Jahon | 22:54 / 13.04.2025
3842
2 daqiqa o‘qiladi

Kreml Rossiya va AQSh muzokaralaridan «darhol natijalar» kutmaslikka chaqirdi

RF prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva va Vashington o‘rtasidagi «munosabatlarni noldan boshlab qayta jonlantirish - juda qiyin ish» ekanini aytdi.

Foto: AP

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya—Amerika munosabatlari dinamikasini yaxshi deb atadi, biroq RF va AQSh muzokaralaridan «darhol natijalar» kutmaslikka chaqirdi.

«Aslida, barchasi juda yaxshi ketmoqda», — dedi Peskov «Rossiya» telekanali jurnalisti Pavel Zarubinga.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, «munosabatlarni noldan boshlab qayta jonlantirish — juda qiyin ish» va «juda keskin va o‘ziga xos sa’y-harakatlarni» talab qiladi. «Butun yo‘l hech bo‘lmaganda minimal o‘zaro ishonch muhitini tiklash, bu ishonchni mustahkamlash uchun kichik qadamlardan iborat», — deya ta’kidlaydi u. Shuningdek, Peskov hozirda diplomatlar, maxsus xizmatlar, har ikki mamlakat prezidentlarining maxsus vakillari shu ish bilan shug‘ullanayotganini qo‘shimcha qildi.

«Bularning barchasi yordam beradi, ammo darhol natijalar paydo bo‘lishini kutmaslik kerak. Muammolar haddan tashqari murakkab va ular juda kechiktirib yuborilgan», — deydi Peskov.

AQSh fevral o‘rtalarida urushni to‘xtatish bo‘yicha Rossiya va Ukraina bilan alohida-alohida muzokaralar boshlagan. Shundan buyon Vashington faqat energetika obektlariga 30 kun davomida zarba bermaslik bo‘yicha kelishuvga erishdi xolos. Shu bilan birga, Kiyev va Moskva muntazam ravishda bir-birini ushbu bitimni buzishda ayblab kelmoqda. Ukraina, shuningdek, AQShning 30 kunga to‘liq tinchlik sulhini tuzish taklifiga rozi bo‘ldi, ammo Rossiya buni rad etdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyani bir necha bor Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha «harakat qilishga» chaqirdi. Axios manbalarining ma’lum qilishicha, agar aprel oxiriga qadar tinchlik sulhi borasida kelishuvga erishilmasa, Tramp RFga yangi sanksiyalarni joriy etishi mumkin.

Mavzuga oid