Jahon | 18:10 / 11.04.2025
8733
22 daqiqa o‘qiladi

Ilon Maskda muammolar: uning biznesi zarar ko‘rmoqda, Tramp bilan esa ilk kelishmovchilik chiqqan

Jurnalistlar milliarder tez orada prezident davrasidan quvilishini taxmin qilmoqda, ammo u bilan urishib qolish ham xavfli bo‘lishi mumkin.

Samuel Corum / Sipa / Bloomberg / Getty Images

Amerikadagi qator nashrlar Oq uydagi manbalariga tayanib, Ilon Mask tez orada prezidentning katta maslahatchisi, maxsus davlat xizmatchisi va Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari lavozimidan ketishi haqida xabar bera boshladi. Taxminlarga ko‘ra, Donald Trampning o‘zi bu haqda boshqa safdoshlariga aytgan. Jurnalistlar davlat rahbari va tadbirkor o‘rtasidagi ayrilishning ehtimoliy sabablaridan biri sifatida Tramp tomonidan boshqa mamlakatlarga nisbatan joriy etilgan va Maskning jiddiy zarar ko‘rishiga sabab bo‘lgan tariflarni ko‘rsatmoqda. Mask o‘z lavozimini tark etishi haqidagi ma’lumotni Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt allaqachon rad etgan, milliarderning o‘zi esa bu xabarlarni feyk deb atagan. «Meduza» prezident va dunyoning eng boy odami ittifoqi qanday shakllangani va ularning munosabatlarida aslida nimalar ro‘y berayotgani haqida hikoya qildi.

Mask avval demokratlarga simpatiya bildirgan va Trampni tanqid qilgan, siyosatchi esa milliarderni «muttaham» deb atagan. Ammo 2024 yilda barchasi o‘zgardi

Yaqin-yaqingacha Tramp va Maskni hamfikr deb bo‘lmasdi. 2016 yil noyabrida tadbirkor Tramp mamlakatni boshqarish uchun yetarlicha salohiyatga ega emasligini aytgandi. «Men uning [prezident roliga] munosib emasligini tobora ko‘proq his qilyapman, – degandi o‘shanda Mask. – Menimcha, bunday fe’l-atvorli yigit Qo‘shma Shtatlarga yaxshi ta’sir o‘tkaza olmasa kerak».

Maskning tanqidiga qaramay, birinchi saylovda g‘alaba qozonganidan so‘ng, Tramp Tesla va SpaceX bosh direktorini strategiya va siyosat bo‘yicha prezidentlik forumiga – davlat rahbariga iqtisodiy o‘sish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha maslahat bergan 16 nafar tadbirkordan iborat guruhga qo‘shadi. Biroq hamkorlik uzoqqa cho‘zilmadi: 2017 yil iyunida milliarder Trampning Parij kelishuvidan chiqish qaroriga norozilik sifatida forumni tark etadi.

2018 yilda amerikalik jurnalist Kara Svisher bilan suhbatda Mask Trampning iqlim bo‘yicha pozitsiyasiga «bor kuchi bilan» ta’sir o‘tkazishga harakat qilganini aytadi. Svisher unga prezident huzuridagi guruhga qo‘shilmaslikni maslahat bergani va u Maskni «otib ketishi»ni taxmin qilganini eslatadi. Milliarder u haq bo‘lgani tan oladi.

Maskning tanqidlari esa Trampning 2020 yil yanvarida u haqida zavq bilan gapirishiga va uni muhandis va ixtirochi Tomas Edison bilan taqqoslashiga to‘sqinlik qilmaydi. «U bizning daholarimizdan biri va biz o‘z daholarimizni himoya qilishimiz kerak», – deydi Tramp Mask haqida Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida bergan intervyusida.

Trampning Mask haqidagi fikri ikki yarim yildan so‘ng o‘zgardi. 2022 yil iyul oyida u milliarderni ilgari hech qachon respublikachilar uchun ovoz bermaganini tan olganidan keyin «muttaham» deb atagandi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Mask o‘zaro suhbatda uni prezidentlik saylovlarida qo‘llab-quvvatlaganini aytgandi.

