O‘zbekiston | 23:18 / 09.04.2025
4679
5 daqiqa o‘qiladi

9 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekiston yo‘llaridan shikoyat qilgan xorijlik sayyohlar, bandlik bo‘limining qo‘lga tushgan giyohvand rahbari, elektr energiyasi iste’molida yangi tarif va internetga ulanadigan yangi samolyotlar — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Sayyohlar shikoyatidan so‘ng yo‘llar ta’mirlanadi

Prezident raisligida turizm masalalariga bag‘ishlangan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xorijiy sayyohlar Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan o‘tuvchi yo‘llarning ahvolidan noroziligi qayd etildi.

Mutasaddilarga «turizm halqasi»ga kiruvchi yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha ishlarni boshlash topshirildi.

Yig‘ilishda hududiy hokimlarning turizm sohasini to‘liq anglab yetmayotgani tanqid qilindi. Mavsum boshlanganiga qaramay kapsulali uylar faqat Kitob tumanida tashkil etilgan. Qolgan 35 ta tuman va shahar hokimlari bu borada hech qanday harakat qilmagan. Bu uylarga 10 mln so‘mgacha subsidiya ajratilishi belgilandi.

Prezident O‘zbekiston iqtisodiyotida turizm sohasini rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash va eksport hajmini oshirish orqali barqarorlikka erishish muhimligini qayd etdi.

Shu bilan birga, treking marshruti uchun ruxsat olish muddatining 2–3 oy ekani tanqid qilinib, uni Yagona portal orqali 10 kunga qisqartirish topshirildi.

Bandlik bo‘limining giyohvand rahbari ushlandi

Andijon shahar bandlik bo‘limi boshlig‘i ishxonasida psixotrop modda iste’mol qilgani fosh bo‘ldi. Tarmoqlarda tarqalgan suratlarda u shisha idish orqali tutun tortayotgani aks etgan. Rasmdagi shaxs boshliq ekani rasman tasdiqlandi.

IIV ma’lumotiga ko‘ra, tezkor tadbirda fuqarodan 0,69 gramm gashish moddasi topilgan. Bo‘lim boshlig‘iga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov boshlangan.

Jinoyat kodeksida bunday qilmish uchun 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi ko‘zda tutilgan.

Vazirlik mutasaddilari voqea yuzasidan aniqlik kiritish bilan shug‘ullanmoqda. Tergov natijalari asosida qo‘shimcha ma’lumot berilishi kutilmoqda.

1 maydan elektr iste’molida yangi tarif

O‘zbekistonda 2025 yil 1 maydan elektr energiyasi uchun yangi oraliq tarif joriy etiladi. Endi aholi 201 kWhʼdan 500 kWhʼgacha bo‘lgan sarf uchun har bir kilovatt-soat uchun 800 so‘m to‘laydi. Bungacha bu oraliqda 1000 so‘mlik tarif amal qilayotgan edi.

Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu o‘zgarish Vazirlar Mahkamasining 194-son qarori asosida joriy qilinmoqda. Qarorda belgilanishicha, tariflardagi oshish muddati 1 apreldan 1 mayga ko‘chirilgan.

Yangi tartibga ko‘ra, oyiga o‘rtacha 500 kWh elektr energiyasi iste’mol qiluvchi xonadon 360 ming so‘m to‘laydi. Bu esa narx oshmasdan avvalgi hisob-kitob — 350 ming so‘m bilan qariyb teng.

Shuningdek, qaror bilan har yili 1 maydan elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari inflatsiya darajasiga mos ravishda indeksatsiya qilib borilishi, bu indeksatsiya 10 foizdan oshmasligi shart etib belgilandi.

Vazir Voleybol federatsiyasiga rais bo‘ldi

O‘zbekiston Voleybol federatsiyasiga ichki ishlar vaziri, general-mayor Aziz Toshpo‘latov rais etib saylandi. Uning nomzodi 9 aprel kuni IIV akademiyasida bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari konferensiyada bir ovozdan ma’qullandi.

Yig‘ilishda IIV, Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va hududiy ichki ishlar organlari vakillari ishtirok etdi. Federatsiyaning 8 ta hududiy bo‘limiga esa tegishli viloyatlar IIB boshliqlari hamda Toshkent shahar IIBB rahbari saylandi.

Shuningdek, «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida voleybol bo‘yicha «Ichki ishlar vaziri kubogi» musobaqalari boshlangani e’lon qilindi.

Uzbekistan Airways samolyotilarida internet

Uzbekistan Airways yangi keltiriladigan A321neo samolyotlarini yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlovchi HBCplus bort aloqasi tizimi bilan jihozlaydi.

HBCplus — sun’iy yo‘ldosh orqali multiorbital aloqani qo‘llab-quvvatlovchi ilg‘or texnologiya bo‘lib, yo‘lovchilarga parvoz vaqtida filmlar ko‘rish, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish, messenjerlar orqali xabar almashish va onlayn ishlash imkonini beradi. Bu aviakompaniyaning bort xizmatini raqamlashtirish va yo‘lovchilarga qulaylik yaratish strategiyasining bir qismi hisoblanadi.

Yangi tizimni o‘rnatish 2026 yildan boshlanadi. Ushbu yilda birinchi A321neo samolyotlari Uzbekistan Airways parkiga qo‘shilishi rejalashtirilgan.

Milliy aviatashuvchi bo‘lgan Uzbekistan Airways’ning parvozlarida hozirda Boeing 767/787, Airbus A-320/321, L-410 va ATR-72 turdagi samolyotlar qatnamoqda.

Mavzuga oid