Jahon | 17:34 / 15.04.2025
9022
11 daqiqa o‘qiladi

Sumiga ikkitalik raketa zarbasi: Rossiya shaharga qanday va nima bilan hujum qildi?

Ukraine State Emergency Service / EPA / Scanpix / LETA

13 aprel kuni Rossiyaning Ukrainaning Sumi shahri markaziga raketa hujumi natijasida o‘ttizdan ortiq kishi, jumladan, ikki bola halok bo‘ldi, yuzdan ortiq kishi yaralandi – ular orasida 15 bola ham bor.

Rossiya mudofaa vazirligi zarba nishoni Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonlik tarkibi yig‘ilishi o‘tkazilgan joy bo‘lganini xabar qilgan, biroq raketalar tushgan joylarga qaralsa, rossiyalik raketachilarda yig‘ilish aynan qayerda o‘tgani haqida aniq ma’lumot bo‘lmagan.

BBC rus xizmati ikkitalik zarba tafsilotlarini o‘rganib chiqdi va hamon ochiq turgan savollarga javob topishga harakat qildi.

Raketalar qayerda portlagan?

Ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan videoyozuv kadrlariga ko‘ra, birinchi raketa Sumi davlat universitetining Pokrovskaya ko‘chasi 9/1 manzilidagi kongress-holl binosida portlagan.

Bino ichida olingan kadrlarda u jiddiy darajada vayron bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Ikkinchi raketa birinchisidan 140 metr uzoqlikda – Ukraina bank akademiyasi binolaridan biri joylashgan Petropavlovsk ko‘chasidagi 57-uy hududida portlagan.

Petropavlovsk maydonidagi portlash joyidan bir necha kvartal narida bo‘lgan avtomobilning videoregistratori tomonidan olingan kadrlarda raketa deyarli tik tushganini ko‘rish mumkin. Yer sathida yoki uncha katta bo‘lmagan balandlikda alanga chaqnashi ham ko‘rinadi.

Raketa binoga tekkan yoki portlash juda yaqin joyda sodir bo‘lgan – videokadrlar va fotosuratlarda uyning bir qismi yo‘q bo‘lib ketganini ko‘rish mumkin.

Shu joy yaqinida shahar avtobusi turgan, undagi yo‘lovchilarning aksari halok bo‘lgan.

Sumi markazida portlagan raketalardan biri yo‘lovchi avtobusni yo‘q qilgan. Yo‘lovchilarning aksari va haydovchi Mikola Leon halok bo‘lgan, deb xabar berdi «24 kanal»
Volodymyr Hordiienko / AP / Scanpix / LETA

Bu qanday raketalar edi?

Zarbadan keyingi dastlabki soatlarda ijtimoiy tarmoqlar va matbuotda muhokama qilingan versiyalar orasida raketalar zararni oshirish uchun kassetali jangovar qismlar bilan jihozlangani haqidagi taxminlar paydo bo‘ldi.

Bu haqda AQShning Ukrainadagi elchisi Brijit Brink ham yozgan.

Ukraina bosh razvedka boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, zarba uchun «Iskander-M/KN-23» raketalaridan foydalanilgan.

Biroz o‘tgach, Rossiya mudofaa vazirligi zarba «Iskander M» rusumli ikkita raketa bilan berilganini tasdiqladi.

Katta ehtimol bilan, gap «Iskander» kompleksi foydalanuvchi 9M723 ballistik raketasi haqida ketmoqda. U orqali «Iskander-K» qanotli raketalari ham uchiriladi.

«Iskander» kompleksining 9M723 raketasi KN-23 kabi teshib o‘tuvchi, oskolkali-fugasli yoki kassetali jangovar qism bilan jihozlanishi mumkin.

Mashina videoregistratoridan olingan kadrlarga ko‘ra, ikkinchi raketaning portlashi yer sathida yoki kichik balandlikda sodir bo‘lganini ko‘rish mumkin – bu esa kassetali snaryad portlashiga o‘xshamagan.

«Iskander-M» kompleksining 9M723 raketasi. Foto: Reuters

Kassetali jangovar qismlar katta maydonni qamrab oladi va ularni ko‘plab kichik portlashlardan farqlash mumkin.

Shu bilan birga, oskolkali-fugasli jangovar qism ko‘plab shikastlovchi elementlar bilan jihozlangan bo‘lib, ularning izlari birinchi va ikkinchi portlashlardan keyin olingan kadrlarda uylarning devorlarida seziladi.