«Men Trampdan nafratlanmayman, lekin u shlyapasini ilib, ufq tomon ketish vaqti keldi», – deb bahsni davom ettiradi Mask. Bundan ikki oy oldin Mask Twitter’ning Trampni isyonga da’vati uchun bloklash qarorini tanqid qilgandi.

O‘sha yilda tadbirkor endi Respublikachilar partiyasidan nomzodlarni qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirayotganini e’lon qiladi. Biroq, prezidentlik saylovlaridagi praymeriz arafasida u Trampning partiyadoshi va raqibi bo‘lgan Florida gubernatori Ron Desantisni qo‘llab-quvvatlaydi.

«Mask va Tramp bir-biriga juda o‘xshash, shuning uchun ular hech qachon kelisha olmaydi, – degandi 2022 yilda CNN siyosiy sharhlovchisi Kris Kilissa. – Ikkisi ham o‘zini isyonkor deb hisoblaydi. Ikkisi ham tartibsizlik keltirib chiqarishni va barqaror tartibni larzaga solishni xush ko‘radi».

Biroq, Trampning respublikachilarning 2024 yilgi praymerizidagi ustunligi qanchalik yaqqol bo‘lsa, Maskning sobiq prezidentga xayrixohligi ham shunchalik sezilarli bo‘ladi. «Mask Trampni ahmoq deb hisoblardi. Aytish mumkinki, u undan nafratlanardi... Ammo 2024 yilda u do‘stlariga Trampni yashirincha qo‘llab-quvvatlamoqchiligi va uning g‘oyalarini dunyoning eng boy odamlari bilan suhbatlarda ilgari surmoqchi ekanini ayta boshladi», – deydi The New York Times muxbiri Jonatan Suon.

Donald Tramp va Ilon Mask saylovoldi mitingda. 2024 yil 5 oktyabr
Evan Vucci / AP / Scanpix / LETA

Suonning so‘zlariga ko‘ra, Maskning siyosiy maqsadlar uchun xarajatlari so‘nggi yillarda Trampning asosiy maslahatchilaridan biri, spichrayter Stiven Miller tomonidan nazorat qilingan. Shunga qaramay, 2024 yilning birinchi yarmida milliarder hali ham nomzodlarning hech biriga homiylik qilmoqchi emasligini ta’kidlayotgandi.

Trampga uyushtirilgan suiqasddan keyin vaziyat o‘zgardi. Mask darhol X ijtimoiy tarmog‘ida Trampni «to‘liq qo‘llab-quvvatlashi»ni yozadi. O‘shandan beri u respublikachining asosiy homiylaridan va safdoshlaridan biriga aylandi. Associated Press nashri xabariga ko‘ra, milliarder tomonidan tashkil etilgan America PAC siyosiy harakatlar superqo‘mitasi respublikachining kampaniyasiga 200 million dollarga yaqin sarmoya kiritgan.

Mask inauguratsiyadan keyingi dastlabki oylarda Tramp atrofidagi eng yorqin shaxslardan biriga aylandi. Muxoliflar milliarderni davlat to‘ntarishi va «hukumatni yutib yuborish»da ayblamoqda

Mask 2024 yilgi saylovlar natijasini Trampning Mar-a-Lagodagi qarorgohida kuzatib boradi. O‘shandan beri milliarder va saylangan davlat rahbari deyarli ajralmas juftlikka aylandi – Mask hatto o‘zini prezidentning «birinchi xonimi»ga o‘xshatib, «birinchi do‘sti» deb ataydi.

2024 yil oxirida Tramp Mask boshchiligidagi Hukumat samaradorligi departamentini (DOGE) tashkil etish niyatini e’lon qiladi. So‘nggi oylarda aynan shu idora federal xizmatchilarni ommaviy ravishda qisqartirish va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligini (USAID) amalda yopish tashabbusi bilan chiqdi.

