-qarshiligining bunday keskinlashuvi bozorlardagi ko‘tara sotishlar uchun qo‘shimcha omilga aylandi. Hozircha tomonlar yarashishdan yiroq ko‘rinadi. Tramp o‘zining Truth ijtimoiy tarmog‘ida eslatishicha, u barcha mamlakatlardan o‘zlariga nisbatan kiritilgan yangi bojlar yanada oshishining oldini olish uchun javob tariflaridan voz kechishni so‘ragan. Amerika iqtisodiyotiga «eng katta zarar yetkazuvchi» hisoblangan Xitoy bunga quloq solmagan – shuning uchun o‘zaro cheklovlar girdobi yanada kengayishi mumkin.
Tramp esa Xitoy tomonidan javob choralari bekor qilinmasa, qo‘shimcha 50 foizlik bojlar joriy etilishi bilan tahdid qildi.
Osiyo birjalaridagi vahima
Amerika bojlari va ularga Xitoyning javobi Osiyo birjalarida vahima keltirib chiqardi. Osiyo-Tinch okeani mintaqasining 13 mamlakatidan yuqori va o‘rta kapitallashuvga ega kompaniyalarni o‘z ichiga olgan MSCI Asia Pacific Index fond indeksi 7 apreldagi savdolarda 7 foizdan ko‘proqqa tushib ketdi, bu indeks uchun 2008 yildan beri eng yomon kun bo‘ldi. Savdoda Xitoy kompaniyalari aksiyalari yetakchilik qildi. Hongkong birjasida kotirovka qilingan Xitoy aksiyalarining asosiy ko‘rsatkichi 10 foizdan ko‘proqqa tushib ketgan. Texnologik sektorga yo‘naltirilgan Tayvan fond indeksida bu rekord darajadagi 9,8 foizni tashkil etdi. Yaponiya va Janubiy Koreyada asosiy indekslar 4 foizdan ko‘proqqa kamaydi. Hindistonning asosiy fond indeksi 5,1 foizga tushib ketdi.
Yevropa Ittifoqidan javob kutilmoqda
Savdo urushining keyingi muhim bosqichi, katta ehtimol bilan, Yevropa Ittifoqining AQSh tomonidan kiritilgan 20 foizlik bojlarga javobi bo‘ladi. Javob tayyorlanmoqda va 15 aprel kuni e’lon qilinishi aytilmoqda. Yevropa Ittifoqi davlatlari Amerika importiga qarshi umumiy qiymati 28 milliard dollargacha bo‘lgan bojlarni ma’qullashi kutilmoqda. Yevropa qo‘shimcha bojxona to‘lovlariga tortadigan tovarlar orasida kiyim-kechak, go‘sht, brilliantlar, yog‘och va hatto hojatxona qog‘ozi va saqichlar bo‘lishi mumkin. Reuters agentligi qayd etishicha, Amerika burboniga (viski) qo‘yiladigan bojlar bo‘yicha munozaralar ketmoqda. Ba’zi mamlakatlar, birinchi navbatda Italiya va Fransiya, Yevropa Ittifoqidan vino, shampan va boshqa spirtli ichimliklarga qarshi to‘siqli tariflar ko‘rinishidagi javob choralaridan xavotirlanmoqda. Tramp allaqachon bu mahsulotlar haqida eslatib o‘tgan.
AQSh prezidenti Yevropaga nisbatan ritorikasini o‘zgartirmayapti: dushanba kuni u Yevropa Ittifoqi Shtatlarga har yili nafaqat joriy tovarlar yetkazib berish uchun, balki «o‘tmish» uchun ham «katta pul» to‘lashi kerakligini aytishga ulgurdi, ya’ni uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa hozirgi boj to‘lqinidan oldin ikki tomonlama munosabatlarda amal qilgan nomutanosib tariflar Amerika iqtisodiyotiga yetkazgan zararni ham qoplashi kerak. Shu fonda Yevropa birja indekslari ham kutilganidek «ayiq» zonasiga o‘tib, so‘nggi 16 oydagi eng past ko‘rsatkichlarga tushib ketdi. Va bu hali oxiri emas.
Hindiston murosa namunasi
