Jahon | 10:34
7478
2 daqiqa o‘qiladi

Putin birinchi marta Ukraina bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni taklif qildi

2022 yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga to‘liq miqyosli bosqini ilk kunlaridan buyon tomonlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar bo‘lmagan.

Foto: Reuters

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri birinchi marta ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishni taklif qildi.

Reuters xabariga ko‘ra, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Putinning tashabbusiga javob bermagan bo‘lsa-da, Ukraina o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha «har qanday suhbatga tayyorligini» ta’kidlagan.

Nashrning qayd etishicha, Putinning bu bayonoti AQSh bosimi ostida yangragan, agar bu borada hech qanday muvaffaqiyatga erishilmasa, Qo‘shma Shtatlar tinchlikka erishish harakatlaridan voz kechish bilan tahdid qilgan.

«Biz har qanday tinchlik tashabbusiga ijobiy munosabatdamiz. Umid qilamizki, Kiyev rejimi vakillari ham shuni his qilishadi», dedi Putin.

Keyinroq, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov prezident so‘zlarini shunday izohladi: «Putin tinch aholi nishonlariga zarba bermaslik masalasini, jumladan, ikki tomonlama asosda muhokama qilish mumkinligini aytganida, u Ukraina tomoni bilan muzokaralar va muhokamalar olib borishni nazarda tutgan edi».

Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya mojaroga tinch yo‘l bilan yechim topish uchun ochiqligicha qolmoqda. Peskov Amerika tomoni bilan ish olib borilayotganini eslatib o‘tdi va bu «natija berishiga» umid bildirdi.

2022 yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga to‘liq miqyosli bosqini ilk kunlaridan buyon tomonlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar bo‘lmagan.

O‘tgan hafta oxirida AQSh prezidenti Donald Tramp va davlat kotibi Marko Rubio bir necha kun ichida muvaffaqiyatga erisha olmasa, tinchlik muzokaralaridan voz kechishi mumkinligini aytgan edi. Shundan so‘ng Tramp ikki tomon «shu haftada» tinchlik kelishuviga erishishini bashorat qildi.

Mavzuga oid