Jahon | 21:23 / 24.04.2025
2097
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Trampga Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha yangi takliflar yuborilganini ma’lum qildi

Manbalarga ko‘ra, Londondagi muzokaralar davomida «tegishli hujjat» kelishib olingan. AQSh prezidentining Rossiya va Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Ket Kellog uni Vashingtonga olib ketgan.

Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti bilan birgalikda o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida Rossiya bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha har qanday tinchlik sulhi Ukraina Konsitutsiyasiga zid bo‘lmasligi kerakligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Londondagi uchrashuvda muhokama qilingan yangi takliflar allaqachon AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

«Ushbu format, hujjat Trampning stolida yotibdi deb o‘ylayman. Qadriyatlarimiz yoki Ukraina Konstitutsiyasiga zid bo‘lgan narsalar hech bir kelishuvning bir qismi bo‘la olmaydi», — deydi Zelenskiy.

Davlat rahbarining tushuntirishicha, Qrimni Rossiyaning bir qismi sifatida tan olish to‘g‘risidagi AQSh rejasiga muqobil taklif paydo bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, Londonda Ukraina delegatsiyasi, yevropalik sheriklar va AQSh vakillari ishtirokida konstruktiv muzokaralar bo‘lib o‘tgan.

«RBK-Ukraina» manbasiga ko‘ra, Londondagi muzokaralar davomida «tegishli hujjat» kelishib olingan bo‘lib, AQSh prezidentining Rossiya va Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Ket Kellog uni Vashingtonga olib ketgan. «U [hujjat] yevropaliklar — Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya va Ukrainaning urush bo‘yicha umumiy qarashlarini o‘z ichiga oladi», — deydi manba.

23 aprel kuni Londonda Ukraina, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya vakillari ishtirokidagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda uchrashuv ishtirokchilari «AQSh prezidenti Donald Trampning tinchlik yo‘lidagi sa’y-harakatlariga» sodiqliklarini bildirib, kelgusida muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazishga kelishib olgan.

Uchrashuvda AQSh davlat kotibi Marko Rubio Kiyev va Yevropadagi ittifoqchilarga Trampning tinchlik rejasini taqdim etishi kutilayotgandi. Ammo Rubio Zelenskiy «Ukraina Qrim okkupatsiyasini yuridik jihatdan tan olmasligini» aytganidan keyin muzokarada ishtirok etishdan bosh tortdi.

Mavzuga oid