Sport | 10:27 / 14.04.2025
13777
21 daqiqa o‘qiladi

Mbappe qizil oldi, Saloh rekord qo‘yishda davom etmoqda. Kun o‘yinlari

«MYu» va «Tottenhem» 4 tadan gol o‘tkazdi, «Roma» va Shomurodov Rim derbisida mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Foto: Getty Images

Angliya: vorislar Fergyusondan «o‘zib ketishdi»

«Liverpul» — «Vest Hem» 2:1
Gollar:
Dias (18), Van Deyk (89) — Roberson (86, avtogol). 
«Liverpul» — Alisson, Bredli (Kvansa, 68), Konate, van Deyk, Tsimikas (Roberson, 60), Gravenberh, Mak Allister, Saloh (Endo, 84), Jons (Soboslai, 68), Dias, Jota (Gakpo, 60).
«Vest Hem» — Areolya, Todibo (Gillerme, 78), Mavropannos, Kilman, Van-Bissaka, Soler (Fullkrug, 78), Uord-Prouz, Skarles (Tsoufal, 57), Quddus, Paketa, Bouen.
Ogohlantirish: Tsoufal (90+6).

«Arsenal» shanba kuni durang o‘ynab qo‘yib, «Liverpul»ni chempionlik sari yanada yaqinlashtirgandi. Shu kunlarda shartnomasini yangilagan Saloh qanotda o‘z uslubida himoyachini ortda qoldirib ketdi va butsasining tashqi qismi bilan to‘pni jarima maydoniga yetkazib berdi, u yerda esa Dias amalda bo‘sh darvozani ishg‘ol qildi. Misrlik futbolchi bu golli pasidan keyin joriy mavsumdagi golli harakatlari sonini 45 taga yetkazib (27 gol va 18 pas) APLning yangi rekordini (bir mavsum 38 o‘yindan iborat bo‘lgan davrda) o‘rnatdi.

Mehmonlar esa birinchi bo‘limdayoq hisobni tenglashtirishi mumkin edi, ammo Muhammad Quddusning zarbasidan keyin to‘p to‘singa bordi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa darvoza to‘sini «Vest Hem»ning joniga ora kirib, Mak Allister ijro etgan jarima zarbasini qaytardi. Ammo umuman olganda Arne Slot jamoasi katta kuch sarflamasdan, hisobga qarab o‘ynadi. Faqat Alisson bor imkoniyatlarini ishga solishiga to‘g‘ri keldi, u avvaliga Bouen bilan yakkama-yakka vaziyatni bartaraf etdi, keyin esa Quddusning o‘tkir burchakdan yo‘llangan murakkab zarbasiga ulgurdi. Mezbonlar ehtiyotkorligi uchun o‘yin oxirida jazolandi, zaxiradan tushgan Roberson avtogol muallifiga aylandi, mersisaydliklarni zaxiradan tushgan boshqa bir himoyachi van Deyk qutqadi, niderlandiyalik futbolchi kornerdan keyin boshda urgan goli bilan «Liverpul»ga «bolg‘achilar»ga qarshi qatorasiga o‘ninchi uy uchrashuvdagi g‘alabani taqdim etdi. Qo‘shimcha daqiqalarda Fyullkrugning zarbasi ham to‘singa tegib, peshqadamning ustunligi saqlab qolindi.

«Chelsi» — «Ipsvich» 2:2
Gollar:
Tuanzebe (46, avtogol), Sancho (79) — Ensiso (19), Jonson (31).
«Chelsi» — Sanches, Chaloba, Adarabioyo (Gyusto, 46), Kolvill, Kukurelya, Fernandes, Kaysedo, K.Palmer, Madueke (Sancho, 68), Netu, Jyekson (Nkunku, 87). 
«Ipsvich» — Palmer, Tuanzebe, O'Shi, Burjyess, Devis (Taunsend, 62), Morsi, Kayuste, Jonson, Ensiso (Teylor, 76), Klark (Filojyen-Bidens 71, Brodhed 76), Hirst (Delap, 71). 
Ogohlantirishlar: Palmer (38), K.Palmer (67), Morsi (84), Jyekson (87).

