18 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Eksport cheklovlarini bekor qilgan prezident, Toshkentda yoqib yuborilgan Tesla, Xorazmda tungi klubdagi o‘smir qiz va janubiy koreyaliklarga berilayotgan Urganch aeroporti — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Prezident raisligidagi videoselektorda cheklovlar masalalari muhokama qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy va savdo cheklovlarining O‘zbekistonga ta’sirini yumshatish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, 1 iyuldan boshlab O‘zbekistonda barcha tovarlar eksportiga cheklovlar bekor qilinadi. Faqat 86 turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega xomashyo va mahsulotlarga eksport bojlari saqlanadi. Prezident bu qaror orqali tadbirkorlarga keng imkoniyat yaratilayotganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlar qimmat bozorlarga chiqsa, sifatni yaxshilash va mahsulotni ko‘paytirishga intiluvchi bo‘ladi. Bu esa manfaat keltiradi va soha rivojiga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, shakarga aksiz to‘lovi bekor qilinadi. Quruq sut importiga cheklov ham olib tashlanadi. Bu 40 ming kishi ishlaydigan 5,5 ming qandolat va ichimlik ishlab chiqaruvchi korxonalarning aylanmasi 50 trln so‘mga yetishiga zamin yaratadi.
Prezident: Rahbarlar to‘siq emas, yordam bo‘lsin
Prezident Mirziyoyev ayrim rahbarlarni tadbirkorlarga yordam berish o‘rniga to‘siq bo‘layotgani uchun tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishlab chiqarish va eksportni rivojlantirish uchun rahbarlar mas’uliyatini kuchaytirish zarur.
«Hozirgi vaziyatda o‘z kuch va imkoniyatlarimizga tayanishimiz kerak», – dedi prezident. Ammo ba’zi rahbarlar vaziyatning jiddiyligini anglamayapti.
Bir haftada 3 mingdan ziyod tadbirkor bilan uchrashuv o‘tkazildi. Ular xalqaro bozorlardagi o‘zgarishlarga moslashish uchun tezkor yechimlar talab qilmoqda. Vazirlar, hokimlar, bank va tarmoq rahbarlariga ko‘p savollar berildi.
Tendensiyalarni o‘rganmasdan, xatarlarni baholamay, yo‘l ochish o‘rniga to‘siq bo‘layotgan rahbarlarga qattiq chora ko‘rilishi aytildi. Shuningdek, «Bozor to‘g‘risida»gi qonunni ishlab chiqish topshirig‘i ham berildi.
Toshkentda yoqilgan Tesla
Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi avtoturargohda 37 yoshli yigit M.J. tanishiga tegishli Tesla elektromobilini qasddan yoqib yubordi. Hodisa kecha, 17 aprel kuni tungi soat 23:40 da ro‘y bergan.
Qo‘lga tushgan M.J. o‘z harakatini o‘zaro kelishmovchilik bilan izohlagan. Videokuzatuvda u yonilg‘i to‘kib, o‘t qo‘ygani va hodisa joyidan qochgani aks etgan.
Mashinaga o‘t ketgani haqida 23:51 larda o‘t o‘chirish xizmatiga xabar berilgan. Qutqaruvchilar 5 daqiqada manzilga yetib borib, 3 daqiqada yong‘inni o‘chirgan. Hodisada jabrlanganlar yo‘q.
Fakt bo‘yicha Jinoyat kodeksining 173-moddasi asosida ish qo‘zg‘atildi. Tergov davom etmoqda.
Tungi klubdagi 7-sinf o‘quvchisi
Urganch shahridagi reydda 7-sinfda o‘qiyotgan 14 yoshli qizning tungi klubda raqqosalik qilib ishlayotgani fosh etildi. Qiz ijtimoiy xavfli ahvolda qarovsiz qolgani uchun voyaga yetmaganlarga yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi.
Xorazmda o‘tkazilayotgan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» oyligi doirasida IIB xodimlari tomonidan tungi klublarga reyd uyushtirildi. Qizga ish bergan klub rahbari S.P.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 188-moddasi 2-qismi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Reydda 24 ta huquqbuzarlik qayd etildi. 76 nafar klub mijozidan OITS bo‘yicha qon namunalari olindi. IIB klub egalari va ishchilarini qonunlarga amal qilishga chaqirmoqda.
Urganch aeroportini Koreya kompaniyasi yangilaydi
Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyasi Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha tenderda g‘olib deb topildi.
Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. Xususiy sherik — yuk va yo‘lovchi terminallari qurilishi, yerda xizmat ko‘rsatish ishlarini bajaradi. Davlat esa uchish-qo‘nish yo‘lagi va perron majmuasini o‘z zimmasiga oladi.
Kelgusida 19 yillik konsessiya shartnomasi tuziladi. Incheon xalqaro aeroporti Janubiy Koreyaning asosiy aeroporti bo‘lib, 2024 yilda 70 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan.
Loyiha Uzbekistan Airports AJ, Transport va Moliya vazirliklari hamkorligida amalga oshirilmoqda.
8 ta viloyatda sel xavfi
19–22 aprel kunlari kuchli yomg‘irlar oqibatida 8 ta viloyatning tog‘li va tog‘oldi hududlarida sel-suv toshqin xavfi yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda «O‘zgidromet» ogohlantirdi.
Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlaridagi bir qancha tumanlar xavfli hududlar sifatida ko‘rsatilgan. Ular orasida Yakkabog‘, Shahrisabz, Boysun, Urgut, Zomin, Piskent, Pop, So‘x va Xonobod kabi tumanlar bor.
Hududlarda yomg‘ir suvlarining to‘planishi ham ehtimoldan xoli emas. Bu esa ayrim aholi punktlari va yer maydonlarini suv bosishiga olib kelishi mumkin.
Fuqarolar, dam oluvchilar va haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish so‘ralmoqda.
Mavzuga oid

22:37 / 17.04.2025
17 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

21:07 / 16.04.2025
16 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

20:43 / 15.04.2025
15 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

20:12 / 14.04.2025