Jahon | 10:00 / 10.04.2025
7272
7 daqiqa o‘qiladi

Tramp Xitoy uchun bojlarni 125 foizga ko‘tardi. Qolgan davlatlar uchun 90 kunlik tanaffus berildi

Donald Tramp bozorlardagi «g‘amgin» vaziyat fonida o‘nlab mamlakatlar uchun «javob» bojlarini joriy etishni 90 kunga to‘xtatib qo‘ydi. Xitoy uchun bojlar 104 foizdan 125 foizga oshirildi.

Foto: Sky News

AQSh Xitoydan import qilinadigan tovarlarga bojlarni 104 foizdan 125 foizga oshiradi, deb ma’lum qildi mamlakat prezidenti Donald Tramp. Boshqa mamlakatlarga nisbatan muzokaralar uchun uch oylik tanaffus joriy etiladi, bu davrda barcha uchun AQShga 10 foizlik import tarifi amal qiladi.

«Xitoyning jahon bozorlariga hurmatsizlik ko‘rsatayotgani sababli men AQShning Xitoydan oladigan bojlarini 125 foizgacha ko‘taraman va darhol kuchga kiradi. Qachondir, umid qilamanki, yaqin kelajakda Xitoy AQSh va boshqa mamlakatlarni talon-toroj qilish mumkin emasligini va qabul qilib bo‘lmasligini tushunib yetadi», – deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Shuningdek, u 75 dan ortiq davlat tariflar bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish iltimosi bilan AQShga murojaat qilgani va bu mamlakatlarga nisbatan kechiktirish joriy etilganini ma’lum qildi; bu ham shu kundan kuchga kiradi va 90 kun davomida amalda bo‘ladi.

«Men 90 kunlik pauza va bu davrda o‘zaro tarifni 10 foizga sezilarli darajada pasaytirishga ruxsat berdim», – deb qo‘shimcha qilgan Amerika yetakchisi.

Tramp qaysi davlatlarga 90 kun davomida pasaytirilgan tariflar qo‘llanishi haqida aniq ma’lumot bermadi. Uning ta’kidlashicha, bu davlatlar AQSh bilan savdo bitimlari bo‘yicha tinch muzokaralar olib borayotgan va «biror bir shaklda AQShga qarshi chiqmayotgan» mamlakatlardir.

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning aniqlik kiritishicha, 10 foizlik bojlar Xitoydan tashqari barcha mamlakatlar uchun amal qiladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 75 dan ortiq davlat muzokaralar taklifi bilan Trampga murojaat qilgan va Vashington so‘rovlar sonidan hayratda qolgan.

AQSh savdo vaziri Govard Lyutnik ijtimoiy tarmoqlarda yozishicha, u AQSh prezidenti Donald Tramp «o‘z prezidentlik davrida Truth Social’dagi eng noodatiy postlardan biri»ni yozganida xonada bo‘lgan.

«Dunyo global savdoni to‘g‘rilash uchun prezident Tramp bilan ishlashga tayyor, Xitoy esa qarama-qarshi yo‘lni tanladi», – dedi Lyutnik.

Trampning bayonoti fonida Amerikaning asosiy indekslari o‘sa boshladi. Uoll-stritdagi savdolar yopilishidan biroz oldin Dow Jones 7,9 foizga, S&P 500 9,5 foizga, Nasdaq – 12,2 foizga o‘sdi.

AQSh moliya vaziri Skott Bessentning so‘zlariga ko‘ra, Trampning yangi tariflar haqidagi qaroriga so‘nggi kunlardagi bozorlar dinamikasi ta’sir ko‘rsatmagan.

Shu bilan birga, Trampning o‘zi chorshanba kuni kechqurun o‘z qarorini sharhlar ekan, bozorlardagi vaziyat qat’iy global tariflarni joriy etishdan voz kechishga ta’sir qilganini tan oldi va moslashuvchan bo‘lish kerakligini aytdi.

