Jahon | 23:40 / 08.04.2025
5388
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya aviakompaniyalariga chet el samolyotlarini ekipaji bilan birga ijaraga olishga ruxsat berildi

Samolyot parvozga qo‘yilishi uchun Rossiya vakolatli organi tomonidan berilgan ekspluatatsiya ruxsatnomasi talab qilinadi.

Foto: TASS

Rossiya Davlat dumasi aviatashuvchilarga xalqaro reyslarni amalga oshirish uchun chet el operatorlaridan havo kemalarini ekipaji bilan birga ijaraga olish imkonini beruvchi qonunni ma’qulladi.

Qonunga ko‘ra, bu kabi ijara shartnomalari ishtirokchi davlatlarning milliy qonunchiligiga va Rossiya tomonidan imzolangan xalqaro kelishuvlarga muvofiq bo‘lishi kerak. Samolyotning parvozga qo‘yilishi uchun Rossiya vakolatli organi tomonidan berilgan ekspluatatsiya ruxsatnomasi talab qilinadi.

2024 yil sentabr oyida Rossiyada bu turdagi lizingga oid dastlabki qonun qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, samolyotlar ekipaji bilan faqatgina Rossiya kompaniyalari o‘rtasida va faqat ichki yo‘nalishlar bo‘yicha ijaraga olinishi mumkin edi. Bu tizim ijarachiga qo‘shimcha samolyotlar olish imkonini bersa, ijaraga beruvchi tomonga flotni boshqarish va ish haqi bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirishga yordam beradi. Bu asosda birinchi bitim o‘tgan yil oxirida tuzilgan — «Aeroflot» iFly aviakompaniyasidan ekipaji bilan birga uchta keng fyuzelyajli Airbus A330 samolyotini ijaraga olgan edi.

Mazkur amaliyotni xalqaro yo‘nalishlarga ham tatbiq etish tashabbusi «Aeroflot»dan chiqqan. Kompaniya bosh direktori Sergey Aleksandrovskiy bu yondashuv aviatashuvchilarga xorijiy samolyotlarni jalb qilish hisobiga o‘z salohiyatini yanada oshirish imkonini berishini ta’kidlagan. Shundan so‘ng Rossiya Transport vazirligi bu boradagi qonun loyihasini ishlab chiqayotganini e’lon qilgan.

Aviatsiya bo‘yicha ekspert Grigoriy Pomeransevning fikricha, bunday lizing G‘arb sanksiyalari sharoitida dolzarb hisoblanadi. Chunki Rossiya aviakompaniyalari yangi samolyotlar va ehtiyot qismlardan foydalanish bo‘yicha taqiqqa uchragan.

«Rostex» davlat korporatsiyasi rahbari Sergey Chemezov esa mart oyida yaqin yillarda Rossiya aviakompaniyalari parklarda qolgan kamida 200 ta xorijiy samolyotni hisobdan chiqarishga majbur bo‘lishini aytgandi. Sanksiyalar tufayli ular rasmiy xizmat ko‘rsatish va original ehtiyot qismlar yetkazib berilishidan uzilgan. Chemezovning qayd etishicha, bu samolyotlar 2030 yilgacha ekspluatatsiyadan chiqarilib, mahalliy muqobillar bilan almashtirilishi kerak.

Muammoning ko‘lami haqida Rossaviatsiya taqdim etgan raqamlar ham dalolat beradi. Uning rahbari Dmitriy Yadrovning aytishicha, Rossiya aviakompaniyalari xizmat ko‘rsatish va ehtiyot qismlar yo‘qligi sababli allaqachon 58 ta xorijiy samolyotdan ayrilgan. Umuman olganda esa mavjud g‘arb samolyotlar parkining 30 foizgacha — taxminan 700 ta Boeing va Airbus samolyotlari xavf ostida qolmoqda. Ayni paytda aynan mazkur samolyotlar mamlakatdagi yo‘lovchi tashuvlarining 90 foizini ta’minlayapti.

Mavzuga oid