Bundan tashqari, agar Rossiya harbiylari binoga zarba berishni rejalashtirgan bo‘lsa, bunday vaziyatda kassetali snaryad oskolkali-fugasli yoki teshib o‘tuvchi snaryadga qaraganda ancha samarasiz bo‘lardi.

Kassetali o‘q-dorilardan foydalanilganda ko‘pincha kichik o‘q-dorilarning bir qismi portlamay, yerda qoladi. Agar o‘sha joydan shunday buyumlar topilganida, ularning fotosuratlari allaqachon Ukraina ijtimoiy tarmoqlarida e’lon qilingan bo‘lardi.

Teshib o‘tuvchi snaryadlar odatda yaxshi mustahkamlangan yoki chuqur joylashgan nishonlarga qarshi ishlatiladi va bunday zarbada ham effekt kamroq bo‘ladi.

Shuning uchun, video- va fotos’yomkalarga qaraganda, shuningdek, mantiqdan kelib chiqilsa, shunday xulosa qilish mumkinki, bu oskolkali-fugasli o‘q-dorilar bo‘lgan.

Sumidagi bank ishlari akademiyasi binosi yaqinida zarbadan shikastlangan avtomobillar
Sofiia Gatilova / Reuters / Scanpix / LETA

Shahar bo‘ylab zarba

Rossiya mudofaa vazirligi zarba nishoni Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonlik tarkibi yig‘ilishi bo‘lganini ma’lum qilgan.

«Kecha Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari tomonidan Sumi shahrida Ukraina qurolli kuchlarining xorijda ishlab chiqarilgan radioelektron kurash va havo hujumidan mudofaa vositalari orqali faol qarshilik ko‘rsatishi sharoitida „Seversk“ tezkor-taktik guruhi qo‘mondonlik tarkibi yig‘ilishi o‘tkazilayotgan joyga ikkita „Iskander-M“ tezkor-taktik raketasi bilan zarba berildi», – deyiladi Rossiya harbiy idorasi bayonotida.

Ukraina bu bayonotga hozircha izoh bermadi. Ukrainadagi ayrim manbalar shaharda harbiylarni taqdirlash marosimi rejalashtirilgani haqida xabar bergan. Zarbalar joyidan olingan videoyozuvlarda esa bunday hodisaning aniq belgilari aks etmagan.

Biroq, Ukrainadagi ayrim rasmiylar va blogerlar Sumi shahrida haqiqatan ham shu kuni harbiylar ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tgani haqida yozishgan.

«Xalq xizmatkori» fraksiyasi deputati, ilgari Oliy rada mudofaa qo‘mitasi a’zosi bo‘lgan Maryana Bezuglaya fojiadan ikki soat o‘tib, Rossiya armiyasi Ukraina qurolli kuchlari mahalliy brigadasi yubileyi munosabati bilan ukrainalik harbiylarni mukofotlash rejalashtirilgani sababli shaharga zarba berganini yozdi.

«Harbiylarni mukofotlash uchun bir joyga to‘plamang, ayniqsa tinch shaharlarda. Rossiyaliklar shunday yig‘ilish haqida ma’lumotga ega bo‘lgan. Poligonlarda esa hali ham safga tizish holatlari davom etmoqda», – deb yozdi deputat Sumiga berilgan zarbadan so‘ng. Shuningdek, u taqdirlash shahar markazida, yerosti boshpanasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lganini ta’kidladi.

Bezuglaya buning uchun mas’uliyatni bosh shtab, quruqlik qo‘shinlari qo‘mondonligi va oblast harbiy ma’muriyatiga yukladi. Shu bilan birga, u bu tinch aholiga zarba bergan rossiyalik harbiylardan jinoyat uchun javobgarlikni soqit qilmasligini ta’kidladi.

Oblastdagi ikkinchi yirik shahar bo‘lmish Konotop shahri meri Artyom Semenixin ham Sumidagi harbiylar yig‘ilishi haqida yozgan.

«U (Sumi oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Volodimir Artyux — BBC) bu yerda 117-brigadadagi qahramon yigitlarimizga faxriy yorliq va medallar topshirishni tashkil qilgan, bu haqda hamma gapiryapti. Bu yerda hech narsa bo‘lmagani ham yolg‘on. Bo‘lgan. Yaxshiki, harbiylardan hech kim jabrlanmadi, ularning barchasi boshpanada edi», – deb yozgan Semenixin.

BBC Ukraina xizmati 13 aprel kuni Sumi shahrida harbiylarning ehtimoliy yig‘ilishi yuzasidan Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi vakillaridan izoh so‘ragan, biroq hozircha javob olmagan.

O‘z navbatida, nashrning quruqlik qo‘shinlari qo‘mondonligidagi suhbatdoshi «quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondonligi Sumi shahrida hech qanday tashabbus ko‘rsatmagani va tadbirlar o‘tkazmagani»ga ishontirgan.

BBC Ukraina xizmati Sumi oblasti harbiy ma’muriyati bilan ham bog‘langan, u yerda keyinroq javob berishni va’da qilishgan.

Harbiy bloger, «Tsenzor.Net» nashri bosh muharriri Yuriy Butusovning aytishicha, uning ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lgan 34 kishi orasida ikki nafar harbiy ham bor, biroq ularning tadbirga hech qanday aloqasi yo‘q, deb ishontirgan u. «Ular raketa hujumi paytida mashinada o‘tib ketayotgan bo‘lgan va rossiyaliklar zarbasi ostida qolgan», – deydi u.

Butusov o‘z manbalariga tayanib, taqdirlash marosimi haqiqatan ham ertalab soat 10 da Sumi davlat universitetining kongress markazi binosida bo‘lib o‘tishi mo‘ljallangani, unga fuqarolik kiyimidagi 20 ga yaqin kishi kelgani va ular e’tiborni tortmaganini aytgan.

Raketalardan biri Sumi davlat universitetining kongress-markaziga urilgan, bu yerda 13 aprel kuni bolalar uchun spektakl qo‘yilishi rejalashtirilgandi
Volodymyr Hordiienko / AP / Scanpix / LETA

Raketalar portlagan joylar bir-biridan taxminan 140 metr masofada joylashgan. Portlashlar oqibatida vayron bo‘lgan ikki binoda ham tadbirlar o‘tkazish uchun zallar mavjud - birinchi raketa kongress-hollga, ikkinchisi universitetning majlislar zali joylashgan binoga kelib tushgan.

Shu bilan birga, «Iskander» raketalarining aniqligi ancha yuqori deb ko‘rsatilgan. Rossiya mudofaa vazirligi nashri – «Zvezda» haftaligi ma’lumotiga ko‘ra, 9M723 raketasining ehtimoliy og‘ishi (ya’ni nishondan qancha masofaga og‘ishi mumkinligi) 5-7 metrni tashkil qiladi.

Shu sababli, ikkala raketa ham koordinatalari ularning yo‘naltirish tizimiga kiritilgan nishonlarga yetib kelgan deb taxmin qilish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Bunday holda, yig‘ilish aynan qayerda o‘tkazilgani borasida raketachilarda aniq ma’lumot bo‘lmagan deyish mumkin.

«Iskander-M» – tezkor-taktik ballistik raketaga ega tizim bo‘lib, birinchidan, uni tutib olish juda qiyin. U radiolokatsion sezuvchanlikni kamaytirish texnologiyasini qo‘llagan holda qurilgan va havo hujumidan mudofaani yengib o‘tish tizimlari bilan jihozlangan.

Bundan tashqari, raketaning maksimal masofasi 500 kilometr bo‘lib, havo trevogasini e’lon qilish uchun deyarli imkon qoldirmaydi – ballistik raketa unga javob berishga ulgurish uchun haddan ortiq tezlik qiladi.

9M723 raketasining jangovar qismining og‘irligi 480 kilogramm. Bu portlovchi moddaning «sof» og‘irligi emas, lekin u baribir yuzlab kilogramm kuchli portlovchi modda va shikastlovchi elementlar bilan jihozlangan bo‘lib, ular odamlarga ochiq havoda yoki zaif himoyalangan transportda omon qolish imkoniyatini qoldirmaydi.

Yakshanba kuni ertalab aholi zich joylashgan shahar markazidagi binolarga aniq tekkan taqdirda ham, shuncha miqdordagi portlovchi moddaning portlashi tinch aholi vakillarining o‘limiga olib kelmasligi mumkin emasdi.

Mavzuga oid