Jahon | 17:05 / 10.04.2025
5117
3 daqiqa o‘qiladi

Abu-Dabida Rossiya va AQSh o‘rtasida mahbuslar almashinuvi bo‘lib o‘tdi

Rossiya tomoni Ukrainadagi xayriya tashkilotiga pul o‘tkazgani uchun davlatga xiyonatda ayblangan Kseniya Karelinani ozod etdi.

Kseniya Karelina / Foto: Reuters

Rossiya va AQSh 10 aprel kuni ertalab «ikki davlat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashning davomi sifatida» Abu-Dabi shahrida mahbuslar almashinuvini amalga oshirdi, deb xabar beradi The Wall Street Journal.

Rossiya AQSh va RF fuqarosi Kseniya Karelinani ozod etdi. U Ukrainadagi xayriya tashkilotiga pul o‘tkazgani uchun davlatga xiyonatda ayblanib, 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Karelinaning himoyachisi Mixail Mushailov o‘z mijozi ozodlikka chiqqanini tasdiqlagan.

O‘z navbatida, AQSh Germaniya va Rossiya fuqarosi Artur Petrovni ozod etdi. U 2023 yilda Kiprda AQShning so‘roviga ko‘ra qo‘lga olingan edi. Petrov AQSh tomonidan harbiy maqsadlarda foydalanilishi mumkin bo‘lgan mikroelektronika mahsulotlarini noqonuniy eksport qilishda gumonlangan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, almashinuv muzokaralarini MRB direktori Jon Retkliff olib borgan. U Rossiya FXX direktori Aleksandr Bortnikov va Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin bilan bir necha marta telefon orqali muloqot qilgan.

Retkliff Abu-Dabi aeroportidagi almashinuvda shaxsan ishtirok etgan. «Bugun prezident Tramp Rossiyada noqonuniy ravishda ushlab turilgan yana bir amerikalikni uyiga qaytardi. Bu jarayonda faol qatnashgan MRB xodimlari bilan faxrlanaman va almashinuvni tashkil qilgani uchun BAA hukumatiga minnatdorchilik bildiraman», — deydi Retkliff.

FXX ham Rossiya va AQSh o‘rtasida mahbuslar almashinuvi amalga oshirilganini tasdiqladi. Rossiya maxsus xizmatining xabarida aytilishicha, ozod etilgan Kseniya Karelina aprel oyida Vladimir Putin farmoni bilan afv etilgan.

Bu Donald Tramp AQSh prezident lavozimiga kirishganidan beri Moskva va Vashington o‘rtasida ikkinchi bor mahbuslar almashinuvidir. Fevralda Rossiya amerikalik o‘qituvchi Mark Fogelni qamoqdan ozod etgandi. Bunga javoban AQSh BTC-e kriptobirjasi asoschisi Aleksandr Vinnikini qo‘yib yuborgan.

Mavzuga oid