Qog‘ozda «Chelsi» yaqqol favorit edi va deyarli hech kim chempionshipga qaytib ketishga mahkum bo‘lgan «Ipsvich»dan uch ochko olinishiga shubha qilmayotgandi. Amalda esa tanaffusgacha «traktorchilar» ikkita namunali qarshi hujum evaziga ikkita gol urishdi. Avvaliga Ensiso Jonsonning qanotdan uzatmasiga bir teginishda darvozani ishg‘ol etdi, ikkinchi holatda paragvaylik futbolchi jamoadoshiga qarzini qaytardi va Jonson o‘tkir burchakdan turib darvozabonni dog‘da qoldirdi. Autsayder bu bilan birinchi davradagi sensatsion natijani takrorlashni ahd qilganini namoyish etdi.

Bir kun oldin «Manchester Siti» 0:2 hisobini 5:2 ko‘rinishiga o‘zgartira olgandi. Faqat «shaharliklar» javob gollaridan uchtasini birinchi bo‘limning o‘zidayoq urishga ulgurgandi, ammo ikkinchi bo‘lim boshlanganida Tuanzebe Kukurelyaning bosimi ostida o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ygach, ko‘pchilik o‘sha o‘yinni eslab yubordi. Faqat Enso Mareska jamoasi muvaffaqiyatini tezkorlik bilan rivojlantira olmadi va Sancho zaxiradan tushishini kutishga to‘g‘ri keldi. U Palmerning uzatmasidan keyin hisobni tenglashtirdi, ammo «Chelsi» shu bilan yana to‘xtab qoldi, qo‘shimcha daqiqalarda esa «Ipsvich» darvozasidagi Palmer Enso Fernandesning zarbasidan keyin fantastik seyv ijro etdi. Natijada ochko yo‘qotgan ko‘klar Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarga mos ravishda «Nyukasl» va «Siti»ni o‘tkazib yubordi, yettinchi o‘rindagi «Aston Villa» esa faqat to‘plar nisbatiga ko‘ra ortda kelmoqda.

«Vulverhempton» — «Tottenhem» 4:2
Gollar:
Ait-Nuri (2), Spens (38, avtogol), Larsen (64), Kunya (86) — Tel (59), Risharlison (85).
«Vulverhempton» — Sa, Doerti (Bueno, 46), Agbadu, Toti, Semedu, Andre, Gomes (Hvan Hi Chan, 83), Ait Nuri (Kunya, 70), Manetzi, Belgard (Sarabiya, 42), Larsen (Gomesh, 70). 
«Tottenhem» — Vikario, Grey, Romero, Devis, Spens, Sarr (Bergvall, 55), Bissuma (Bentankur, 55), Meddison (Kulusevski, 75), Jonson, Tel, Solanke (Risharlison,  75). 
Ogohlantirishlar: Bissuma (8), Devis (70), Toti (86).

Tur arafasida so‘nggi besh o‘yinda faqat bir g‘alaba (ligani allaqachon tark etib bo‘lgan «Sauthempton» ustidan)ga erishgan «Tottenhem» yana bir nursiz o‘yin o‘tkazdi. Turnir jadvalining quyi qismida borayotgan «Vulverhempton» londonliklar darvozasini to‘rt bor ishg‘ol etdi. Hisobni ochgan himoyachi Ait-Nuriga «bo‘rilar»ning APLdagi eng tezkor goli muallifi bo‘lish uchun 85 soniya yetarli bo‘ldi. Navbatdagi mag‘lubiyatdan keyin Posteko‘g‘li jamoasi 15-o‘rindan qimirlay olmadi.

«Shporlar» joriy mavsumda liganing 17 o‘yinida yutqazdi va bu jamoaning 2003/04 yillar mavsumidan buyon eng yomon ko‘rsatkichi (19 mag‘lubiyat va yakunda 14-o‘rin) bo‘ldi. Joriy mavsumda faqat so‘nggi o‘rinlardagi «Ipsvich» (19), «Lester» (22) va «Sauthempton» (26) APLning joriy mavsumida «Tottenhem»ga qaraganda ko‘proq o‘yinda yutqazgan.

«Nyukasl» — «Manchester Yunayted» 4:1
Gollar:
Tonali (24), Barns (49, 64), Gimarayes (77) — Garnacho (37).
«Nyukasl» — Pop, Trippiyer (Kraft, 79), Bern, Sher, Livramento, Gimarayes (Mayli, 85), Tonali, Joelinton (Longstaff, 85), Barns, Merfi (Gordon, 79), Isak (Uilson, 79). 
«Manchester Yunayted» — Bayindir, Mazraui (Shou, 79), Lindelyof, Yoro, Dalot, Ugarte, Eriksen, Amass (Dorgu, 55), Fernandesh (Maynu, 82), Garnacho (Maunt, 55), Zirkze (Hoylund, 55). 
Ogohlantirishlar: Ugarte (17), Yoro (43).

«Nyukasl» bu o‘yin arafasida shifoxonaga yotqizilgan bosh murabbiyi Eddi Hausiz qoldi. «MYu» esa «Sent-Jyeyms Park»ka asosiy darvozaboni Onanasiz tashrif buyurdi, Ruben Amorim Yevropa Ligasidagi golga sabab bo‘lgan xatolari hamda «Lion» yarimhimoyachisi Matich bilan internetdagi aytishuvlari sababli uni o‘yin qaydnomasiga kiritmagandi. Shu tariqa, Oltoy Bayindir APLdagi debyutini o‘tkazdi.

Turkiyalik posbon faqat birinchi bo‘lim o‘rtalariga qadar darvozasi daxlsizligini saqlab turdi, keyin esa mankunianliklar o‘z jarima maydoni atrofida to‘p yo‘qotdi, Isakning to‘pga bir teginishda himoyachilar ortiga bergan pasini Tonali chiroyli zarbasi bilan golga aylantirdi. Bu vaziyatda darvozabonda qutqarish uchun hech qanday imkoniyat yo‘q edi, boshqa epizodlarda esa u «MYu»ni o‘yinda qoldirdi. Qolaversa, Bayindirning navbatdagi seyvidan keyin boshlangan hujumda Garnacho hisobni tenglashtirdi.

Ammo «Yunayted»ning bundan ortig‘iga kuchi yetmadi, Barns mehmonlarni nokaut holatiga tushirdi. Avvaliga u Myorfining uzatmasidan keyin amalda to‘pni o‘zi bilan darvozaga olib kirdi. Keyin esa Barns markazdan reyd uyushtirib, o‘zi boshlagan hujumni o‘zi yakunladi. Bu vaqtda «qizil iblislar» mudofaasi nima bilan mashg‘ul bo‘lgani — ritorik savol. Brunu Gimaraesning goli esa kuchli raqibning kuchsiz raqibni masxara qilishidek bo‘ldi. Amalda ham hozirgi «MYu» shunday holatda, Aleks Fergyuson pensiyaga chiqqanidan keyingi davrda jamoa APLning o‘zida 115 bor mag‘lubiyatga uchragan. Bu esa shotlandiyalik murabbiy butun faoliyati davomida uchralgan mag‘lubiyatlar sonidan ko‘proq. Farqi shundaki, ser Aleks boshqaruvida mankunianliklar ligada 810 o‘yin o‘tkazgan, undan ko‘proq mag‘lubiyatli o‘yinlar o‘tkazgan ko‘p sonli vorislar uchun esa 450 o‘yin yetarli bo‘ldi.

Ispaniya: Mbappe «Real»ni qiyin ahvolda qoldirdi

«Alaves» — «Real» 0:1
Gol:
Kamavinga (34). 
«Alaves» — Ovono, Tenalya, Abkar (Diarra, 76), Mourinio, Sanches, Xordan (Gevara, 76), Blanko (Protesoni, 84), Visente, Alenya (Kabanes, 86), Martin (Martines, 60), Garsiya.
«Real» — Kurtua, Vaskes, Asensio, Ryudiger, Garsiya, Guler (Vinisius, 62), Valverde (Seballos, 90+2), Chuameni, Kamavinga, Rodrigo (Bellinghem, 62), Mbappe.
Ogohlantirishlar: Xordan (42), Martin (56), Tenalya (77), Kamavinga (80), Vaskes (88), Vinisius (90+6), Kurtua (90+7). 
Chetlatishlar: Mbappe (38), Sanches (70).

Yakshanba oqshomidagi asosiy voqea — Kilian Mbappe Ispaniyaga kelganidan buyon ilk bor qizil kartochka olishi bo‘ldi. Fransuz hujumchisi birinchi bo‘limdayoq, butsasining ostki qismi bilan raqibning oyog‘ini bosib olganidan keyin kiyim almashtirish xonasiga yuborildi. Endi, agar Kilian ikki o‘yindan ko‘proq muddatga diskvalifikatsiya qilinsa, u Ispaniya kubogi finalida «Barselona»ga qarshi kechadigan uchrashuvni o‘tkazib yuboradi.

Ammo hozircha bu borada tegishli qo‘mitaning qarorini kutish kerak, yakshanba oqshomidagi o‘yinda esa «Real»da noodatiy futbolchilar qahramonga aylandi. Avvaliga himoyachi Raul Asensio darvozani ishg‘ol qilgandi, ammo ofsayd tufayli u bekor qilindi, keyin esa Kamavinga uzoq masofadan yo‘llagan ajoyib zarbasi bilan hisobni ochdi.

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Manu Sanchesning folidan keyin jamoalar tarkibi tenglashdi, u yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketayotgan Vinisius Juniorni to‘xtatib qolgandi. Karlo Anchelotti shogirdlari bir kishi kam bo‘lib o‘ynaganida ham jiddiy qiyinchilikka uchramagandi, «10 ga 10» formatida esa ikkinchi gol urilishi ham mumkin edi. So‘nggi daqiqalarda Bellinghem uzatmalar uchun manzillar bo‘lishiga qaramay, barchasini o‘zi hal qilishga urindi va hisob o‘zgarmay qoldi. Lekin bu natijaga ta’sir ko‘rsatmadi. YeChLda mo‘jiza ko‘rsatishdan umid uzmagan madridliklarning xayoli allaqachon «Arsenal» bilan o‘yinda bo‘lsa-da, kerakli uch ochko yo‘lga kiritildi. Natijada peshqadam «Barselona» bilan oradagi to‘rt ochkolik farq saqlab qolindi.

«Betis» — «Vilyarreal» 1:2
Gollar:
Ruibal (3) — Barri (26), Peres (48).
«Betis» — Adriar, Ruibal, Bartra, Lorente (Natan, 45), Perro, Kardoso (Altimira, 71), Fornals (Karvalyu, 71), Antoni, Isko, Rodriges (Lo Chelso, 61), Kucho (Bakambu, 61). 
«Vilyarreal» — Junior, Femeniya, Foyt, Kosta, Kardona, Pino (Pepe, 68), Komesanya, Parexo (Kambvala, 78), Pedrasa (Suares, 68), Peres (Sola, 78), Barri (Bayi, 90+1). 
Ogohlantirishlar: Foyt (8), Barri (12), Junior (52), Kardona (86).

Mohiyatan, «Benito Vilyamarin»dagi o‘yinda YeChL yo‘llanmasi uchun hal qiluvchi o‘yin o‘tkazildi. Ispaniya asosiy yevrokubok uchun katta ehtimol bilan beshta yo‘llanmaga ega bo‘ladi va bunday imkoniyat «Betis» va «Vilyarreal» to‘qnashuvini butkul boshqa darajaga ko‘tardi. Mezbonlar o‘yinni kuchli boshladi, Ruibal esa raqib jarima maydonidan qaytib chiqqan to‘pga ajoyib zarba berib, hisobni ochdi. Ammo «sariq submarinalar» ham munosib o‘yin ko‘rsatdi va ketma-ket hujumlardan keyin Barri muvozanatni tikladi. Qolaversa, mehmonlar tanaffusga hisobda ustun holda yo‘l olish uchun ham imkoniyatlarga ega bo‘lishdi.