  • Mask DOGE’ning asosiy maqsadi «byurokratik tiraniya»ni tugatish deb e’lon qilgan. Rasman uning departamentining vazifasi davlat tuzilmalari ishini va hukumat xarajatlarini optimallashtirishdan iborat. Mart oyida DOGE oziq-ovqat va dori-darmonlar sifatini nazorat qilish boshqarmasi, Milliy yadroviy xavfsizlik ma’muriyati, Ta’lim, Sog‘liqni saqlash, Qishloq xo‘jaligi vazirliklari va boshqa idoralarda 200 mingdan ortiq qisqartirishlar tashabbusi bilan chiqdi. Mask va uning departamentini tanqid qilish uchun asosiy sabablardan biri asossiz ishdan bo‘shatishlar bo‘ldi: Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, rasmiylar «xatolik tufayli» ishdan bo‘shatilgan 26 mingdan ortiq xodimni qayta yollashga majbur bo‘lgan. Federal sudlar sinov muddatida bo‘lgan yana 24 mingga yaqin xodimni ishga tiklash to‘g‘risida qaror chiqargan. Maskning o‘zi inklyuzivlik dasturlarini to‘xtatish orqali soliq to‘lovchilarning mablag‘laridan bir milliard dollardan ortiq mablag‘ni tejaganini aytgan.

«Mask hukumat muassasalarini nazorat qiluvchi xususiy shaxsdir. Bu optimallashtirish emas, bu to‘ntarish», – deb yozadi Denver universiteti siyosatshunosi Set Masket DOGE faoliyati haqida.

Tramp davrida Mask prezidentning katta maslahatchisi bo‘ldi va maxsus davlat xizmatchisi lavozimini egalladi. Bu unga davlat mulozimlari uchun majburiy bo‘lgan tekshiruvdan qochish imkonini berdi. «Federal xizmatchilar qat’iy tanlovdan o‘tishlari va o‘z malakalarini tasdiqlashlari kerak. Maxsus davlat xizmatchisini tayinlash – bu byurokratik sansalorlikni chetlab o‘tib, kimnidir bortga olishning osonroq usuli», – deb tushuntirdi huquqshunos Joanna Fridman.

Qonunga ko‘ra, maxsus davlat xizmatchisi kalendar yilida ko‘pi bilan 130 kun ishlashi mumkin. Ammo bu lavozimni bir martadan ortiq egallashga ruxsat bor. Bu shuni anglatadiki, agar Mask 2025 yilda kunlar limitini tugatsa, nazariy jihatdan, Tramp uni 2026 yilda yana shu lavozimga tayinlashi mumkin.

Sent-Luisdagi Vashington universitetining davlat siyosatining axloqiy me’yorlari bo‘yicha mutaxassisi Ketlin Klarkning ta’kidlashicha, maxsus davlat xizmatchilari oddiy federal xizmatchilar bilan bir xil qoidalarga amal qilishi kerak. Biroq Mask ko‘plab qarorlarni qonun chiqaruvchi organlar bilan muvofiqlashtirmaydi. DOGE bilan ishlashga majbur bo‘lgan aksariyat idoralar hali ham uning vakolatlari doirasini tushunishmaydi. Klarkning so‘zlariga ko‘ra, qonun federal agentliklarni kongress ruxsatisiz yopishni taqiqlaydi, ammo Mask bu cheklovlarni chetlab o‘tmoqda.

«Hech kim tomonidan saylanmagan soyadagi hukumat federal hukumatni dushmanlarcha yutib yuboradi», – deya ta’riflaydi Maskning faoliyatini senatdagi demokratlar fraksiyasi rahbari Chak Shumer. Ba’zi ekspertlar Maskni «Vashingtondagi eng nufuzli odam» deb atay boshlagan. Trampning o‘zini bunday tavsiflar bezovta qilmaydi – uning so‘zlariga ko‘ra, «Ilon roziliksiz hech narsa qila olmaydi va qilmaydi ham».

Maskdan nima kutishni oldindan bilib bo‘lmasligi allaqachon Trampning ko‘plab safdoshlariga yoqmay boshlagan. Bu vaqtda esa milliarderning o‘zi prezidentning bojlar siyosatini faollik bilan tanqid qilmoqda

Trampning jamoatchilik qarshisidagi so‘zlariga qaramay, 2025 yil aprel oyi boshida jurnalistlar Oq uyda Maskdan «to‘ygani» haqida yozishni boshladi. CNN siyosiy sharhlovchisi va The New York Times katta muxbiri Meggi Habermanning so‘zlariga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida prezidentning bir necha maslahatchisi milliarder davlat rahbari atrofida girdikapalak bo‘lishidan norozi. Bu haqda Politico nashri muxbiri Reychel Beyd ham yozgan.