Jahonning yirik iqtisodiyotlari orasida hamma ham savdo urushini avj oldirish yo‘lini tanlamagan. Tramp bosimiga moslashuvchan munosabatning yorqin misoli – Hindiston. Reuters agentligi aniqlashicha, 26 foizlik boj solingan mamlakat rasmiylari AQSh prezidentining ogohlantirishiga quloq tutgan va javob choralarini ko‘rmaslikka qaror qilgan. Nyu Dehli Trampning farmonida tilga olingan «savdo munosabatlaridagi nomutanosiblikni bartaraf etish bo‘yicha qat’iy sa’y-harakatlar» ayrim davlatlarga tariflarni joriy etishni kechiktirishga yordam berishi mumkinligi haqidagi ta’rifdan foydalanishga umid qilmoqda. Agentlikning Hindiston hukumatidagi suhbatdoshlariga ko‘ra, 2025 yil oxirigacha Hindiston Amerika importi uchun bojlarni 23 milliard dollarga kamaytirishga tayyor. Motosikl va burbon kabi ba’zi tovar toifalari uchun import shartlari allaqachon yengillashtirilgan. O‘z navbatida, Hindiston AQShga olmos eksporti taqdiridan ayniqsa xavotirda: chet elga yetkazib beriladigan qimmatbaho toshlarning umumiy hajmining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i aynan Qo‘shma Shtatlarga yuboriladi.
Neft arzonlamoqda
AQSh Rossiyaga yangi bojlar joriy etmagan, ammo Moskva baribir savdo urushini xavotir bilan kuzatishiga to‘g‘ri kelmoqda.
Sababi – neft. Jahon iqtisodiyoti o‘sishining istiqboldagi sekinlashuvidan xavotirda bo‘lgan investorlar xomashyo iste’molini qisqartirishga e’tibor qaratmoqdalar – va Rossiya Federatsiyasi budjeti kuchli darajada qaram bo‘lgan aktiv narxi tez sur’atlar bilan pasaymoqda. O‘tgan hafta davomida Brent nefti birdaniga 11 foizga arzonlashdi, eng kuchli qulash – 7 foiz juma kuni, Tramp boshlagan tarif qarama-qarshiligi va Xitoyning javob choralari ko‘lami aniq bo‘lganidan keyin sodir bo‘ldi. Shuningdek, xomashyo narxi pasayishiga OPeK+ may oyidan boshlab qazib olishni jadal sur’atlarda oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilishi va Saudiya Arabistonining eksport narxlarini pasaytirish rejalari ham ta’sir ko‘rsatdi Brent bu talabning qisqarish xavfi sharoitida taklifning kengayishiga olib keladi. 7 aprel kuni Brent fyucherslari bir barrel uchun 64 dollardan pastga tushdi – bu to‘rt yil ichidagi eng past ko‘rsatkich.
Rossiyaning Urals markasi bir barrel uchun 50 dollargacha arzonladi. RF nefti narxi bu qadar arzonlashishi oxirgi bor 2023 yil iyunida kuzatilgandi. Holbuki, Rossiya budjetining 30 foizi neft va gaz daromadlari bilan to‘ldiriladi va unda 2025 yilda bir barrel uchun o‘rtacha 70 dollar narx ko‘zda tutilgan. To‘g‘ri, mart oyida Rossiya Moliya vazirligi o‘z prognozini pasayish tomonga o‘zgartirdi va yil davomida o‘rtacha narx 60 dollarni tashkil etishi mumkinligini tan oldi. Bunday ssenariyda budjet taqchilligi YaIMning 1 foizi doirasida o‘sishi kutilgandi. Rossiya rasmiylari hozircha prognozlarni qayta ko‘rib chiqish haqida xabar bermadi.
Mavzuga oid

18:36
Tramp ko‘plab mamlakatlarni Xitoy iqtisodiyotini izolyatsiya qilishga ko‘ndirmoqchi – OAV

16:50
Bayden Oq uyni tark etganidan keyin birinchi marta Trampni tanqid qildi

15:08
Vashington Pekinga 245 foiz boj solishini va’da qilmoqda

13:50