Jahon | 13:39 / 11.04.2025
1362
3 daqiqa o‘qiladi

Yetakchi institutlar Germaniyaning iqtisodiy o‘sish prognozini pasaytirdi

Germaniya yalpi ichki mahsuloti 2025 yilda beshta iqtisodiy institut prognoziga ko‘ra, 0,8 foiz o‘rniga 0,1 foizga o‘sadi. Iqtisodchilar Germaniyada malakali kadrlar yetishmasligi va haddan tashqari byurokratiya muammosini ko‘rmoqda.

Foto: Shutterstock

Yetakchi institutlar Germaniya iqtisodiy o‘sishi bo‘yicha prognozlarini pasaytirdi. 10 aprel, payshanba kuni e’lon qilingan iqtisodiyot holatining qo‘shma diagnoziga ko‘ra, Germaniya yalpi ichki mahsuloti joriy yilda 2024 yil kuzida kutilayotgan 0,8 foiz o‘rniga atigi 0,1 foizga o‘sadi.

2026 yilda YaIM o‘sishi 1,3 foizni tashkil etadi. Infratuzilma va mamlakat qurolli kuchlarini qayta jihozlash uchun milliard dollarlik sarmoya paketi bunga hissa qo‘shishi kutilmoqda.

Essendagi Reyn-Vestfaliya iqtisodiy tadqiqotlar instituti (RWI) iqtisodiy eksperti Torsten Shmidtning aytishicha, geosiyosiy vaziyat va AQShning proteksionistik savdo siyosati «Germaniyadagi shusiz ham tarang bo‘lgan iqtisodiy vaziyatni yanada kuchaytirmoqda». Vashingtonning faqat po‘lat, alyuminiy va avtomobil importiga bojlari joriy va kelgusi yilda YaIM o‘sishini 0,1 foizga kamaytirishi mumkin, deya tushuntirdi u.

AQSh prezidenti Donald Trampning joriy etilishi 90 kunga kechiktirilgan boshqa ko‘plab tovarlarga 20 foizlik bojlarni e’lon qilishi «salbiy ta’sirni ikki baravar oshirishi mumkin», deya ogohlantirdi iqtisodchi. Oq uy iqtisodiy siyosatining o‘ziga xos ta’sirini oldindan aytish qiyin, chunki bugungi globallashgan iqtisodiyotda savdo tariflari hech qachon yuqori bo‘lmagan, dedi Shmidt. Bundan tashqari, nemis kompaniyalari xalqaro raqobatga duch kelmoqda, birinchi navbatda, Xitoydan, deya qayd etib o‘tdi RWI vakili.

Germaniyaning iqtisodiy o‘sish salohiyati malakali kadrlar yetishmasligi va byurokratik to‘siqlar bilan ham cheklangan, deyiladi hisobotda. Birgina davlat xarajatlarini ko‘paytirish bilan hal qilib bo‘lmaydigan tarkibiy muammolar islohotlarni yanada dolzarb qiladi, deyiladi hisobotda. «Masalan, ish haqi bilan bog‘liq bo‘lmagan mehnat xarajatlarining yanada keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ijtimoiy tizimni demografik o‘zgarishlarga moslashtirish kerak», deya davom etdi u.

Mavzuga oid