Ilon Mask «Texnik qo‘llab-quvvatlov» yozuvli futbolkada ministrlar kabineti yig‘ilishida. 2025 yil 26 fevral
Jim Watson / AFP / Scanpix/ LETA

«Hech kim: „Aytgancha, yiqitish vaqti keldi“, demayapti, – deya Oq uydagi manbasining so‘zlarini keltiradi The Times. – Ammo shunday fikr yuritadigan bir guruh odamlar bor: „Qachon biz Ilon Maskning ishlari bilan emas, hukumat ishlari bilan shug‘ullanamiz?“»

2025 yil martida Vanity Fair nashri Oq uydagi manbasiga tayanib, so‘nggi haftalarda Mask va Tramp ma’muriyatining ayrim a’zolari o‘rtasidagi munosabat keskin sovuqlashgani haqida xabar bergandi. Xususan, davlat kotibi Marko Rubio va transport vaziri Shon Daffi DOGE rahbarini o‘z idoralaridagi qisqartirishlar ular bilan kelishilmasdan amalga oshirilganidan norozi bo‘lgan.

Trampga yaqin bo‘lgan media Oq uy apparati rahbari Syuzan Uaylsni Maskka qarshi kampaniya tashabbuskori deb atamoqda, u ham milliarder u bilan hukumat idoralarini optimallashtirish rejalarini kelishib olmaganidan norozi.

Trampning saylovoldi kampaniyasi ishtirokchisi anonimlik sharti bilan u va uning hamkasblari Maskni juda keskin va harakatlarini oldindan aytib bo‘lmaydigan odam deb hisoblashini aytdi. Milliarderning ko‘pchilik respublikachilarni norozi qilgan harakatlardan biri uning Jo Roganning podkastidagi chiqishi bo‘ldi – u yerda Mask ijtimoiy sug‘urta dasturini «tarixdagi eng yirik moliyaviy piramida» deb atadi. Ba’zi jurnalistlar fikricha, Trampning yaqin safdoshining bunday mulohazalari uning saylovoldi kampaniyasi vaqtidagi har qanday holatda ham nafaqalarni bekor qilmaslik haqidagi va’dalariga ziddir.

DOGE’ning USAID’ni qisqartirish bo‘yicha qarorini konstitutsiyaga zid deb topgan va agentlikni yopishga urinishlarni to‘xtatishga qaror qilgan federal sudyaga Mask tomonidan uyushtirilgan hujumlar ham prezident maslahatchilarini qattiq ajablantirgan.

Maskning 1 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Viskonsin shtati Oliy sudiga saylov natijalariga ta’sir ko‘rsatishga muvaffaqiyatsiz urinishi ham Tramp jamoasi a’zolari orasidagi obro‘siga putur yetkazgan bo‘lishi mumkini. Ovoz berish jarayoni arafasida Mask Respublikachilar partiyasi nomzodi Bred Shimel tarafdorlariga million dollarlik ikkita chek berdi. To‘lov uchun rasmiy sabab sifatida saylovchilar Mask tuzgan America PAC superqo‘mitasining «o‘z qarashlarini o‘tkazayotgan faol sudyalar»ga ovoz bermaslikka chaqiruvchi petitsiyasini imzolashi ko‘rsatilgan.

Maskni nega aynan Viskonsindagi saylovlar bunchalik tashvishga soldi?

  • Mask agar Demokratik partiya nomzodi saylansa, Viskonsin Oliy sudi bo‘lajak saylovlarda respublikachilarning imkoniyatlarini minimallashtirish uchun saylov okruglari chegaralarini qayta taqsimlashi mumkin deb hisoblagan. 2024 yil noyabr oyida Tramp Viskonsinda bir foizdan kamroq ustunlik bilan g‘alaba qozongandi – 49,6, Kamala Xarris esa saylovchilarning 48,74 foizi ovozini qo‘lga kiritgandi.

Ba’zi nashrlar milliarderni ovozlarni sotib olishga urinishda aybladi, ammo shtat Oliy sudi qonun buzilmagan deb topdi. Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, Mask Shimelning kampaniyasiga jami 22 million dollar investitsiya qilgan. Shunga qaramay, Viskonsinda Demokratik partiya vakili Syuzan Krouford g‘alaba qozondi.

