Jahon | 16:43 / 13.04.2025
5337
8 daqiqa o‘qiladi

Ijobiy va konstruktiv: Eron va AQShning Tramp davridagi ilk muzokaralari qanday o‘tdi?

O‘monda Eron va AQSh o‘rtasida Tehron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarning birinchi raundi bo‘lib o‘tdi – bu ikki davlat 2018 yildan beri bunday yuqori darajada hamkorlik qilmagandi.

Foto: Getty Images

Har ikki tomon uchrashuvni konstruktiv deb atadi va muzokaralarning ikkinchi raundini kelasi hafta o‘tkazishga kelishib olganini tasdiqladi. AQSh ehtimoliy kelishuvga erishishda «to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa» muhim rol o‘ynashini ma’lum qildi.

Eron nomidan tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi, AQShdan esa prezidentning maxsus elchisi Stiv Uitkoff ishtirok etdi (u avvaldan Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maslahatchisi edi, ammo keyinroq boshqa muzokaralar jarayonlariga, jumladan, Rossiya-Ukraina urushini yakunlash bo‘yicha muzokaralarga ham qo‘shilgandi).

2015 yilda prezident Barak Obama davrida Eron va jahon davlatlari o‘rtasida tuzilgan avvalgi yadroviy kelishuvdan AQSh 2018 yilda Trampning birinchi muddati paytida bir tomonlama chiqib ketgandi. O‘shandan beri Tehron shunga o‘xshash, ammo o‘zlari uchun foydaliroq shartlarda bitim tuzishga umid qilib keladi.

Muzokaralar O‘mon poytaxti Maskatda asosan vositachi orqali bo‘lib o‘tdi: Eron va AQSh delegatsiyalari turli xonalarda bo‘lib, O‘mon tashqi ishlar vaziri Badr bin Hamad al-Busaydiy orqali bir-birlariga xabarlar yetkazishdi.

Biroq Aroqchi va Uitkoff bir necha daqiqa al-Busaydiyning oldida yuzma-yuz ko‘rishgan. Eron delegatsiyasi o‘z mamlakati rahbariyatidagi radikal qanot tomonidan bosimni his qilib, bu uchrashuvdan hech qanday fotosurat bo‘lmasligini so‘ragan.

Uchrashuvdan so‘ng Eron vaziri uchrashuvni ijobiy deb atadi. «Fikrimcha, birinchisiga bu tinch va hurmatli muhitda o‘tgan konstruktiv uchrashuv bo‘ldi, hech qanday nomaqbul iboralar ishlatilmadi», – dedi Aroqchi Eron davlat televideniyesiga.

Oq uy o‘z bayonotida ham O‘mondagi muhokamalar «juda ijobiy va konstruktiv» deb baholangan. Qayd etilishicha, Uitkoff Eron delegatsiyasiga «agar iloji bo‘lsa, kelishmovchiliklarni muloqot va diplomatiya orqali hal qilish» bo‘yicha ko‘rsatma berilganini ma’lum qilgan.

Donald Tramp jurnalistlarning muzokaralar jarayoni haqidagi savoliga javob berar ekan, shunday dedi: «Menimcha, ular yaxshi ketmoqda».

«Niyatingizga yetmaguningizcha hech narsaning ahamiyati yo‘q. Shuning uchun bu haqda gapirishni yoqtirmayman», – deya qo‘shimcha qildi u.

Buyog‘iga nima bo‘ladi?

«Bizga ham, boshqa tomonga ham samarasiz muzokaralar, nomiga qilinadigan muhokamalar kerak emas, – dedi Aroqchi Eron davlat televideniyesiga bergan intervyusida. – Vaqtni behuda sarflab, muzokaralar jarayonini cheksiz cho‘zishni istamayman».

O‘z navbatida, Busaydiy ijtimoiy tarmoqlarda «umumiy maqsad – adolatli va majburiy kelishuv tuzishga qaratilgan» ushbu muzokaralarda vositachi bo‘lganidan faxrlanishini yozgan.

Maskatdagi bilvosita muzokaralar O‘mon tashqi ishlar vaziri Badr ibn Hamad al-Busaydiy (o‘ngda) vositachiligida bo‘lib o‘tdi.

Aniqlashtirilishi kerak bo‘lgan eng muhim masala – bu qanday shartlarda bitim ikkala tomon uchun ham maqbul bo‘lishi.

O‘tgan oyda Donald Tramp BAA vositachiligida Eron diniy rahnamosiga maktub yo‘llab, unda yangi kelishuv – Eronda yadro quroli yaratilishining oldini olish va shu tariqa Tehronni AQSh va Isroilning ehtimoliy harbiy zarbalaridan himoya qilish uchun zarurligi aytilgandi.

