O‘zbekiston | 09:33 / 15.04.2025
1772
7 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda O‘rta transport yo‘lagi istiqbollari muhokama qilindi

10 aprel kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan konferensiyada transport logistikasi sohasidagi mutaxassislar O‘rta transport yo‘lagi orqali yuk tashish imkoniyatlarini muhokama qildi.

«Geosiyosiy turbulentlik sharoitida muqobil xalqaro transport yo‘laklarini shakllantirish va O‘rta yo‘lakni rivojlantirish» mavzusidagi konferensiyada Markaziy Osiyo davlatlari bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ehtimoliy yuk oqimi noproporsional taqsimlanganiga urg‘u berildi.

«Ayni paytda yuk tashishning asosiy qismi — 93 foizdan ortig‘i Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi. Turkmaniston ulushi — 3 foiz, O‘zbekiston — 2,3 foiz, Qirg‘iziston — 1,1 foiz va Tojikiston — 0,03 foiz», — dedi ekspert Umidulla Ibrohimov.

Anjumanda tashkilotchilar O‘rta yo‘lakni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan tahliliy hisobotni taqdim etishdi. Unga ko‘ra, Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘lovchi transport yo‘nalishlari uchta yo‘nalishda shakllangan: Shimoliy, O‘rta va Janubiy. Bu koridorlar orqali yuk tashishning 80 foizga yaqini temiryo‘l transporti hissasiga to‘g‘ri keladi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining jahon transport xizmatlari eksportidan oladigan umumiy daromaddagi ulushi 1 foizdan oshmaydi.

Xitoy va Rossiya bilan umumiy yuk tashish hajmida Qozog‘iston va O‘zbekiston yetakchi. Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston ulushi nisbatan past. Eron bilan yuk almashinuvida esa Turkmaniston yetakchi — umumiy yuk hajmining 45,8 foizi shu davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.

Markaziy Osiyo hududida yetarlicha foydalanilmagan tranzit salohiyati mavjud. Ushbu imkoniyatlarni rivojlantirish Yevrosiyo mintaqalari o‘rtasidagi tovar aylanmasini keskin oshirishi mumkinligi qayd etildi.

Shimoliy transport yo‘lagi: mutaxassislar fikri

Markaziy Osiyo – Rossiya – Belarus – Yevropa yo‘nalishi bo‘ylab mavjud tashish quvvati bo‘yicha Markaziy Osiyodan Yevropaga yuk tashish hajmi 16 mln tonnaga yetadi, kelgusida esa bu ko‘rsatkichni yiliga 25 mln tonnagacha oshirish imkoni bor.

  • Koridordagi barcha mamlakatlar 1520 mm.lik yagona temiryo‘l tarmog‘i bilan bog‘langan bo‘lib, yuklar faqat temiryo‘l orqali tashiladi;
  • Barcha temiryo‘l tizimlari o‘zaro integratsiyalashgan. Transport huquqi, iqtisodiyoti va texnologiya bo‘yicha yagona yondashuv qo‘llanadi. Tashishlar Xalqaro temiryo‘l yuk tashuvi to‘g‘risidagi kelishuv bo‘yicha yagona hujjat asosida amalga oshiriladi;
  • Koridor Qozog‘iston orqali Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘lanadi;
  • Shuningdek, koridor Afg‘oniston va Pokiston orqali Hind okeani portlariga chiqish imkoniga ega. Bu Shimoliy Yevropa, Rossiya va boshqa davlatlarni Hindiston yarimorolining 1,5 milliardlik bozori bilan bog‘lab, Markaziy Osiyoni mintaqalararo savdoga jalb qiladi.

O‘rta transport yo‘lagi: mutaxassislar tahlili

Markaziy Osiyo – Kaspiy dengizi portlari – Ozarboyjon – Gurjiston – Turkiya – Yevropa yo‘nalishidagi O‘rta yo‘lakning tashish quvvati Markaziy Osiyodagi tarmoqlarga bog‘liq holda yiliga 2 mln tonnadan 10 mln tonnagachani tashkil etadi. Rejaga ko‘ra, bu ko‘rsatkichni 25 mln tonnagacha oshirish ko‘zda tutilgan.

Yo‘lakning asosiy muammolari:

  • ikkita dengiz (Kaspiy va Qora dengiz)da qayta yuklash zarurati;
  • Kaspiy dengizining sayozlashish muammosi;
  • Kaspiyda ob-havo sharoitiga bog‘liq uzilishlar;
  • Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz temiryo‘llarining Kaspiy va Qora dengizlardagi dengiz tashishlari hamda Yevropa Ittifoqi temiryo‘l tizimlari bilan yetarlicha integratsiyalashmagani. Bu transport huquqi, iqtisodi va texnologiyada turli yondashuvlarni keltirib chiqaradi;
  • koridor bo‘yicha yuk oqimining asosan Xitoy – Yevropa yo‘nalishiga qaratilishi va bu jarayonning asosan Qozog‘iston orqali amalga oshirilayotgani.

Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘li va Xitoy–Tojikiston–O‘zbekiston avtoyo‘li qurilgan taqdirda ham, Xitoy–Qozog‘iston–Kaspiy portlari–O‘rta yo‘lak marshrutidan yuk oqimini to‘liq O‘zbekiston orqali yo‘nalishga o‘tkazish kutilmayapti.

Chunki Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston orqali shakllantirilayotgan yo‘laklar masofa jihatdan qisqaligiga qaramay, uchta tog‘li dovon va oltita davlatlararo nazorat punktini o‘z ichiga oladi. Qozog‘iston orqali yo‘nalishda esa faqat ikkita davlatlararo nuqta va tekis yerda tezkor yuk tashish imkoniyati mavjud.

Janubiy transport yo‘lagi: mutaxassislar bahosi

Markaziy Osiyo – Eron – Turkiya yo‘nalishidagi Janubiy koridor orqali yuk oqimi hozircha past darajada. Yuk tashish salohiyati 1,8 mln tonnagacha bo‘lsa-da, bir qator to‘siqlar mavjud.

Asosiy muammolar:

  • 1520 mm va 1435 mm kenglikdagi temiryo‘l standartlaridagi farq;
  • temiryo‘l tizimlari o‘rtasida transport huquqi, iqtisodi va texnologiya bo‘yicha umumiy standartlar mavjud emasligi;
  • temiyo‘l ma’muriyatlarini muvofiqlashtiruvchi xalqaro tashkilot yo‘qligi;
  • yagona xalqaro yuk hujjatining (nakladnoy) yo‘qligi;
  • vagonlar va tashish jarayonini muvofiqlashtirish vositalari mavjud emasligi.

Ammo Janubiy yo‘lak katta rivojlanish salohiyatiga ega. Ayniqsa, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘li qurilgandan so‘ng, qisqa va monomodal yo‘nalish faoliyat boshlaydi. Shuningdek, Xitoydan Tojikiston orqali O‘zbekiston chegarasigacha bo‘lgan xalqaro avtomagistral qurilsa, eng qisqa multimodal yo‘l shakllanadi.

Bu yo‘lak Xitoyni nafaqat Yevropa va Yaqin Sharq bilan, balki Isroil va Misr o‘rtasida yetishmayotgan temiryo‘l uchastkasi qurilsa, Afrika temiryo‘llari bilan ham bog‘lashi mumkin. U Yevrosiyo mintaqalari va Afrikani bog‘lovchi quruqlikdagi «ko‘prik» vazifasini o‘tashi mumkin.

Janubiy yo‘lak Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston kabi davlatlar uchun transport xizmatlari eksportini bir necha baravarga oshirish orqali iqtisodiy o‘sish drayveriga aylanishi mumkin.

Yuqoridagi tahliliy hisobot Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Ozarboyjon mutaxassislari, shuningdek, xalqaro maslahatchilar ishtirokida tayyorlangan Xulosalar Toshkentda o‘tkazilgan konferensiyada taqdim etilgan.

Avvalroq Rossiya va O‘zbekiston Transafg‘on temiryo‘li loyihasi bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishi xabar qilingan edi.

Mavzuga oid