«Saylovoldi poygasiga Mask shaxsan aralashuvi teskari ta’sir ko‘rsatdi, – deya sharhladi The New York Times Times Viskonsindagi ovoz berish natijalarini. – Mask demokrat saylovchilarning asabini qo‘zituvchiga aylangan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, respublikachilar orasida Mask Tramp kabi ma’qullanmaydi».

Siyosiy sharhlovchi Meggi Habermanning so‘zlariga ko‘ra, Maskning faolligi zanjiri arrani (benzopila) sermashga o‘xshaydi, Tramp va uning atrofidagilar esa ba’zida ehtiyotkorlik bilan harakat qilishni ma’qul ko‘rishadi. Respublikachilar birinchi navbatda nimani afzal ko‘rishini tahlil qiluvchi sotsiolog Uit Eyrs ham xuddi shunday fikr bildirdi: «Federal xizmatchilar Ilon Maskdan ko‘ra ancha mashhur. Uning radikal usullari kamdan kam odamga yoqadi».

Yaqinda Markett universiteti qoshidagi Huquq maktabi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning 58 foizi DOGE faoliyatini ma’qullamaydi. Maskning faolligini respondentlarning 60 foizi salbiy baholagan, faqat 38 foizi – ijobiy. Bunday yomon natijalardan keyin Trampning ba’zi maslahatchilari milliarderga yaqinlik prezident reytingi uchun xavfli deb o‘ylab qolishi mumkin edi.

Ilon Mask tojda tasvirlangan raklama shiti. Tayms-skver, Nyu York. 2025 yil 20 mart
Kylie Cooper / Reuters / Scanpix/ LETA

Tramp va Mask o‘rtasidagi ziddiyatning yana bir sababi – Amerika prezidenti tomonidan kiritilgan import tovarlariga qo‘yilgan bojlar bo‘lib, ular allaqachon Maskning Tesla kompaniyasi aksiyalari qiymati jiddiy pasayishiga olib kelgan. Natijada Maskning boyligi 2024 yil noyabr oyidan beri birinchi marta 300 milliard dollardan pastga tushdi. Oq uy Yevropa Ittifoqi tovarlariga 20 foiz boj o‘rnatganidan zum o‘tmay, Mask AQSh va Yevropa o‘rtasida «tarifsiz» zona joriy etilishini xohlashini aytib chiqdi.

Tariflar joriy etilgandan so‘ng, Mask Trampning savdo bo‘yicha maslahatchisi va ommaviy ravishda oshirilgan tariflarni joriy etish tashabbuskorlaridan biri Piter Navarroni tanqid qildi. «Harvardda iqtisod fanlari doktori bo‘lish – yaxshi emas, yomon», – deb yozadi tadbirkor. Maskning ukasi va Tesla boshqaruv kengashi a’zosi Kimbal Mask esa o‘z e’tirozini to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat rahbariga yo‘lladi: «Tramp davrida AQShda bir necha avlodlar uchun eng yuqori soliqlar bo‘ladi deb kim ham o‘ylabdi. Tramp o‘zining tarif strategiyasi yordamida amerikalik iste’molchini fundamental, doimiy soliqqa tortdi».

The Washington Post ma’lumotlariga ko‘ra, Mask uzoq vaqtdan beri import tovarlariga qo‘yilgan bojlar uning biznesiga zarar yetkazadi, deb hisoblaydi, chunki Tesla’ning ba’zi ishlab chiqarish nuqtalari Xitoyda joylashgan.

Donald Tramp va Ilon Mask Oq uy atrofida Tesla modelini namoyish etmoqda. Tramp kompaniyani qo‘llab-quvvatlash uchun elektrokar sotib olganini aytgan. 2025 yil 11 mart
Jabin Botsford / The Washington Post / Getty Images

Mask bilan munosabatlarni uzish ham xavfli bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Tramp norozilikni o‘zidan soqit qilish uchun milliarderdan foydalanmoqda

Mart oyi oxirida Tramp yaqin orada Mask maxsus davlat xizmatchisi lavozimini tark etishi mumkinligiga shama qilgandi. «Menimcha, u ajoyib, lekin u katta kompaniyani boshqarishi kerak, deb o‘ylayman. Qachondir u bunga qaytadi. U shuni istaydi. Men uni [o‘z ma’muriyatimda] qo‘limdan kelganicha qoldirgan bo‘lardim. U juda iste’dodli yigit», – degandi AQSh prezidenti.

