Jahon | 23:43 / 23.04.2025
2471
2 daqiqa o‘qiladi

Kashmirda sayyohlarni o‘qqa tutgan terrorchilar haqidagi ma’lumot uchun mukofot e’lon qilindi

Paxalgam shahri yaqinida sodir bo‘lgan otishma oqibatida 26 nafar sayyoh halok bo‘lgan. Hujum uchun mas’uliyatni «Kashmir qarshiligi» qurolli guruhi o‘z zimmasiga olgan.

Foto: Global Look Press

Hindistonning Jammu va Kashmir shtati politsiyasi sayyohlarga hujum qilgan terrorchilarni qo‘lga olishga yordam beradigan har qanday ma’lumot uchun mukofot e’lon qildi.

Qayd etilishicha, terrorchilar to‘g‘risida ma’lumot taqdim etganlarning shaxsiy ma’lumotlari maxfiyligi kafolatlanadi, shuningdek, ularga 200 ming rupiy (2,3 ming dollarga yaqin) pul beriladi. Politsiya terakt uyushtirgan jinoyatchilarga qidiruv e’lon qilinganiga oid xabarlarni o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashtirdi.

Qidiruvga berilgan shaxslar 22 aprel kuni Kashmirning Hindistondagi qismida qurollangan shaxslar sayyohlar guruhini o‘qqa tutishi oqibatida 26 kishi halok bo‘ldi, 17 kishi yaralandi. Hodisa Paxalgam shahri yaqinida — mamlakatning eng mashhur sayyohlik nuqtalaridan birida yuz berdi.

Hind kuch tuzilmalarining taxminicha, hujumni olti nafar jangari uyushtirgan. Ular Baysaran vodiysidagi so‘qmoq bo‘ylab harakatlanayotgan sayyohlarga o‘t ochgan. Hujum uchun mas’uliyatni «Kashmir qarshiligi» qurolli guruhi o‘z zimmasiga olgan.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Kashmir hududida sodir bo‘lgan terrorchilik harakati oqibatida ko‘plab insonlar nobud bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Hindiston prezidenti Draupadi Murmu va bosh vaziri Narendra Modiga ta’ziya yo‘llagani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid