O‘zbekiston | 13:31 / 16.04.2025
3971
3 daqiqa o‘qiladi

Oltin quymalar narxi yangi tarixiy maksimumni qayd etdi – 1 gramm narxi 1,4 mln so‘m

16 aprel kuni O‘zbekistondagi tijorat banklarida oltin quymalarining narxi yangi tarixiy maksimal darajaga yetdi. Jahon bozorida oltin narxlari keskin oshishi fonida O‘zbekiston banklarida oltin quymalari 1 gramm uchun 1 413 030 so‘mga baholanyapti.

Foto: Markaziy bank

Markaziy bank xabariga ko‘ra, 16 aprel holatiga oltin quymalarining bir grammi 1 million 413 ming 30 so‘mni tashkil etyapti . Bu kechagi kunga nisbatan 2 foizga va avvalgi rekorddan 1,65 foizga qimmat. 5 grammlik oltin quymalari 7,065 million so‘mdan sotilmoqda.

16 aprel holatiga ko‘ra, oltin quymalari narxlari quyidagicha:

  • 5 grammli oltin quyma — 7 million 65 ming so‘m;
  • 10 grammli oltin quyma — 14 million 130 ming so‘m;
  • 20 grammli oltin quyma — 28 million 261 ming so‘m;
  • 50 grammli oltin quyma — 70 million 651 ming so‘m;
  • 100 grammli oltin quyma — 140 million 303 ming so‘m.

Spot nashriga ko‘ra, yil boshiga nisbatan narxlar 24,5 foizga, yil davomida esa 41,9 foizga oshgan. Oltinning jahon narxlari ham kichik tuzatishdan so‘ng rekordlarni yangilamoqda – bir troya unsiyasining narxi 3275 dollardan oshdi (bir gramm uchun 105 dollar).

Nega oltin narxi oshib boryapti?

AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan Xitoyga nisbatan yangi tariflar joriy etilishi va Xitoyning javob chorasi sifatida AQSh mahsulotlariga bojlar qo‘yishi global iqtisodiy noaniqlikni kuchaytirdi. Bu investorlarni oltinga investitsiya kiritishga yo‘naltirdi.

AQSh dollarining boshqa valutalarga nisbatan qadrsizlanishi oltinni xorijiy investorlar uchun arzonlashtirdi, bu esa oltinga talabni oshirdi. Markaziy banklar, ayniqsa rivojlanayotgan davlatlar, o‘z rezervlarini diversifikatsiya qilish maqsadida oltin xaridlarini oshirmoqda. Bu global oltin narxiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Reuters tahlillariga ko‘ra, yuqori inflatsiya va iqtisodiy o‘sishdagi sekinlashuv investorlarni oltinni xavfsiz aktiv sifatida ko‘rishga undamoqda. Shuningdek, 2025 yilning birinchi choragida oltin bilan bog‘liq ETF'larga 226.5 metrik tonna oltin qo‘shildi, bu esa narxning oshishiga olib keldi.

Goldman Sanchs 2025 yil oxirigacha oltin narxi 3700 dollarga yetishini prognoz qilmoqda, ba’zi holatlarda esa 4,500 dollarga chiqishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Markaziy banki oltin va kumushdan tayyorlangan esdalik tangalarni 2018 yilda muomalaga chiqargan. 2020 yil noyabridan boshlab esa o‘zbekistonliklarda jamg‘armalarini quyma oltin shaklida saqlash imkoniyati ham paydo bo‘ldi: Markaziy bank 5, 10, 20 va 50 grammli oltin quymalarini tijorat banklari orqali sotuvga chiqardi.

Oltin quymalari narxlari xalqaro qimmatbaho metallar bozori kon’yunkturasidan kelib chiqib, Markaziy bank tomonidan kun davomida qayta ko‘rib chiqiladi. Shunga ko‘ra, narxlar doimiy o‘zgaruvchan xarakterga ega bo‘ladi.

100 grammli oltin quymalar O‘zbekistonda 2025 yil 17 yanvardan boshlab sotuvga chiqarilgan.

Mavzuga oid