Birinchi bo‘limda buning uddasidan chiqilmagan bo‘lsa-da, ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan kutilgan gol urildi. Dani Parexo «Betis» jarima maydoniga diagonal uzatma berdi va Ayose Peres sobiq jamoadoshlarini ranjitdi. Bir necha daqiqa o‘tib Parexoning zarbasini darvoza ustuni qaytarib qolmaganida, vaziyat bundan ham yomonroq tus olishi mumkin edi. Keyin esa penalti belgilanganida mezbonlarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi va VAR bosh hakamni qarorini o‘zgartirish kerakligiga ishontirdi: Logan Koshta fol qilmagan, Lo Chelso esa artistlik mahoratini ishga solgani ma’lum bo‘ldi. Argentinalik futbolchi shundan keyin ham jamoasiga yordam berish uchun bor imkoniyatini ishga soldi, ammo uning ajoyib pasidan keyin Isko yakkama-yakka vaziyatda turib xato zarba yo‘lladi.

«Atletik» — «Rayo Valekano» 3:1
Gollar:
Sanset (58, penalti, 90+4), N.Uilyams (80) — Siss (37). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Dias (37). 
«Atletik» — Simon, Gorosabel, Vivian, Paredes, Boiro, Xauregisar, Prados (de Galarreta, 59), Jalo (I.Uilyams, 59), Gomes (Sanset, 46), Berenger (N.Uilyams, 73), Guruseta (Sannadi, 46). 
«Rayo Valekano» — Batalya, Ratsiu, Lejyen, Ernandes, Pacha (Palazon, 85), Siss (de Tomas, 85), Gumbo, de Frutos, Dias, Chavariya, Garsiya.
Ogohlantirishlar: Jalo (12), Vivian (36), Dias (50), Pacha (57), Lopes (76), Boiro (84), I.Uilyams (87).

Qishda «Valyadolid» ustidan yirik g‘alabaga erishgan (7:1)«Atletik» shundan keyin gol urishni unutib qo‘ygandek edi. Asosiy e’tibori o‘z maydonida o‘tadigan Yevropa ligasi finaliga chiqish bilan band bo‘lgan basklar jamoasi ichki chempionatdagi besh turda atigi ikki gol urdi. Ernesto Valverde «Reyndjers» bilan ham golsiz durangdan keyin yetakchilarni asrashga harakat qildi va ularni zaxirada qoldirdi, ammo birinchi bo‘limda gol o‘tkazib yuborilgach, ikkinchi bo‘limda aka-uka Uilyamslar va Sansetni jangga tashlashga to‘g‘ri keldi. Aynan ular natija keltirdi. Niko o‘zining navbatdagi chiroyli golini urdi, Sanset esa dublni rasmiylashtirdi. Ushbu yarimhimoyachi joriy mavsumdagi gollari sonini 15 taga yetkazdi va bu uning faoliyatidagi eng yaxshi mavsum bo‘lmoqda. Basklar jamoasida XXI asrda 23 turda buncha ko‘p golni hech bir futbolchi, jumladan, jamoaning yaqin o‘tmishidagi to‘purari Liorente ham ura olmagan.

Italiya: «Atalanta» uchun hayot-mamot o‘yini

«Atalanta» — «Bolonya» 2:0
Gollar:
Retegi (3), Pashalich (21).
«Atalanta» — Karnezeki, Jimsiti, Hin, Kolashinats (Toloy, 45), Bellanova (Kuadradr, 81), de Ron, Ederson, Zappakosta (Rujyeri, 85), Pashalich, Lukman (Breshianini, 81), Retegi (Maldini,  81). 
«Bolonya» — Ravalya, de Silvestri (Holm, 71), Bekema, Lukumi (Kazale 46, Erlich 77), Miranda, Pobega, Froyler, Orsolini (Dominges, 46), Fabbian (Kambiyagi, 46), Ndoyye, Dallinga.
Ogohlantirishlar: Hin (7), Zappakosta (34), Retegi (60), Toloy (64), Miranda (90+3).

Italiyada o‘yin kuni Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurash nuqtayi nazaridan o‘ta muhim uchrashuv bilan ochildi. Yil boshidan buyon o‘z uyida g‘alaba qozona olmayotgan «Atalanta» oxirgi uch turda yutqazgandi. Ammo bergamoliklar turnir jadvalidagi qo‘shnisi bilan o‘yinni butunlay boshqacha ruhda boshladi. Birinchi imkoniyatdayoq Bellanovaning namunali uzatmasidan so‘ng Retegi to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi. Keyin esa A seriyasining eng yaxshi mergani qanotdagi kurashdan keyin muvozanatni saqlab qoldi va jarima maydoni markaziga ajoyib uzatma amalga oshirib, Pashalichga mezbonlar ustunligini ikki barobarga oshirishga yordam berdi. Himoya yetakchisi Kolashinats jarohat olganidan keyin esa Karnesekkining seyvlari g‘alabani saqlab qolishga yordam berdi, ikkinchi bo‘limda esa «Bolonya» taqdirga tan berdi. Bu mag‘lubiyatdan keyin mehmonlar kuchli to‘rtlikni tark etdi, «Atalanta» uchinchi o‘rinni qaytarib oldi.

«Latsio» — «Roma» 1:1
Gollar:
Romanioli (47) — Soule (69). 
«Latsio» — Mandas, Marushich, Jigo, Romanioli, Pellegrini, Genduzi, Rovella, Isaksen (Pedro, 73), Dele-Bashiru (Noslin, 80), Zakkani (Belahian, 80), Kastelyanos (Dia, 73). 
«Roma» — Svilar, Chelik, Manchini, Ndika, Salemakers (Rench, 89), Kone, Paredes (Kristante, 46), Anxelino, Soule (El Shaaravi, 89), Pellegrini (Shomurodov, 59), Dovbik (Baldanzi, 84). 
Ogohlantirishlar: Paredes (5), Zakkani (30), Isaksen (45+1), Manchini (55), Pellegrini (63), Rovella (88).

Birinchi bo‘limda «burgutlar» yaxshiroq ko‘rindi. Boshqacha aytganda, «bo‘rilar»ning o‘yini chiqmadi. Romanioli esa Luki Pellegrinining uzatmasidan keyin boshda yo‘llagan zarbasi bilan hisobni ochdi. Klaudio Raniyeri odatdagidek ikkinchi bo‘limda Shomurodovni maydonga tashladi va ko‘p o‘tmay hisob tenglashdi. Avvaliga Manchinida yaxshi vaziyat bo‘lgandi, ammo Mandas burchakka ketayotgan to‘pni qaytarib qoldi. Soulening uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi qarshisida esa gretsiyalik posbon ojiz qoldi. Natijada derbida murosasiz raqiblarning 62-durangi qayd etildi. Bu jamoalar hech kim bilan bu qadar ko‘p ochko bo‘lishib olmagan, bu safargi o‘yin natijasi esa ikki tomonni ham qoniqtirmaydi. Mag‘lubiyatsiz seriyasini 16 o‘yinga yetkazgan bo‘lsa-da, bu durang «Roma»ning yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun imkoniyatlarini kamaytirib yubordi, «Latsio» esa YeChL yo‘llanmasi uchun kurashda yanada ortda qola boshladi.

Germaniya: Frankfurtda «plyus 5»

«Ayntraxt» — «Haydenhaym» 3:0
Gollar:
Bahoya (10), Kox (42), Ekitik (71). 

Mavsumning qaysidir pallasida «Ayntraxt» bundesligada ko‘p ochko yo‘qotib yubordi va YeChL yo‘llanmasi xavf ostida qoldi. Qishda asosiy to‘purari Marmushni «Manchester Siti»ga sotgan frankfurtliklarga muvozanatni tiklash uchun vaqt kerak bo‘ldi. Mavsum davomida bunday darajadagi ijrochining o‘rni sezilmasligi mumkin emasdi. Lekin baribir «burgutlar» ochko yo‘qotgan taqdirda ham raqiblaridan barqarorroq ko‘rinadi. So‘nggi to‘rt turdagi uchta g‘alaba beshinchi o‘rindagi farqni besh ochkoga yetkazish imkonini berdi. Aprel va may oylari oralig‘ida to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchilar - «Leypsig» va «Mayns» bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlar esa muhim ahamiyat kasb etadi. Ularning ikkisi ham yakshanba kuni yirik hisobda mag‘lub etilan «Haydenhaym»dan sezilarli darajada kuchliroq. Bahoya va Ekitikening aniq zarbalari fransuzlarning «Ayntraxt» muvaffaqiyatlariga qo‘shgan hissasini 26 taga yetkazdi. Top-5 ligalarda bu mamlakatdan kelgan legionerlar faqat «Real» uchun ko‘proq gol urishagan (36).

Mavzuga oid