Eron yadro dasturini butunlay yo‘q qilish haqida emas, balki uni cheklash haqida kelishib olishga umid qilmoqda. Bunday yon berishlar orqali Tehron sanksiyalarni yumshatishga erishmoqchi.

«Biz tenglik asosida adolatli va hurmatga asoslangan kelishuvga erishmoqchimiz, – deb tushuntirdi Aroqchi. – Agar boshqa tomon ham xuddi shunday pozitsiyada bo‘lsa, umid qilamanki, biz muzokaralar olib borish imkoniyatini beradigan umumiy istiqbolni topishga muvaffaq bo‘lamiz».

Uning so‘zlariga ko‘ra, u bilan O‘monga kelgan boshqa eronlik delegatlar «aynan shu sohada ekspertlar va bu masala bo‘yicha muzokaralar olib borish tajribasiga ega».

Seshanba kuni Netanyahu Tramp bilan Eronda «yadro quroli bo‘lmasligi» haqida kelishib olganini aytgandi.

Netanyahu Eron bilan «Liviya bitimiga o‘xshash bitim» tuzishni taklif qilmoqda, 2003 yilda G‘arb davlatlari bilan erishilgan kelishuv doirasida Liviya Muammar Qazzofiy davrida ommaviy qirg‘in qurollarini yaratish dasturidan butunlay voz kechishga rozi bo‘lgandi.

Eron uchun bunday variant mutlaqo nomaqbul bo‘lib ko‘rinadi.

Eron rasmiylari muzokaralarda faqat o‘z mamlakatining yadroviy dasturini muhokama qilishga tayyorligini, uning mudofaa salohiyatining kengroq masalalarini, masalan, ballistik raketalar yaratish dasturini muhokama qilishga tayyor emasligini ma’lum qilgan.

Muzokaralar arafasida Tramp Eron «ajoyib, buyuk, baxtli mamlakat bo‘lishini istayotgani, biroq unda yadro quroli bo‘lishi mumkin emasligi»ni aytgandi.

Trampning ogohlantirishicha, agar muzokaralar barbod bo‘lsa, AQSh harbiy kuch ishlatish huquqini o‘zida saqlab qoladi, biroq Eron bosim ostida muzokaralar olib bormasligini bir necha bor ta’kidlagan.

Biroq, hozirgi muzokaralar ham katta bosim ostida o‘tmoqda.

Tomonlar ushbu uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda Vashington Yaqin Sharqqa qo‘shimcha ravishda yana bir nechta harbiy kemalar va bombardimonchi samolyotlarni yubordi, shuningdek, Eronga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi.

Eronning Vashingtonga va umuman Amerika siyosatiga munosabatini biroz bo‘lsa-da xayrixoh deb atash qiyin.
EPA-EFE/REX/Shutterstock

Dushanba kuni AQSh prezidenti Oval kabinetda jurnalistlarga agar muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlanmasa, «bu Eron uchun juda yomon kun bo‘lishi»ni aytgandi.

Eron uranni boyitish sohasidagi faoliyati faqat tinch maqsadlarga qaratilgani va hech qachon yadro qurolini ishlab chiqarish yoki sotib olishga intilmasligini ta’kidlamoqda.

Biroq, Tramp 2015 yildagi kelishuvdan chiqib, Tehronga qarshi sanksiyalarni qayta tiklaganidan beri, Eron amaldagi shartnoma bilan o‘rnatilgan cheklovlarni tobora ko‘proq buzmoqda va allaqachon bir nechta atom bombalarini ishlab chiqarish uchun yetarli darajada yuqori boyitilgan uran to‘plagan.

2015 yilgi kelishuv shartlariga ko‘ra, Eron uranni faqat 3,67 foiz tozalik darajasigacha boyitishi mumkin. Biroq fevral oyida Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik Tehron 60 foizgacha boyitilgan uran zaxiralarini to‘plashga muvaffaq bo‘lgani va uning tozaligini nisbatan tezroq 90 foizga yetkazishi mumkinligini, bu esa yadro qurolini yaratish uchun yetarli ekanini ma’lum qildi.

2015 yilda yadroviy kelishuv tuzilishidan oldin deyarli ikki yil davomida qizg‘in muzokaralar olib borilgan.

Kelishuvga erishish uchun yangi urinish boshlangan paytda Eron dasturi allaqachon 10 yil oldingiga qaraganda ancha rivojlangan va murakkab, butun Yaqin Sharq mintaqasi esa ancha beqaror.

Mavzuga oid