O‘zbekiston | 22:37 / 17.04.2025
3916
6 daqiqa o‘qiladi

17 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Ta’mirlanishga tushgan Hastimom majmuasi, Turkiyada aldangan qiz, Xitoyda auditdan o‘tkaziladigan Leapmotor va ekinlarga ziyon yetkazuvchi sovuq kutilmasi — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Hastimom majmuasi ta’mirlanadi

Toshkentdagi Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy binolar qayta ta’mirlanadi. Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi mazkur loyihalarni yodgorliklarga zarar yetkazilmasligi sharti bilan ma’qulladi.

9 aprelda o‘tgan yig‘ilishda Abu Bakr Kaffol Shoshiy maqbarasi, Baroqxon va Mo‘yi Muborak madrasalari, Namozgoh va Tillashayx masjidlari bo‘yicha restavratsiya ishlari muhokama qilindi. Barcha loyihalar kengash a’zolari tomonidan bir ovozdan tasdiqlandi.

Qayd etilishicha, devor tagi maxsus 250×250×50 o‘lchamdagi xumdonda pishirilgan musulmon g‘ishti bilan to‘shaladi. Ijro va nazorat Madaniy meros agentligi hamda tegishli davlat muassasalari zimmasiga yuklatilgan.

Shuningdek, Qiziltepa tarixiy muzeyini ta’mirlash va Xo‘jaoboddagi Manak ota ziyoratgohiga yangi inshootlar qurish loyihalari ham ma’qullandi.

Haydovchilar o‘rtasida janjal

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Yunusobod tumanida ikki haydovchi o‘rtasidagi mushtlashuv aks etgan video tarqaldi. Hodisa 12 aprel kuni 13-mavzeda sodir bo‘lgani aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, Spark avtomashinasining 34 yoshli haydovchisi va Matiz avtomashinasining 20 yoshli haydovchisi yo‘lda talashib, o‘zaro janjallashgan.

Spark haydovchisi o‘z mashinasidan tushib, temir jism bilan Matizʼning oynalarini sindirgan va uning rulidagi yosh yigitning boshiga urib, tan jarohati yetkazgan. Jabrlangan fuqaro shifoxonaga murojaat qilgan.

Yunusobod tumani ichki ishlar bo‘limi tergov bo‘limi tomonidan ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi — bezorilik asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Turkiyadagi qurbon qiz vatanga qaytarildi

O‘qish bahonasida Turkiyaga borgan o‘zbekistonlik voyaga yetmagan qiz aldamchilik qurboni bo‘lib, fohishalikka majburlangan. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, ota-onasidan erta ayrilgan S.S. qonuniy vasiysiz Turkiyada o‘qish niyatida Istanbulga yo‘l olgan. U yerda uni A.D. ismli vatandoshi kutib olgan va tahdid orqali jinoiy faoliyatga majburlagan.

Hayoti xavfda qolganini anglagan qiz o‘zbek diasporasiga murojaat qilgan. U faollar yordamida konsulxonaga yetkazilgan va holat rasmiy tartibda ko‘rib chiqilgan.

Qiz 14 aprel kuni O‘zbekistonga qaytarildi. Bu jarayonda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Ijtimoiy himoya agentligi ishtirok etdi. Hozirda S.S.ni oilaviy muhitga qaytarish ishlari olib borilmoqda.

Leapmotor Xitoyda auditdan o‘tadi

Leapmotor kompaniyasi O‘zbekistonda faqat rasmiy distribyutor orqali faoliyat yuritishini tasdiqladi. UzTest markazi ma’lumotiga ko‘ra, norasmiy olib kirilgan C16 avtomobillari tan olinmaydi, ularga kafolat ham berilmaydi.

Keyingi ikki haftada o‘zbekistonlik mutaxassislar Xitoyga borib, zavodda texnik audit o‘tkazadi. B10EV va B10EREV modellari bo‘yicha sinov hisobotlari taqdim etiladi.

UzTest va kompaniya o‘rtasida sifat nazoratini kuchaytirishga qaratilgan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan avval Piskentdagi laboratoriyada C16 rusumli mashinada nuqson aniqlanib, martdan boshlab bu rusumdagi mashinalar importi taqiqlangan edi. Lekin 14 aprelda o‘tkazilgan takroriy sinovdan keyin taqiq shartli ravishda olib tashlandi.

Aprelda daraxtlarni sovuq urishi kutilyapti

17–19 aprel kunlari ko‘plab hududlarda yomg‘ir yog‘ishi, 19 aprel tongida esa ayrim viloyatlarda harorat nol darajagacha pasayishi mumkin. Bu — o‘simliklar uchun xavf.

Iqlimshunos Erkin Abdulahatovga ko‘ra, bahor boshidagi namlik lalmi yerlar uchun foydali bo‘ldi, ammo Buxoro va Navoiyda yomg‘ir bo‘lmadi. Kuchli yog‘ingarchilik Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, vodiy viloyatlarida kutilyapti.

Ayrim joylarda 50 mmgacha yomg‘ir yog‘ishi — bu 1 gektarga 500 tonna suv degani. Shamol esa soniyasiga 15 metr tezlikdan oshib ketsa, zararli bo‘lishi mumkin.

19 aprel tongida Samarqand, Qashqadaryo, Farg‘ona vodiysi va Toshkent viloyatining tog‘oldi hududlarida harorat qisqa muddatga nol darajaga tushishi mumkin. Bu vaqtda bog‘dor va dehqonlar ekinlarini asrab qolishi uchun e’tiborli bo‘lishi kerak.

Eng ko‘p qayd etilgan huquqbuzarliklar

2025 yilning birinchi choragida O‘zbekiston sudlari 138 mingdan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik ishini ko‘rib chiqib, 105 mingdan ortiq shaxsga nisbatan jazo tayinladi.

Oliy sud ma’lumotiga ko‘ra, 19 ming 201 kishi yarashuv tufayli javobgarlikdan ozod qilingan. Eng ko‘p aniqlangan huquqbuzarliklar — mayda bezorilik, ichki ishlar xodimining talabini bajarmaslik, litsenziyasiz yo‘lovchi tashish, energiyadan foydalanish qoidalarini buzish va haqorat.

Shuningdek, yo‘l qoidalarini buzib tan jarohati yetkazish, mast holda transport boshqarish, jamoat joylarida alkogolli ichimliklar iste’moli, savdo qoidalarini buzish va sovuq qurol olib yurish holatlari ham ko‘p qayd etilgan.

Apellyatsiyada 637 qaror bekor qilingan, kassatsiyada esa 1021 qaror kuchdan qoldirilgan. Sudlar ko‘rib chiqishi bilan huquqbuzarliklar bo‘yicha tahlil va qarorlar isloh qilingan.

Mavzuga oid