Politico ma’lumotiga ko‘ra, xuddi shu vaqtda Tramp atrofidagilarga Mask yaqin orada siyosat bilan shug‘ullanishni to‘xtatib, biznesga qaytishini aytgan. Maskning o‘zi kompaniyalarga rahbarlik qilishni DOGE boshchiligidagi faoliyat bilan birlashtirishda «katta qiyinchiliklar»ni boshdan kechirayotganini tan oldi.

Shunga qaramay, ko‘plab siyosatchilar prezident hali ham tadbirkorni DOGE rahbarligidagi provokatsion bayonotlari va harakatlari uchun qadrlaydi, deb hisoblashadi. «Endi hamma unga emas, Maskka hujum qilayotgani Trampga yoqadi», – dedi Oq uyga yaqin manba The Times nashriga bergan intervyusida.

Ilon Maskni ishdan bo‘shatishga chaqirilgan ekran. Tayms-skver, Nyu York. 2025 yil 20 mart
Eduardo Munoz Alvarez / VIEWpress / Getty Images

Bundan tashqari, Tramp Mask bilan hamkorlikni undagi tadbirkorlik tuyg‘usini qadrlagani va shunchaki boy odamlarni yaxshi ko‘rgani uchun ham davom ettirishi mumkin. «Ishonch bilan aytish mumkinki, Tramp har doim boylikka hayrat bilan qaragan, – deydi Kaliforniyadagi Stenford universiteti siyosatshunosi Bill Ueylin. – U pul masalasida pastdan yuqoriga qaray oladigan bir necha kishi bor, xolos. Va Mask – ulardan biri».

Konservativ siyosiy sharhlovchi Charli Sayksning fikricha, Mask bilan keskin ajralish Tramp uchun xavfli bo‘lishi mumkin. Shu sababli, prezident Maskni davlat ishlaridan chetlashtirmoqchi bo‘lsa ham, uni o‘z atrofida qoldirishiga to‘g‘ri keladi.

«U [Tramp] Ilonning muammosini qanday hal qilishini bilmayman. U istalgan odamni ishdan bo‘shatishi yoki o‘nglanmas zarba berishi mumkin. U Marko Rubioga qo‘l siltashi yoki Truth Social’dagi bitta post bilan Jyey Di Vensning kelajagini yakson etishi mumkin. Lekin Ilondan qutula olmaydi. Endi Maskning o‘z bazasi, o‘z kulti bor. Shunday vaqt keladiki, ularning egosi bir-biri bilan to‘qnashadi. Ammo bu [ziddiyatni] qanday hal qilish mumkin? Tramp o‘zi aloqa o‘rnatgan bu monstr Frankenshteyndan qanday qutulishi mumkin?»,  – deydi Sayks.

Vanity Fair ma’lumotiga ko‘ra, Tramp allaqachon o‘z atrofidagi Maskdan norozilarni tinchlantirishga urinib ko‘rgan, u endi qisqartirishlarni amalga oshirish vakolatiga ega emasligi va faqat vazirlik rahbarlariga maslahat berishi mumkinligini aytgan.

Politico nashri muxbiri Reychel Beydning fikricha, Mask Tramp davrida rasmiy lavozimlardan ketishi mumkinligi haqidagi ma’lumot matbuotga sizib chiqishi ularning munosabatlaridagi tub o‘zgarishlardan dalolat beradi. Biroq, bir vaqtning o‘zida prezident ma’muriyatining bir necha a’zolari Beyd bilan suhbatda Mask Trampning davrasini butunlay tark etmasligini ishonch bilan aytishgan. May yoki iyun oylarida maxsus davlat xizmatchisi lavozimida bo‘lish muddati tugagach, katta ehtimol bilan, Mask «norasmiy maslahatchi» sifatida Oq uyda bo‘lish imkoniyatini saqlab qoladi.

Mavzuga oid