«So‘nggi bir necha kun ichida hamma narsa juda g‘amgin ko‘rinardi. Menimcha, odamlar biroz oshirib yubormoqda. Ular biroz qo‘rqa boshlashdi va asabiylashdi. Moslashuvchan bo‘lish kerak», – dedi u jurnalistlarga.

Amerika prezidentining fikricha, savdo bitimlari oxir-oqibat barcha davlatlar, jumladan, Xitoy bilan ham tuziladi.

«Xitoy bilan bitim tuziladi. Har bir davlat bilan bitim tuziladi», – degan Tramp va Xitoy yetakchilari «buni qanday amalga oshirishni unchalik tushunmayotgani»ni qo‘shimcha qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2 aprel kuni Tramp dunyo mamlakatlarining aksariyatiga nisbatan bojlar joriy etilishini e’lon qilgan va bu kunni «Amerika ozodligi kuni» deb atagandi. U «o‘n yillar davomida» AQSh boshqa mamlakatlarga nisbatan savdo to‘siqlarini kamaytirib kelgani, bu davlatlar esa, aksincha, Amerika mahsulotlariga nisbatan «asossiz ulkan tariflar joriy qilgani»ni ta’kidlagandi.

Trampning ushbu harakatlariga javoban bir qator davlatlar AQSh mahsulotlariga import bojlarini oshirishini ma’lum qildi. Yevropa Ittifoqi «tamaki, mototransport vositalari, parranda go‘shti, po‘lat va alyuminiy» kabi Amerikaning bir qator  tovarlariga 10 foizdan 25 foizgacha tariflar joriy qilishni kelishib olgandi.

Bir kun avval Pekin «oxirigacha kurashishi»ni e’lon qilgan va AQSh tovarlariga javob bojlarini joriy qilgandi: avval 34 foiz, keyin esa AQSh XXR tovarlariga bojni 104 foizga oshirganidan so‘ng 84 foizga ko‘targandi. Xitoy bojlari 10 apreldan kuchga kirdi.

Pekin bayonotida AQSh savdo balansi taqchilligi va «sanoatning yetarlicha raqobatbardosh emasligi» kabi muammolarni tarif choralari bilan hal qila olmasligi qayd etilgan.

Shu bilan birga, Xitoy har doim Xitoy-Amerika savdo munosabatlarini «o‘zaro manfaatli» deb bilishini, savdo hamkorlari o‘rtasida ziddiyatlar bo‘lishi tabiiyligini va ziddiyatlarni hal qilish uchun Vashington bilan muloqotga tayyorligini bildirgan.

Tramp Xitoy bilan savdo urushiga o‘tmoqda
Entoni Zurker, BBC’ning Shimoliy Amerikadagi muxbiri

Bozordagi bir haftalik larzalardan so‘ng Donald Tramp o‘zining ulkan tarif rejalarini bekor qilmoqda.

Global iqtisodiy tartibni qayta qurish, hech bo‘lmaganda, hozircha to‘xtatilgan va Amerika sanoatining va’da qilingan oltin davri kutib turishiga to‘g‘ri keladi.

Bu Trampning avvalboshdan tuzgan rejasimi yoki investorlar vahimaga tushishi va jamoatchilik noroziligiga reaksiyasimi, bunisi aniq emas. Oxir-oqibat buning ahamiyati ham yo‘q.

Reallik shundaki, AQSh o‘zining javob savdo olovini to‘xtatib, fond bozori tinishiga yo‘l qo‘yib, Xitoy bilan savdo urushiga moyil bo‘lgan mamlakatlarga yaxshilik qilmoqda.

Bu global iqtisodiy oqibatlarga olib keladi, ammo ko‘proq Amerikaning so‘nggi paytlardagi tashqi siyosatiga, jumladan, demokrat prezident Jo Bayden davrida Xitoyning ambitsiyalarini jilovlashga qaratilgan siyosatiga mos keladi.

Biroq, Trampning so‘nggi haftadagi harakatlari bu strategiyani amalga oshirishni qiyinlashtirmaydimi, degan katta savol tug‘iladi.

Mavzuga oid