O‘zbekiston | 14:29 / 22.04.2025
11950
5 daqiqa o‘qiladi

“Hokimning xizmat mashinasi 47 ta qoidabuzarlik sodir etgan” – YHXB Namangan shahar hokimiga javob qaytardi

Namangan viloyati IIB YHXB boshlig‘i Mansur Gaziyev Namangan shahar hokimi Anvar Otaxo‘jayevning noqonuniy o‘rnatilgan radarlarni olib tashlash haqidagi xatiga javob qaytardi. Javob xatida Namangan shahar, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari hokimliklari tasarrufidagi mashinalar o‘nlab qoidabuzarlik sodir qilgani, muddati o‘tgan to‘lanmagan jarimalar borligi aytilgan. Shahar hokimligi matbuot kotibi to‘lanmagan jarimalar belgilangan talablarga zid ravishda o‘rnatilgan radarlardan kelganini bildirdi.  

Foto: YHXB

Namangan viloyati IIB YHXB boshlig‘i Mansur Gaziyev Namangan shahar hokimi Anvar Otaxo‘jayevning noqonuniy radarlar haqidagi xatiga javob qaytardi. Unda hokimlik xizmat mashinalari ko‘plab qoidabuzarlik sodir etayotgani bildirilgan.

Viloyat YHXB boshlig‘ining javob xatida Namangan shahar hokimi Anvar Otaxo‘jayevning xizmat mashinasi 47 marotaba qoidabuzarlik sodir etgani aytiladi.

“Prezidentning 2018 yil 30 oktyabrdagi PQ-3989-sonli qaroriga asosan 8 ta chorrahaga, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 21 apreldagi 232-son qaroriga asosan Namangan shahrida tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan 3 ta chorraha va 5 ta to‘g‘ri yo‘l uchastkasiga, prezidentining 2022 yil 4 apreldagi PQ-190-sonli qaroriga asosan viloyat hokimligi tomonidan 6 ta chorraha va 5 ta to‘g‘ri yo‘l uchastkasiga yo‘l harakati qoidalari buzilishini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik qurilmalari o‘rnatilgan.

Qurilmalar qoidabuzar haydovchilarga nisbatan chora ko‘rish hamda avtomobil yo‘llarida tartibli harakatni ta’minlash orqali inson xavfsizligini ishonchli himoya qilish va o‘lim holatlarini keskin kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Masalan, Namangan shahri, Davlatobod hamda Yangi Namangan tumanlari hududidagi qurilmalar aynan yo‘l-transport hodisalari o‘choqlari hisoblangan joylarga o‘rnatilgan bo‘lib, bu yo‘nalishlarda 2024 yilda piyodalar bilan bog‘liq 156 ta YTH sodir etilgan. Shundan 13 tasi o‘lim bilan, 143 tasi esa tan jarohat bilan yakunlangan. Og‘ir oqibatlarga olib kelgan YTHlarning 70 foizi haydovchilarning tezlikni me’yoridan oshirganliklari oqibatida yuzaga kelgan. Joriy yilda esa tezlikni qayd qilish qurilmalari nazorati sababli mazkur yo‘nalishlarda o‘lim bilan yakunlangan YTHlar sodir etilmadi”, deyiladi boshqarma javob xatida.

Shuningdek, viloyat YHXB Namangan shahar hokimligi tasarrufidagi 50 020 DAV davlat raqam belgili Captiva mashinasi 2024 yil va joriy yilda jami 47 ta qoidabuzarlik sodir etganini, 11 ta holatda 8 mln 170 ming so‘m so‘m muddati o‘tgan to‘lanmagan jarimalar borligini ma’lum qilgan.

“Hokimlikning boshqa transport vositalari tomonidan (50 023 DAV, 50 024 DAV, 50 025 DAV, 50 028 DAV) jami 41 ta qoidabuzarlik bo‘yicha 18 mln 750 ming so‘m, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari hokimliklari tasarrufidagi (50 074 DAV, 50 075 DAV, 50 016 DAV, 50 017 DAV, 50 019 DAV va 50 022 DAV) transport vositalari tomonidan jami 46 ta qoidabuzarlik bo‘yicha 16 mln 307 000 so‘m miqdorda muddati o‘tgan to‘lanmagan jarimalar mavjud ekani aniqlandi”, deyiladi Mansur Gaziyevning javob xatida.

Viloyat YHXB boshlig‘i hokimdan Namangan shahar, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari hokimliklari tasarrufidagi mashinalar tomonidan sodir etilayotgan surunkali qoidabuzarliklarni tanqidiy muhokama qilishini hamda muddati o‘tgan jarimalarni undirishda amaliy yordam ko‘rsatishni so‘ragan. 

Namangan shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Raxmonjon Mamadaliyevning Kun.uz’ga bildirishicha, 50 020 DAV davlat raqam belgili Captiva xizmat mashinasi sifatida shahar hokimi Anvar Otaxo‘jayevga biriktirilgan. 

Biz belgilangan talablarga zid ravishda simyog‘och, yoritish uskunalari va binolarga o‘rnatilgan radarlarni olib tashlashni so‘ragandik. Sababi noqonuniy va talablarga zid o‘rnatilgan radarlar tomonidan jarima kelsa buni sud orqali bekor qildirish mumkin. Bu esa fuqarolarni ovora qilmoqda.

Hokimlik mashinalarining qarzdorligi belgilangan talablarga zid ravishda o‘rnatilgan radarlardan kelgan. Biz sudga bermasdan xat qilgandik. Qolganlari bo‘yicha qarzdorlik to‘langan”, deydi shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Kun.uz jurnalisti bilan suhbatda.

Hokimlik vakili holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirilishini ma’lum qildi.

Avvalroq Namangan shahar hokimi Anvar Otaxo‘jayev Namangan viloyati IIB YHXB boshlig‘i Mansur Gaziyevga rasmiy xat bilan murojaat qilib, belgilangan me’yorlarga zid ravishda o‘rnatilgan radarlarni olib tashlashni so‘ragandi. Hokimning xatida noqonuniy o‘rnatilgan radarlar aholida norozilik kayfiyati ortishiga sabab bo‘layotgani keltirilgan.

Mavzuga oid