O‘zbekiston | 22:07 / 11.04.2025
4230
5 daqiqa o‘qiladi

11 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Davlat xizmatchilariga yagona maosh tizimi, sinovdan o‘tolmagan Leapmotorʼdan izoh, Farg‘ona vodiysida qo‘shma turizm halqasi va qachon arzonlashishi aytilgan piyoz narxi — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Davlat xizmatchilariga yagona maosh tizimi

O‘zbekistonda davlat fuqarolik xizmatchilari uchun yagona va shaffof mehnatga haq to‘lash tizimi joriy etiladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi izoh berdi.

Yangi tizimga ko‘ra, ish haqi faqat davlat budjeti hisobidan to‘lanadi va budjetdan tashqari to‘lovlar bekor qilinadi.

Hozirda maosh miqdori idoralar kesimida turlicha bo‘lib, mahalliy budjetlardan ham ustama to‘lanmoqda. Yangi tizim ushbu kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan.

Lavozim toifalari, martaba darajalari, KPI va yillik bonuslar xalqaro standartlarga mos ravishda belgilanadi. Qarorga muvofiq sentabrga qadar tegishli normativlar ishlab chiqiladi.

Leapmotor O‘zbekistondagi taqiqqa izoh berdi

Xitoyning Leapmotor kompaniyasi avtomobillarini O‘zbekistonda sertifikatlash to‘xtatilganiga izoh berdi. Rasmiy bayonotda qayd etilishicha, kompaniya tekshiruv natijalariga e’tiroz bildiradi va vaziyatni tiklashga umid qilmoqda.

O‘zbekiston tomoni C16 modelida elektromagnit shovqin darajasi belgilangan me’yordan 16 barobar yuqori ekanini ma’lum qilgan. Shu sabab bu brendga oid avtomobillarni sertifikatlash uchun arizalar qabul qilinishi vaqtincha to‘xtatilgan.

Leapmotor bu holatda tekshiruv qanday mashinalarda, qanday shartlarda o‘tkazilgani haqida rasmiy ma’lumot yo‘qligini ta’kidlab, shaffof va adolatli qayta tekshiruv o‘tkazilishini so‘ramoqda.

Farg‘ona vodiysida qo‘shma turizm halqasi yaratiladi

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston «Farg‘ona vodiysining oltin sayyohlik halqasi» deb nomlangan yangi qo‘shma turistik yo‘nalishni yaratish ustida ish boshladi, deb xabar beradi Qirg‘izistonning 24.kg agentligi.

31 mart kuni Xo‘jandda bo‘lib o‘tgan uch tomonlama sammit doirasida o‘tkazilgan sayyohlik forumida ushbu tashabbus muhokama qilindi. Loyiha doirasida uch davlatning tog‘, ko‘l, tarixiy shahar va madaniy yodgorliklariga tashriflar nazarda tutilgan.

Shuningdek, Navro‘z bayrami asosida «Navro‘z – Markaziy Osiyo qalbida» nomli yangi sayyohlik yo‘nalishi tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqilgan.

Farg‘onada matallurgiya zavodi quriladi

Xitoyning Shandong Aipurui Steel Plate kompaniyasi Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida 120 mln dollarlik metallurgiya zavodi qurishni boshladi. Zavod «Taraqqiyot» sanoat hududida joylashadi va uch bosqichda barpo etiladi.

Loyiha doirasida 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Birinchi bosqich 2025 yil oktyabrda ishga tushiriladi. Qayta ishlangan metalldan tayyorlanadigan mahsulotlar ichki bozor hamda eksport uchun mo‘ljallangan.

Viloyat hokimi Xayrulla Bozorov loyihaning jadal ketishini va hududda «Yashil makon» loyihasi doirasida ekologik shart-sharoitlar ham yaratilayotganini ta’kidladi.

Piyoz narxi nima uchun qimmatlashdi?

Aprel boshida O‘zbekistonda ertapishar piyoz narxi keskin qimmatlashdi. EastFruit ma’lumotlariga ko‘ra, narxlar o‘tgan yilga nisbatan 10 baravargacha oshib, chakana bozorlarda 7–8 ming so‘mga yetdi. Bu holat ekin maydonlarining 30–40 foizga qisqarishi bilan izohlanmoqda.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ko‘ra, 2024 yilda piyoz narxining tushib ketishi sabab ko‘p hududlarda piyoz kam ekilgan. Masalan, Samarqand, Namangan, Xorazm va boshqa viloyatlarda minglab gektar yerlarda ekinlar qisqartirilgan.

Vazirlik ta’kidlashicha, bu vaqtinchalik holat bo‘lib, 15 apreldan boshlab yangi hosil bozorlarga chiqadi va narxlar 2–2,5 ming so‘mgacha tushishi kutilmoqda.

O‘zbekiston aholisining 56 foizi — mehnatga layoqatli

2025 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda doimiy aholi soni 37,7 mln kishini tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 2 foizga ko‘p.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, aholi tarkibining 56 foizi — 21,1 mln kishi mehnatga layoqatli yoshdagilardan iborat. Shu bilan birga, 12,1 mln kishi (32,1 foiz) mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar, 4,5 mln kishi (11,9 foiz) esa pensiya yoshidagi fuqarolardir.

Bu ko‘rsatkichlar mamlakat demografik tuzilishida ishga layoqatli aholining katta ulushga egaligini ko‘rsatadi. Bu mehnat bozori va iqtisodiy faollikda muhim ahamiyatga ega.

Mavzuga oid